Xorazm hokimi sholi o‘rishga chiqqan kombaynlarni “qamoq”qa olishni buyurdi

Шоли майдони

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov 28 sentabr kuni o‘tkazgan selektor yig‘ilishida faqat paxta rejasini bajargan fermerlargagina sholisini o‘rishga ruxsat berilishini bildirdi.

Selektorda qatnashgan fermerlarning aytishicha, hokim buyrug‘i ortidan mahalliy rahbarlar uchastka nozirlari bilan birga dalama-dala yurib, sholi o‘rayotgan kombaynlarni MTP (mashina-traktor parki)lar olib borib qamab qo‘ymoqda.

Viloyat hokimligi mulozimi Ozodlik bilan gaplashishdan bosh tortdi.

Yangibozor tumani hokimi kombaynlarni “qamoq”qa olish haqida topshiriq bo‘lmaganini aytdi.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan shovotlik fermerlardan biri o‘zi bevosita qatnashgan selektor yig‘ilishida pishib etilgan sholini o‘rishga shaxsan viloyat hokimi taqiq qo‘yganini bildirdi.

28 avgust kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida esa hokim Farhod Ermanov paxta planini bajarmasang bittang ham sholini o‘rmaysan, dedi


“Viloyat hokimi bahorda sholini ektirmay hammani sarson qilgan edi. Fermerlar Bosh vazirga shikoyat qilganidan keyin ruxsat bergan edi. 28 sentabr kuni o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida hokim Farhod Ermanov paxta planini bajarmasang¸ bittang ham sholini o‘rmaysan, dedi. Sholi o‘rayotgan kombaynlarni qamashni buyurdi. Paxta ekmagan tomorqachilar ham sholisini o‘rolmay turibdi. Yetilgan sholi vaqtida o‘rib olinmasa, yomg‘irga qolib ketadi, hosil to‘kilib, nobud bo‘ladi”.

Ayni yig‘ilishda qatnashgan yangibozorlik fermer viloyat hokimining og‘zaki topshirig‘i ertasi kundan amalga osha boshlaganini tasdiqladi.​


“29 sentabr kuni bizning tumandagi Uyg‘ur qishloq degan joyda bir fermer sholisiga kombayn solgan edi¸ militsiya xodimlari borib o‘rimni to‘xtatdi, kombaynni esa MTPga olib kelib qamab qo‘ydi. Hozir dalaga chiqqan har bitta kombaynni qamashga buyruq bergan. Paxta terimi endi boshlandi, bu hali kamida ikki oy davom etadi. U paytgacha qoru yomg‘ir yog‘sa sholidan hech narsa qolmaydi. Dehqonga erkinlik bersin, paxtamizni ham teraylik, sholimizni ham o‘raylik. Biz sholi deb, paxtani tashlab qo‘yganimiz yo‘qku, paxtani ham o‘zimiz ekkanmizku, o‘zimizning mehnatku”.

Xorazm viloyati hokimi qabulxonasi mulozimi Ozodlikdan qo‘ng‘iroq bo‘layotganini bilganidan so‘ng, o‘zini eshitmaganga solib, aloqani uzib qo‘ydi va u bilan qayta bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Yangibozor tumani hokimi O‘ktam Masharipov fermerlar iddaosini inkor qilar ekan, hali sholi pishmaganini aytdi:

“Menda unday informatsiya yo‘q. Bu yil sholilarimiz sal kechkiroq, o‘zi hali pishgani yo‘q. Agar shunday holat bo‘lgan bo‘lsa, sizga murojaat qilgan fermer mening oldimga kelsin yoki telefon qilsin. Telefonim 24 soat ishlaydi. Men hech kimga unday topshiriq bergan emasman, viloyat hokimidan ham bunday topshiriq bo‘lgani yo‘q”.

O‘zbekiston ichki bozorini guruch bilan ta’minlaydigan sholining asosiy qismi Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda yetishtiriladi.

Shovotlik fermerning aytishicha, sholi paxtachilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlarni moliyaviy qo‘llab turuvchi ekindir.

"Bizning zax va sho‘r yerlarimizda paxta unchalik yaxshi bo‘lmaydi. Bunga juda ko‘p mehnat va xarajat ketadi. Masalan, bu yil bir gektar yerni 500 ming so‘mdan bir million so‘mgacha yagana qildirib, choptirdik. Bankdan zo‘rg‘a oladigan ish haqimiz esa bunga urpoq ham bo‘lmaydi. Sholidan oladigan daromadimizni deyarli hammasini paxtaga sarflaymiz. Sholisi bor odam paxta eka olmadi, bo‘lmasa yo‘q. Shu paxtaning o‘rniga hamma yerga shartnoma asosida sholi ektirsa¸ davlat ham dehqon ham katta foyda ko‘rgan bo‘lardi".

Xorazmda sholi pishganda, kombaynlarni "qamoq"qa olish tadbiri bu yil birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Bosh vaziri bo‘lgan paytda ham fermerlarning sholisini tortib olish holatlari ko‘p sodir bo‘lgan.

Jumladan, 2015 yili Qoraqalpog‘istonda davlatdan qarzdor bo‘lib qolgan fermer xo‘jaliklariga qarashli yerlardagi sholi hosilini garovga olish hukumatning “Oybolta” amaliyoti doirasida amalga oshirilgan edi.

2018 yil oktabr oyida Shovot tumanida sholi o‘rayotgan kombaynlarning ichki ishlar xodimlari tomonidan "arest" qilingani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

Joriy yil may oyida esa xorazmlik fermerlar hokim buyrug‘i bilan tuman prokurori o‘zlaridan sholi ekmaslik haqida majburiy tilxat yozdirib olayotganini bildirgan edi.