Tramp Zelenskiy bilan muloqotining janjalga sabab bo‘lgan jihatini ochiqladi

Volodimir Zelenskiy va Donald Tramp

AQSh prezidenti Donald Tramp iyulda Ukraina prezidentiga qo‘ng‘iroq qilganida sobiq AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden haqida gaplashganini tasdiqladi. Ayni paytda o‘sha qo‘ng‘iroq ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar buzilishiga tahdid qilayotgan siyosiy mojaroni keltirib chiqardi.

Tramp 22 sentabrda Volodimir Zelenskiyga 25 iyuldagi qo‘ng‘irog‘i vaqtida, biz odamlarning vitse-prezident Bayden va uning o‘g‘li kabi Ukrainadagi korrupsiyaga aralashib qolishini istamaymiz, deb aytganini gapirib berdi.

Bayden Demokratlar partiyasidan 2020 yilgi prezident saylovida respublikachi Trampga raqib bo‘lishga intilayotgan nomzodlardan biridir.

“The Wall Street Journal” 20 sentabrda xabar qilishicha, Tramp o‘sha qo‘ng‘irog‘i vaqtida Zelenskiydan 8 marta Baydenning Ukrainadagi faoliyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan. Bu esa Kongressdagi demokratlar o‘rtasida Trampning xatti-harakatlarini majburlashga teng deb baholasa bo‘ladimi-yo‘qmi masala ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

AQSh Vakillar palatasining razvedka masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi, demokrat Adam Shiff 20 sentyabrda surishtiruv chog‘ida Tramp ukrainalik hamkasbiga Bayden ishini tergov qilish borasida bosim o‘tkazgani aniqlansa, impichmentdan o‘zga yo‘l qolmasligini aytdi.

‒ Agar prezident biror chet mamlakat rahbariga harbiy yordam berishni to‘xtatish bilan tahdid qilib, yana uni noqonuniy ish qilishga undab, qo‘rqitmoqchi va muxolifiga prezident saylovi kampaniyasi vaqtida loy chaplamoqchi bo‘lsa, u holda bunday xatti-harakatga teng yagona chora ko‘rish kerak bo‘ladi, ‒ dedi demokrat Shiff Si-En-En telekanalining “Mamlakatdagi holat” dasturidagi chiqishida.

Hanter Bayden

Janjalning ildizi 2014 yilga borib taqaladi. O‘shanda Baydenning o‘g‘li Hanter Ukrainaning faoliyati tergov qilinayotgan “Burisma” gaz kompaniyasi boshqaruv kengashiga a’zo bo‘lgan edi.

Vitse-prezident bo‘lgan paytida Ukrainani nazorat qilgan Bayden rasmiy Kievdan bosh prokuror Viktor Shoxinni korrupsiyaga qarshi kurashni eplay olmagani uchun bo‘shatishni talab qilgan.

Trampning shaxsiy yuristi Rudi Juliani endi Baydenni “Burisma” kompaniyaciga qarshi tergovni to‘xtatish uchun Shorxinni bo‘shatib yuborganlikda ayblamoqda hamda Ukrainani Baydenga qarshi tergov boshlashga majburlashga harakat qilmoqda.

Ukraina OAV xabar berishicha, Shoxin ishdan bo‘shatilayotgan payt “Burisma” kompaniyasiga qarshi hech qanday ochiq tergov boshlamagan.

Bayden 21 sentabrda “Amerika xalqi o‘zi xulosa chiqarishi uchun” Trampdan o‘sha telefon orqali suhbat stenogrammasini “zudlik bilan” e’lon qilishni talab etdi.

Tramp o‘sha qo‘ng‘iroq “asosan tabrik ruhida” bo‘lganini tavsiflab, shunday qilishni o‘ylab ko‘rayotganini aytdi.

− Men bu ishni jon-jon deb qilaman, lekin siz bunday qilishdan bir oz uyalishingiz kerak, − dedi u jurnalistlar bilan suhbatda.

Harbiy yordam

Vakillar palatasi qo‘mitalari Trampning Zelenskiy ma’muriyati Bayden bilan o‘g‘liga qarshi tergov boshlamasa, AQShning 250 million dollarlik harbiy yordamini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilgani xususida OAV xabarlari yuzasidan surishtiruv o‘tkazmoqda.

Yordam iyul oyidagi qo‘ng‘iroqdan bir necha hafta oldin to‘xtatib qo‘yilgan edi, biroq Oq Uy o‘tgan haftada o‘sha yordamni ko‘rsatishini aytdi.

Yordam, asosan, Rossiyaga ko‘maklashayotgan bo‘lginchilarga qarshi besh yildan oshiq vaqtdan beri davom etayotgan urushda qatnashayotgan Ukraina qo‘shinlarini tayyorlashni va jihozlar bilan ta’minlashni nazarda tutadi. O‘sha urushda 13 mingdan oshiq qishi qurbon bo‘ldi, Sharqiy Ukrainaning katta bo‘lagi ayirmachilar qo‘liga o‘tdi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Vadim Pristayko 21 sentabrda telefon qo‘ng‘irog‘i vaqtida Tramp Zelenskiyga bosim o‘tkazganini inkor qildi.

− Suhbat nima haqida bo‘lganidan xabarim bor, lekin bosim bo‘lgani yo‘q, deb hisoblayman, − degan Pristayko “Hromadske” nashriga bergan intervyusida. – Suhbat uzoq davom etdi, ba’zan jiddiy javoblarni talab qiladigan ko‘plab masalalarni qamrab oldi.

Zelenskiy devoni haligacha biror izoh bermadi.

Barak Obamaning prezidentligi vaqtida AQShning Rossiyadagi elchisi bo‘lgan Maykl MakFol MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Trampning xatti-harakatlari, qonuniy yoki noqonuniyligidan qat’i nazar, tarixning sinovlarga to‘la vaqtida Ukrainaga “yomon signal yo‘llayotgani”ni aytdi.

– Tashqi siyosatni bunaqa yuritish kerak emas, – dedi u.