Dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiyaga qarshi sanksiya joriy qilib, Anqarani Suriya shimolidagi harbiy amaliyotini to‘xtatishga chaqirdi.
O‘tgan haftada Tramp Suriya shimolidan AQSh harbiylarini olib chiqib ketishni buyurgan edi. Tanqidchilar prezident bu harakati bilan Turkiyaga o‘z amaliyotini boshlash uchun yo‘l ochib berganini aytmoqda.
AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens:
- Amerika Qo‘shma Shtatlari Turkiyaning Suriyaga yurishiga boshqa qarab tura olmaydi. Turkiyani amaliyotni bekor qilib, zo‘ravonlikni to‘xtatishga hamda muzokara olib borishga qaytishga chorlaymiz, - dedi.
Prezident Tramp esa Turkiyadan import qilinuvchi po‘lat uchun tariflarni qayta joriy qilish rejasini e’lon qildi hamda 100 milliard dollar qiymatga ega savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilganini bildirdi.
Namoyandalar palatasi raisi Nensi Pelosi Trampning bu choralari yetarli emasligini ta’kidladi.
Turkiya Suriya demokratik kuchlari (SDF) tarkibida yetakchi mavqega ega kurdlarning Xalqni himoya qilish harbiy bo‘linmalarini (YPG) yo‘q qilishni istaydi. YPG kuchlari Suriyada “Islom davlati” jangarilariga qarshi kurashda AQShga ko‘maklashib kelayotgan edi.
Anqara YPG guruhini Turkiyadagi kurd isyonchilarga aloqador terror guruhi deb hisoblaydi
Rossiya dastaklab kelayotgan Suriya qo‘shinlari esa AQSh hududdan o‘z harbiylarini olib chiqib ketishini e’lon qilishi ortidan kurdlar boshqaruvidagi hududga yurish boshladi.
Natijada Vashington bunga qadar qo‘llab kelgan kurdlar hukumat kuchlaridan Turkiya amaliyotiga kurashda ko‘maklashishga yordam so‘rashga majbur bo‘ldi.
Suriya armiyasi mamlakat shimoliga safarbar qilingani prezident Bashar Asad hamda uning hamkori Rossiya uchun muhim yutuqdir, chunki ular bugunga qadar o‘z boshqaruvida bo‘lmagan hududlarga kirib borishga muvaffaq bo‘ldi.
Endilikda Suriya kuchlari yuzlab kilometrga cho‘ziluvchi front bo‘ylab Turkiya kuchlari bilan to‘qnashadi.
Suriya matbuoti mamlakat armiyasi kurdlar boshqarib kelgan Manbij shahriga kirib borganini xabar qildi. Avvalroq Suriya harbiylari strategik Tel Tamer shahriga kirib borgan edi.
Yakshanba kuni Vashington Suriya shimolidan 1000 nafar harbiysini olib chiqib ketishini e’lon qilgan edi. Amerika harbiylari Suriya kurdlariga 2014 yildan beri “Islom davlati” jangarilariga qarshi kurashda yordamlashib kelayotgan bo‘lgan.
Tramp oz sonli AQSh askarlari janubiy Suriyada joylashgan Tanf shahrida qolishini bildirdi. Ammo bu harbiylar mamlakatning boshqa hududlarida amalga oshiriladigan amaliyotlarda qatnashmaydi.
Ikki nafar AQSh rasmiysi Suriya shimolidan AQSh harbiylarini olib chiqib ketish bir necha kunda o‘z yakuniga etishini aytdi.
Tramp ma’muriyati Amerika qo‘shinlarining hududdan olib chiqib ketilgani Turkiya amaliyotini boshlab yuborganini rad etmoqda.
2014 yildan beri “Islom davlati” jangarilariga qarshi kurashda minglab kurd jangchisi halok bo‘lgan.
Kurdlar AQSh hududdan chiqib keta boshlaganidan keyin, Suriya armiyasi hamda Rossiyadan yordam so‘rashga majbur bo‘lishganini aytishmoqda.
Endilikda kurdlarning qismati qanday kechishi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Suriyada 2011 yildan beri davom etayotgan urush oqibatida kurdlar Suriya shimoli-sharqida o‘zlari uchun avtonom hududni qo‘lga kiritgan edi. Asad esa o‘z hukumati Suriyaning barcha hududlarini qayta boshqaruvga olishni istaydi.
Tramp AQShni Yaqin Sharqning “bitmas-tuganmas” urushlari qa’ridan olib chiqib ketish istagida ekanligini izhor qilgan.
Bu orada Turkiya prezidenti Rajap Toyyib Erdo'g‘on:
- Tahdidlarga e’tibor bermasdan, amaliyotni oxirigacha davom ettiramiz, - dedi.
- Kurashimiz g‘alaba qozongunimizcha davom etadi, - deya qo‘shimcha qildi prezident.
Turkiya Mudofaa vaziriligi amaliyot boshlanganidan beri 560 jangari “neytrallashtirilganini” bildirdi. Avvalroq Erdo'g‘on 500 nafar jangari o‘ldirilganini aytgan edi.