Moskva kasalxonasiga burni qonab yotqizilgan o‘zbekistonlik bo‘lg‘usi vrach 7 kundan beri komada qolmoqda

20 avgustda burnidan qon kelgani uchun Moskva shifoxonalaridan biriga olib kelingan samarqandlik 22 yashar talaba O‘lmasxon Bahronov, ko‘p o‘tmay, oddiy palatadan reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan va komaga tushib qolgan.

O‘lmas yotgan kasalxona vrachlari uning ahvoli to‘g‘risida Ozodlikka ma’lumot berishdan bosh tortdi.

O‘lmasning onasi, vrach Hilola Shukurulloyevaning aytishicha, o‘g‘li kasalxona vrachlari tayinlagan noto‘g‘ri preparatlar oqibatida komaga tushgan.

Moskvadagi Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN) Tibbiyot institutining 4 kursiga o‘qishga o‘tgan 21 yoshli samarqandlik O‘lmasxon Bahronov 20 avgustda Rossiya poytaxti 67-sonli kasalxonasi LOR bo‘limiga yotqizildi.

Yaqinlarining so‘zlaricha, O‘lmasxonning burnidan qon kelgan va u tez tibbiy yordam xizmati yordamida shifoxonaga olib kelingan.

O‘zbekistonlik talabaning onasi Hilola Shukurulloyeva tuzalib qolgan va javob berilishi kerak bo‘lgan o‘g‘li psixiatr vrach buyrug‘i bilan 27 avgust kuni birdan reanimatsiyaga o‘tkazilganini aytdi:

- Ertasi kuni javob beramiz deganida, biroz boshi og‘rib qolgan. Chaqirtirilgan nevropatolog “Sen psixicheskiy kasal, qulog‘ingga har narsalar eshitiladi, senda shizofreniya boshlanayapti”, deb reanimatsiyaga yotqizgan. Qo‘llarini bog‘lab “Sen narkotik iste’mol qilasanmi? Ertaga tekshiramiz unda”, deya Galoperidol preparatini tayinlab ketgan. Uni hamshira qilgan, ammo bolamning yuragi 5 soatdan keyin to‘xtab qolgan.

Biroq talaba yuragini qayta ishga tushirgan shifokorlar uning miyasi faoliyati to‘xtaganini yaqinlariga ma’lum qilgan.

Hilola Shukurulloyeva bu hodisalarni unga O‘lmas bilan palatada o‘sha kunlarda birga bo‘lgan kursdoshi Vera aytib berganini bildirdi. Vera vrach O‘lmasdan tibbiy sug‘urta polisini talab qilgani, aks holda uni qabul qilmasliklarini aytishganini ma’lum qilgan.

“O‘lmas sug‘urta polisini ko‘rsatib, unga tibbiy yordam ko‘rsatishlarini talab qilganidan keyin alohida xonaga o‘tkazilgan va qarashni boshlashgan” deya Veraning so‘zlarini keltirdi Hilola Shukurulloyeva.

O‘lmasning ahvolida, onasining aytishicha, o‘zgarish yo‘q:

- Ana endi 7 sutka komada. O‘zgarish yo‘q. “Sababini bilmaymiz!”, deyishayapti. Biz ertasi kuni Samarqanddan yetib keldik, bular esa “Miyasi o‘lgan – yashaydimi-yashamaydimi, Xudoning o‘zi biladi” deyishdi.​

Vrach Hilola Shukurulloyevaning aytishicha, o‘g‘li O‘lmas burnida bundan bir necha oy oldin plastik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan edi. "O‘lmasning ahvoli yomonlashishiga vrach Andrey Pavlov Galoperidol antipsixotik preparati tayinlangani sabab bo‘lgan" dedi vrach ona.

-​ Burnida qiyshiqlik bor edi. Nafasni osonlashtirish uchun oddiy operatsiya qilgan edik. Men aytyapman - Galoperidol yurakni to‘xtatib qo‘yadi, jigarini o‘ldiradi. Bular esa “Bolang serrotik holatda kelib tushgan”, deyapti. Bo‘lmagan gap! O‘sha preparat intoksikatsiya bergan. O‘ldirgan bolani! Vera uni reanimatsiyaga yotqizishga qarshi bo‘lgan, lekin uni palatadan chiqarib yuborishgan.

Og‘ir ahvolda qolayotgan O‘lmas Bahronovning ota-onasi farzandining bu holatga tushishiga vrachlarning loqaydligi va befarqligi sabab bo‘lganini iddao qilmoqda.

Moskva shahar 67-sonli shahar klinik shifoxonasida o‘zbekistonlik talaba yigitga preparat tayinlagan Somatopsixiatriya bo‘limi boshlig‘i Andrey Pavlov Ozodlik savollariga javob bera olmasligi, zero shu kunlarda u ta’tilga chiqib ketganini bildirishdi.

Klinikaning Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘i Bahronovning komaga tushishi sabablari borasida faqat yaqinlariga ma’lumot berishi mumkinligini aytdi.

- U birinchi reanimatsiya bo‘limida qolmoqda. Ahvoli juda og‘ir – harorati 37,4. Bizga u 20 avgust kelgan edi. Komaga tushganidan beri holati o‘zgarishsiz.

Behush holatda qolayotgan o‘zbekistonlik talabaning yaqinlari Rossiya va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirliklari va Bosh prokuraturalariga bu masala yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat qilgani aytildi.

Ozodlik bilan gaplashgan yigitning otasi Bohodir Bahronov o‘g‘lini ko‘rishga O‘zbekiston konsulligidan ham vakil yetib kelgani va vaziyat elchixona nazoratiga olinganini qo‘shimcha qildi.

Aniqlanishicha, O‘lmas Bahronov shifoxonaga tez yordam mashinasida olib kelingan va uni talabalarga beriladigan tibbiy sug‘urta polisi asosida qabul qilishgan.

Ozodlik sug‘urtasi bo‘lmagan o‘zbekistonliklarning Rossiya shifoxonalarida qabul qilinmasligi holatlari borasida ko‘p marotaba xabar bergan edi.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbari Inom Majidovga ko‘ra, Rossiyada O‘zbekistondan kelib, tahsil olayotgan talabalar soni yil sayin ko‘paymoqda va hozirga kelib ularning umumiy soni 25 mingdan oshgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yilga qadar O‘zbekistondagi oliygohlar talabalari soni 18 foizga ko‘paytirish rejalanganini bildirgan edi.