Hunarmandlar festivaliga safarbar qilingan IIB xodimi avariyada halok bo‘ldi

Qo‘qon shahrida o‘tayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tumanidan safarbar qilingan IIB xodimi, leytenant Ravshanbek Toshtemirov 13 sentabr, ertalab soat 7 larda avtomobil halokatiga uchradi. U 14 sentabrda dafn etildi.

Farg‘ona shahar IIB zobiti va Ozodlikning mobil muxbiridan olingan bu ma’lumotni Qo‘shtepa tuman IIB shaxsiy tarkib xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i yordamchisi tasdiqladi.

Qo‘shtepadagi Ozodlik mobil muxbirining aytishicha¸ marhum leytenant Ravshanbek Toshtemirov Qo‘shtepa tuman IIB probatsiya guruhi (sudlanganlar bilan ishlaydigan guruh) inspektori bo‘lib ishlagan. Marhum 14 sentabr kuni dafn qilingan.

Farg‘ona shahar IIB mayor unvonidagi zobitiga ko‘ra, avtoavariyaga uchragan mashinada uch kishi bo‘lgan:

“Har uchalasi ham Qo‘shtepa tuman IIB xodimlari. Rulda leytenant A. I. bo‘lgan. U yengil jaroxat olgan. Orqa o‘rindiqda Qo‘shtepa IIB uchastka inspektori, leytenant D. G‘. o‘tirgan. U hozir Qo‘shtepa tuman kasalxonasi jonlantirish bo‘limida. Oldingi o‘rindiqda o‘tirgan Ravshanbek Toshtemirov voqea joyida jon berdi”.

Marhumdan oq ko‘ylak kiyish talab qilingan edi

Qo‘qondagi Hunarmandlar festivalini yoritish asnosida voqeadan xabar topgan mahalliy jurnalistning Ozodlikka aytishicha, qo‘shtepalik IIB xodimlari boshqa tumanlardan safarbar qilingan IIB xodimlari bilan birga 5 kundan beri festivalda ishlagan:

- Ular kuniga 12-14 soatdan ishlashdi. Dekoratsiyalarni montaj qilish¸ obodonlashtirish kabi ishlarda ham oddiy safdorlar bor edi. 12 sentyabrь kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov yig‘ilish o‘tkazib, har bir IIB xodimi 14 sentabr - Festival ochilishida yuvinib, taranib oq kuylakda bo‘lishni talab qildi. Farg‘ona viloyat IIB rahbari Rahmat Mamadov reyd o‘tkazib kiyimi uniqqanlarni uyiga yubordi. Qo‘shtepalik uch xodim uyiga yuvinib kelishga borayotib avariyaga uchradi.

Farg‘ona shahar IIBning mayor unvonidagi zobiti hodisaga yanada aniqlik kiritdi:

“Bu uch xodim yuvinib¸ parad libosini kiyib kelish uchun 12 sentabr kechqurun Qo‘qondan Uchtepaga kelishgan. Ertasiga ertalab soat yettida mashinada uxlab qolib avariyaga uchrashdi. Besh kundan beri kam uxlaganlikning oqibati bu”.

O‘zini "Qo‘shtepa tuman IIB shaxsiy tarkib xavfsizligi bo‘limi boshlig‘i Kamol Omonovning yordamchisiman" deb tanishtirgan mulozim¸ leytenant Ravshanbek Toshtemirov avariyada olamdan o‘tganini tasdiqladi.

Mulozimga ko‘ra, "festivalga yuborilgan xodimlar ruxsat so‘ramay, to‘yga ketgan" va ulardan bu haqda tushuntirish olingan.

Kamol Omonovning yordamchisiga ko‘ra, voqea yuzasidan ichki surishtiruv o‘tkazilgan ammo yo‘l-transport hodisasi qayd qilinmagan.

Farg‘ona shahar IIB mayor unvonidagi zobitining Ozodlikka aytishicha¸ viloyat hokimi "IIB xodimining o‘limi matbuotga chiqib ketsa, festival obro‘siga zarar yetadi" deb shaxsiy tarkibni ogohlantirgan:

- Bu narsa nafsoniyatimizga tegdi. IIB xodimlarini o‘n soatlab mardikorday ishlatgan hokim o‘lgan militsiya xodimi oilasiga ta’ziya bildirish o‘rniga bayramga soya solmasin, deb bekitib o‘tiribdi.

Ozodlik voqea yuzasidan O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Qutbiddin Burhonovga murojaat qildi. Burhonov IIB xodimi o‘limi bilan bog‘liq masalani o‘rganib keyin javob berishga va’da berish bilan cheklandi.

Oddiy IIB xodimlari belgilangan 8 soat o‘rniga 10 soatlab haftada 7 kun ishlatilib kelgani hamda vazifa doirasiga kirmaydigan ishlarni qilishga majburlangani haqida Ozodlikka shikoyat qilishgan edi.

Farg‘ona viloyati IIB post-patrul xizmatining 90 xodimi uyidan 100 km uzoqqa ishga jo‘natilganidan norozi bo‘lishgan edi.

Qo‘qonda o‘tkazilayotgan Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik ishlariga byudjet tashkilotlari xodimlaridan tortib to o‘quvchi qizlargacha majburan jalb etilgani haqida Ozodlik yozgan edi.

Ishdan haydalish tahdidi bilan Qo‘qonga yuborilayotgan yuzlab oliy ma’lumotli iqtisodchi va moliyachi¸ bankir va yurist festival o‘tadigan hududdagi binolar fasadini bo‘yab¸ suvsiz ko‘chalarga gul ekib¸ ko‘cha tozalaganidan noroziligini bildirgan edi.

Prezident qarori bilan shu kunlarda Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda Farg‘ona viloyat hokimligi tomonidan Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazilmoqda.