Sud tizimi xodimlarining bayram kunlarida navbatchilikka qo‘yilishi aholi talablarini to‘laroq qondirish, kelayotgan shikoyatlarni tezroq o‘rganish maqsadida tashkil etilgan.
Bu haqda Oliy Sud matbuot xizmati sudlov tizimi xodimlarining SizdanTelegram ruknida e’lon qilingan shikoyati yuzasidan Ozodlikka javob berayotib bildirdi.
26 avgust kuni Ozodlikning SizdanTelegram sahifasida sudlov tizimi xodimlarining “Sud tizimi vakillari mehnat qonunchiligiga zid ravishda navbatchilikka jalb etilmoqda” sarlavhasi ostidagi shikoyati chop etilgan edi.
Unda Oliy sud raisi Kozimjon Komilovning 31 avgustdan 3 sentabrga qadar sud binolarida sudya va xodimlarning navbatchiligini tashkil etish haqidagi 5 avgust kungi buyrug‘i va bunday navbatchiliklar har bayram arafasida joriy etilayotgani aytilgandi.
Shikoyatchi sudya yordamchisi: Bayramlarni yaqinlarimiz bilan o‘tkazgimiz keladi!
Shikoyat chop etilganidan so‘ng Ozodlik uni yozganlardan biri, Toshkent shahridagi sudlardan birida ishlaydigan sudya yordamchisi tizimda navbatchiliklar qay tarzda o‘tkazilishini aytib berdi:
- Navbatchilikka turish 2014 yil, 5 dekabrda Konstitutsiya bayrami munosabati bilan boshlangan edi. Har bayramdan 2-3 kun oldin boshlanib, bayramning ertasi kuni tugaydi. Bayram kunlari navbatchilikda kechayu kunduz turamiz. Ayrim hollarda bir sutka idorada faks va telefon oldida o‘tiramiz mixlanib!
Jazolanishdan qo‘rqib ismi ochiqlanishini istamagan sudya yordamchisining aytishicha, ba’zi tumanlarda bir sudya, bir sudya yordamchisi, bir arxivarius ishlaydi. Tartibga ko‘ra, navbatchilikda 4 soatdan turish kerak.
- Demak, bir xodim 1 kecha-kunduzda 2 martadan navbatchilikda turar ekanda?! 3 xodim 4 soatdan 12 soat, 24 soat ichida 2 marta navbatchilik qiladimi? Bu navbatchilikdan mantiq qani? - dedi shikoyatchi.
Toshkentlik sudya yordamchisining aytishicha, sud xodimlari 1,2 - 1,4 million so‘m oylik maosh oladi. Bayram kunlari navbatchilik uchun esa, haq to‘lanmaydi.
- Natijada farzandlar tarbiyasiga vaqt qolmayapti. Biz ham odamlarga o‘xshab yashagimiz, bayramlarni yaqinlarimiz bilan o‘tkazgimiz keladi! - dedi sudьya yordamchisi.
Uning fikricha, xodimlarni navbatchilikka qo‘yishning alternativasi bor:
- Buning o‘rniga barcha mamlakatlardagi kabi telefon oldiga doimiy navbatchi qo‘yilsin, tumanlardan kelib tushgan murojaatlar va qamoqqa olish sanksiyalari navbatchi sudyalar tomonidan ko‘rib chiqilsin.
Oliy sud matbuot xizmati rahbari: Xodimlarning bayram kuni ishlagan soatlari hisobiga “otgul” olishga haqqi bor!
Ozodlik sud xodimlarining shikoyati yuzasidan Oliy sudga murojaat qildi va rasmiy javob oldi.
Savollarga telefon orqali javob bergan Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov bunday arzlar bilan sud xodimlari bevosita idoraning o‘ziga murojaat qilishlari mumkinligini bildirib, dedi:
- Birinchidan, bu savollar bilan sizlarga murojaat qilganlardan men Oliy sud raisi va uning o‘rinbosarlariga bemalol murojaat qilishlarini so‘rardim. Sizlarga navbatchilik masalasida murojaat qilishganini ko‘rdik. “1 avgustdan 3 sentabrga qadar sud binolarida sudya va xodimlarning navbatchiligini tashkil etish haqida buyruq chiqdi”, deyilyapti. Men tushuntirib bersam: har bir xodim yoki sudya darhaqiqat navbatchilikka keladi. Navbatchilik har bir kishi uchun 4 soat bo‘ladi! Bu degani u bir yoki uch kunlab navbatchilikda qolmaydi. 4 soat o‘tgandan keyin boshqa xodim keladi.
Aziz Obidovga ko‘ra, bunday navbatchilik ko‘plab boshqa mamlakatlarda ham joriy qilingan.
Obidovning aytishicha, soat 9 dan 6 gacha qilib belgilangan ish kunidan tashqari har shanbada sudlarda “ochiq eshiklar” tadbiri o‘tkaziladi va bunday kunlarda murojaatchilarning shikoyat va arizalari qabul qilinadi:
- Lekin fuqarolar bayram kunlari ham kelib qolishi mumkin! Albatta, bu bayram kunlari 50-60 odam kelib turadi, degani emas. Lekin Toshkentga uzoqdan kelib qoladiganlar bo‘ladi! Shu sababli bayram kunlari bizning sudya va xodim 3 soat atrofida navbatda turadi. Lekin eng asosiysi – shuni ta’kidlashingizni so‘rayman! – 4 soat navbatda turgan sudya yoki sud xodimi o‘ziga qulay bo‘lgan paytda haq to‘lanadigan ish kunining xohlagan paytida bayram kuni ishlagan soatlari hisobiga “otgul” olishga haqqi bor!- dedi Aziz Obidov.
Matbuot kotibi Oliy Sudda ishlayotgan har bir xodimning navbatchiligi “har bayramdamas, yilda bir keladi”, dedi.
Oliy sud vakili bu qoida buyruqda aks ettirilgani va u Mehnat kodeksi va prezident farmonlariga zid emasligini ma’lum qildi.
Aziz Obidov doimiy navbatchilik joriy etish to‘g‘risida xodimlar kiritgan takliflarga ham alohida to‘xtalib, bu masalani Oliy Sud rahbariyati yig‘ilishlari muhokamasiga olib chiqishini aytdi.
- Bu gaplarda jon bor! Aytilgan faktlarni albatta inobatga olib, rahbariyatga yetkazaman, - deya va’da berdi O‘zbekiston Oliy Sudi matbuot xizmati rahbari Aziz Obidov.