AQSh Kongressining Vakillar palatasida prezident Donald Trampga nisbatan impichment tergovi doirasida tinglovlar boshlandi. Tinglov televidenie orqali namoyish etilmoqda.
Tinglovning birinchi kunida AQShning Ukrainadagi elchisi Uilyam Teylor va AQSh davlat kotibining Yevropa va Yevrosiyo bo‘yicha o‘rinbosari yordamchisi Jorj Kent ko‘rsatma berdi.
Uilyam Teylorning aytishicha, AQShning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Gordon Sondlend “Donald Tramp ko‘proq o‘z siyosiy raqiblarini tergov qilishdan manfaatdor”, deb hisoblashini aytgan.
Teylorga ko‘ra, Ukrainaga kelgan Sondlend elchixona telefoni orqali 26 iyul kuni Tramp bilan suhbatlashgan. Bu suhbat davomida Tramp Sondlenddan Baydenga nisbatan tergov qanday ketayotgani bilan qiziqqan. Bu suhbatga elchixonaning bir xodimi guvoh bo‘lgan. U Sondlenddan “Tramp Ukraina haqida qanday fikrda?” deb so‘raganida, Sonlend unga: “AQSh prezidentini ko‘proq Baydenlarning tergov qilinishi qiziqtiradi”, deb javob bergan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Besh soat davom etgan dastlabki tinglov respublikachilar va demokratlar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Demokratik partiya vakili Adam Shiff joriy va keyingi hafta mobaynida davom etadigan tinglovda AQShning boshqa nufuzli amaldorlari ko‘rsatmalar berishini aytdi. Unga ko‘ra, tinglovda “xorij davlatlari Trampga siyosiy yordam berish maqsadida tergov o‘tkazish bo‘yicha xizmatlarini taklif qilganmi va bu xizmat lavozimidan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish hisoblanadimi”, degan savollarga javob topilishi lozim.
Respublikachi Devin Nunyes esa o‘z chiqishida tinglovni “demokratlar tomonidan teatrlashtirilgan tomosha”, deb tanqid qildi. Unga ko‘ra, prezident Tramp Ukraina yangi prezidentidan sobiq vitse-prezident Jo Baydenga nisbatan tergov o‘tkazishni iltimos qilganida hech qanday qonunlarni buzmagan.
AQSh Kongressining demokrat a’zolari Trampni joriy yilning iyulida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon muloqoti davomida uni 2020 yilgi prezident saylovida asosiy raqibi bo‘lishi kutilayotgan demokrat Jo Bayden va uning o‘g‘lini tergov qilishga undaganlikda ayblamoqda.
Tergovdan maqsad Tramp o‘z harakatlari bilan impichmentga sabab bo‘ladigan qonunbuzarliklarga qo‘l urganmi-yo‘qligini aniqlashdir.
Avvalroq Teylor yopiq eshiklar ortida bergan ko‘rsatmalarida Tramp ma’muriyati Ukraina bo‘yicha tashqi siyosatida alternativ kanallardan foydalanganini "nojo‘ya" harakatlar deya ta’riflagan.
Demokratlar aybloviga ko‘ra, Tramp Zelenskiy ota-o‘g‘il Baydenlarni tergov qilish talabini bajarmasa, Ukrainaga va’da qilingan harbiy yordam to‘xtatib qo‘yilishini aytib, tahdid solgan.
Teylor Ukrainaga va’da qilingan yordamni siyosiy tergovlar evaziga to‘xtatib qo‘yish "ahmoqlik" ekanligini ta’kidlagan.