Qirg‘izistonda Qodirjon Botirovning musodara qilingan mulki ustidagi janjal davom etmoqda

Qirg‘izistondagi o‘zbek milliy madaniy markazining sobiq liderlaridan biri, yirik tadbirkor Qodirjon Botirov.

Qirg‘iziston hukumati 2010 yilgi O‘sh voqealarini uyushtirganlikda ayblagani ortidan vatanini tark etishga majbur bo‘lgan tadbirkor Qodirjon Botirovning mulklari yana mahalliy hukumat va bu mulklarni ijaraga olgan tadbirkorlar o‘rtasida janjalga sabab bo‘ldi.

Qodirjon Botirovning Jaloloboddagi mulklarini boshqarish “Eldik” davlat tashkilotiga topshirilgan edi. Bu tashkilot Botirovning mulklarini boshqa tadbirkorlarga ijaraga bergan. Biroq bugungi kunda ularni majburiyatlarini bajarmayotgan ijarachilardan qaytara olmay, ular bilan sudlashmoqda.

- Ijara haqini to‘lamaymiz deb va’da berishgan, biroq davlatga 18 million so‘m atrofida mablag‘ to‘lanmayapti. Sudlarda ham bu ishlarni ko‘rib chiqish uzoqib ketayapti. Qirg‘iziston prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekovga bu masalada murojaat ham qildik, sudlar hech qanday sabablarsiz ortga surilmoqda, -dedi “Eldik” davlat tashkiloti rahbari Aleksey Apiyev.

Unga ko‘ra, Qodirjon Botirov qurdirgan Jaloloboddagi “Xalqlar do‘stligi” universiteti uch yil avval “Nur bilim ordo‘su” jamiyatiga ijaraga berilgan. Ammo bu jamiyat ijara haqini to‘lashdan bosh tortib kelmoqda. Botirjon Qodirovga qarashli bo‘lgan bolalar bog‘chasi esa ularga berilganidan so‘ng qarovsiz qolgan.

“Eldik" tashkiloti Qodirjon Botirovga mansub bo‘lgan va davlat tomonidan musodara qilingan 23ta va sobiq prezident Qurmonbek Bakiyevga mansub bitta mulkni boshqaradi. Bu ob’ektlarni ijaraga olganlardan olti nafarigina o‘z majburiyatlarini bajarmoqda.

“Eldik” bilan sudlashayotganlarning biri Jalolobod JBI zavodi rahbari Baqit Bo‘ro‘shev ishga tushirilgan korxonaga egalik qilmoqchi bo‘lganlar paydo bo‘layotganini aytadi.

- Biz zavodni ishga tushirish uchun qancha million pul yotqizdik. Endi hozir “Eldik” “Ijara muddatinglar tugadi”, -deyapti. Biz esa “chiqmaymiz”, deyapmiz. Negaki ko‘chmas mulkka tegishli barcha masalalar faqat sud orqali hal qilinadi. Ishxona ishlab, gullab, foyda berayotganidan keyin bu ishxonaga qiziquvchilar ham ko‘payib qolar ekan, - dedi Baqit Bo‘ro‘shev.

Mahalliy faol va huquq himoyachisi Anarbay O‘ro‘zov Botirovga tegishli bo‘lgan mulklar avvaldan talon-toroj qilinib kelayotganini aytadi.

-O‘z davrida Qodirjon bu ishxonalardan katta foyda ko‘rgan. Nega endi bugun ular kasod bo‘laveradi? Buning sababi korrupsiyadir. 2011 yili Qodirjon Botirov mulklari hibs qilingan. O‘shanda xohlagan odam ularni o‘zboshimchalik bilan egallab olavergan. Viloyat sudi ham binolardan biriga noqonuniy kirib olgan. Ikki g‘isht zavodi ham xonavayron qilindi, xalqqa ham, davlatga ham foydasi tegmadi, - dedi O‘ro‘zov.

Shu yilning may oyida parlament deputatlari Qodirjon Botirovning davlat musodara qilgan mulklarini boshqaruvchi “Eldik” tashkiloti tuzilganidan beri davlatga bir tiyin ham foyda keltirmaganini tanqid qilgan edi.

Qirg‘iz hukumati Qodirjon Botirovni 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida sodir etilgan etnik to‘qnashuvlarning tashkilotchilaridan biri sifatida ayblab, sirtdan umrbod qamoq jazosiga mahkum etgan.

Qirg‘izistondagi o‘zbek milliy madaniy markazining sobiq liderlaridan biri, yirik tadbirkor Qodirjon Botirov 2018 yilning 4 dekabrida Ukrainaning Odessa shahrida 62 yoshida vafot etgan. U 8 dekabr kuni Toshkent viloyatining Zangiota qabristoniga dafn etilgan.

Botirov hayotlik chog‘ida qirg‘iz hukumati tomonidan o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni inkor qilib kelgan.