OzodDayjest: O‘zbekistonda qancha odam Green Card orqali “surish” kayfiyatida ekani o‘rganildi

Illyustrativ surat.

O‘zbekistonda qancha odam xorijga ketish kayfiyatida ekani taxmin qilindi. Qashqadaryoda ichki ishlar inspektori pora bilan ushlandi. Bemorlarga yig‘ilgan xayriya pullarini o‘margan jinoyatchi fosh etildi.

_____________________________________________________________

O‘zbekistonda Green Card orqali AQShga ketish orzusida bo‘lgan o‘qimishlilar safi kengaymoqda


Green Card mavsumi boshlanishi munosabati bilan aholining nisbatan “jiddiy”, ziyoli qatlamini qamrab olgan Telegram kanallarida so‘rovnomalar tashkil etdi (www.daryo.uz, 6 oktabr). Qayd etilishicha, aholining nisbatan o‘qimishli qismi yig‘ilgan kanallardagi 30-40 foiz foydalanuvchi samolyot chiptasini qo‘liga tutqazgudek bo‘lsangiz, ertagayoq jo‘nab ketish kayfiyatida. So‘rovnomalarda jami 11 269 kishi ishtirok etgan va respondentlarning 4393 nafari, ya’ni 39 foizi doimiy yoki ilk marotaba Green Card o‘yiniga ishtirok etayotganini bildirgan.

Har yili dunyo bo‘yicha 100-125 ming kishi Green Card yutib, AQShda doimiy yashash va ishlash huquqini qo‘lga kiritadi. Ma’lumotlarga qaraganda, 2019 yili 4500 ga yaqin O‘zbekiston vatandoshi lotereya g‘olibi bo‘lgan.

200 ming so‘m pora olgan ichki ishlar inspektori 3 yilga kesildi


Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani IIB profilaktika inspektori poraxo‘rlik uchun mahkamaga tortildi (“Huquq”, 10 oktabr). Ismi oshkor etilmagan inspektor janjal holati bo‘yicha voqea joyiga chaqirilgan. Mast holda bezorilik qilgan yigitga ma’muriy bayonnoma tuzishi kerak bo‘lgani holda, u haqiqiy holatni yashirgan. Huquqbuzar yigitdan ish ochmaslik evaziga 200 ming so‘m pul berish yoki choyxonadagi qarzini to‘lab kelishni talab qilgan. Qayd etilishicha, profilatika inspektori talab qilingan summani olayotgan paytda ushlangan. Sud hukmiga ko‘ra, u 3 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Og‘ir ahvoldagi bemorlarga yig‘ilgan xayriya pullarini o‘margan jinoyatchi qo‘lga olindi


Og‘ir ahvoldagi bemorlarga yig‘ilgan xayriya pullarini o‘margan jinoyatchi fosh qilindi (“Postda”, 9 oktabr). Ismi oshkor etilmagan yigit Youtube kanali orqali plastik kartadan pul o‘zlashtirish yo‘llarini o‘rgangach, xayriya kanallari orqali pul yig‘ayotgan bemorlarga qo‘ng‘iroq qilib, aldov yo‘li bilan ularning kartasi parolini qo‘lga kiritgan. So‘ng webmoney.uz kanali orqali bemorlar plastik kartasidan juda katta miqdordagi mablag‘ni o‘z elektron hamyoniga o‘tkazib olgan. IIV nashri fuqarolarni kiberjinoyatchilardan ehtiyot bo‘lish, plastik karta kodini begonalardan sir tutishga chaqirgan.