Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati - Azattiq tasvirchisi Aybek Kulchumanovning O‘sh shahrida kaltaklangani va uning ish qurollari bo‘lgan texnik vositalar tortib olingani qirg‘iz jamoatchiligida katta noroziliklarga sabab bo‘ldi.
30 sentabr kuni parlament spikerining o‘rinbosari Aida Kasimaliyeva Ichki ishlar vazirligini bu voqeani diqqat va xolis tergov qilishga chaqirdi.
«Mediani rivojlantirish markazi», «Jurnalistlar» kabi qator jamoat tashkilotlari, huquq faollari, ijtimoiy tarmoqlarning minglab foydalanuvchilari Aybek Kulchumanovga qilingan hujumni «qirg‘iz jurnalistikasiga qarshi urush ochish», «so‘z erkinligiga qilingan hujum» sifatida baholadilar.
Ozod Yevropa-Ozodlik radiosi (RFE/RL) prezidenti Jeymi Flay 29 sentabr kuni Tvitter sahifasida Aybek Kulchumanovga qilingan hujumni qoraladi va qirg‘iz hukumatini tezkor tergov o‘tkazishga chaqirdi.
28 sentabr kuni Azattiq radiosi Bishkek byurosi xodimi bo‘lgan Aybek Kulchumanov O‘sh shahrida tasvirga olish ishlarini olib borayotganida unga noma’lum shaxslar hujum qilgan.
Ular «Rayimbek Matraimovning uyini suratga olishga senga kim buyruq berdi, ayt», degan talab bilan tasvirchini kaltaklashgan. Shundan so‘ng tasvirchining ish qurollari bo‘lgan va Azattiq radiosiga tegishli 1,5 million so‘m, ya’ni taqriban 21 ming dollarlik texnik vositalarni olib qo‘yishgan.
Davlat bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov xalq orasida Rayim million degan nom bilan mashhur bo‘lgan.
Azattiq radiosi 29 mayda Rayimbek Matraimov korrupsiyaga aralashganligi va mamlakatdan yuzlab million dollar pullarni noqonuniy ravishda olib chiqib ketgani to‘g‘risidagi jurnalistik surishtiruvni e’lon qilgan edi.
So‘nggi xabarlarga qaraganda Aybek Kulchumanovning beli lat yegan, uning miyasi chayqalgani gumon qilinmoqda. Tasvirchi ayni paytda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
O‘sh shahar militsiyasi matbuot kotibi Zamir Sidikov 28 sentabr kuni kechqurun Azattiq xodimi Aybek Kulchumanovni kaltaklaganlikda gumonlangan to‘rt shaxs militsiyaga advokati hamrohligida o‘z ixtiyorlari bilan kelgani va texnik vositalarni qaytarib berganini bildirgan. Hozirda bu texnika dalil-isbot sifatida tergov ishi doirasida vaqtincha militsiyada saqlanmoqda.
Zamir Sidikov tasvirchini kaltaklaganlar unga qarshi ariza yozganlarini ham ta’kidladi. Biroq hozircha arizaning mazmun-mohiyati haqida Azattiq radiosi ma’lumotga ega emas.