Global miqyosda gumanitar yordam berish asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, ortib bormoqda, bugungi kunda shunday yordam olishga muhtoj deb hisoblanadigan kishilar soni 200 milliondan oshiq.
O‘tgan yili mamlakatlar yordam so‘rab qilgan murojaatlarining 61 foizi qondirildi, ammo moliyaviy taqchillik 11 milliard AQSh dollari bo‘ldi. Bu haqda Global Humanitarian Assistance tashkilotining joriy oyda e’lon qilingan yillik hisobotida ma’lum qilindi.
Uchta eng yirik donor mamlakat – AQSh, Germaniya va Buyuk Britaniya to‘lanishi kerak bo‘lgan a’zolik badallari miqdorini kamaytirdi. Hisobotni chop etgan Development Initiatives xalqaro rivojlanish tashkiloti bu hol davom etmasligiga umid bildirdi.
− Biz ushbu uchta yirik donor mamlakatning pozitsiyasini yaqindan kuzatib borishimiz va bu davom etayotgan tamoyil emasligiga ishonch hosil qilishimiz kerak, − dedi Development Initiatives tashkilotining tadqiqot va tahlil masalalari bo‘yicha direktori Den Koppard.
AQShning gumanitar yordam uchun ajratadigan xarajati o‘tgan yili 6 foiz yoki 423 million dollar qisqardi, Germaniya bilan Britaniya esa 2017 yilga nisbatan 11 foiz kam mablag‘ ajratdi.
Shunga qaramasdan, 2018 yilda jami ko‘rsatilgan gumanitar yordam hajmi 28,9 milliard dollar bo‘ldi, ammo ularning hammasi ham mamlakatlarning iltimosini qondirishi uchun yo‘naltirilgani yo‘q.
Mamlakatlar o‘tgan yili 28, 3 milliard dollarlik misli ko‘rilmagan yordam so‘radi.
80,6 million aholisi bor 6 ta mamlakatda odamlar urush, yashab turgan joyidan ko‘chish va tabiiy ofatlar oqibatida xonavayron bo‘ldi.
Urush vayron qilgan Yaman bilan Suriyada ehtiyojmand odamlar soni nihoyatda ko‘p.
“Ayni damda davriy, cho‘zilib ketgan va murakkab bo‘hronlar manzarasi aholining eng qashshoq qatlamlari sho‘rini quritmoqda, siyosiy va ekologik jihatdan mo‘rt vaziyat qashshoqlikni yanada oshiradi”, deyiladi hisobotda.
Urush, qurg‘oqchilik va oziq-ovqat xavfsizligi choralarining yo‘qligi Afg‘onistondagi 10 million kishiga daxl qildi. O‘tgan yili Kobul so‘ragan 560 dollarlik yordamning 78 foizi yetkazib berildi.
Moskva dastaklayotgan bo‘lginchilarga qarshi Ukraina sharqida oltinchi yil davom etayotgan urush oqibatida 3,5 million kishi gumanitar yordamga o‘ta ehtiyojmand bo‘lib qoldi, Kiev so‘ragan 187 million dollarlik yordamning esa faqat 39 foizigina berildi, xolos.
Mojarolardan zarar ko‘rgan Pokiston ham 123 millon dollar so‘ragan edi, ammo tang ahvolda qolgan 3,2 million kishi uchun so‘ralgan yordamning 62 foizini oldi.
Yashab turgan joyidan majburiy ko‘chish hollari yettinchi yil izchil o‘sib, 2018 yilda 70,8 million kishiga yetdi va bu o‘tgan yilga nisbatan 3 foiz ko‘pdir.
Surunkali mojarolar Suriya, Yaman, Afg‘oniston va Ukrainada ushbu hodisaning asosiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib qolmoqda.