Tojikistonda 13 noyabrda boshlangan O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlarda taniqli o‘zbek qo‘shiqchilari Sherali Jo‘rayev¸ G‘ulomjon Yoqubov va Og‘abek Sobirovlar kuylashdi.
Delegatsiya tarkibida Tojikistonga borgan O‘zbekiston madaniyat vazirligi matbuot xzimati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva Ozodlik bilan suhbatda "ikki xalqni madaniyat va san’at birlashtirganini" mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Suhbatdoshga ko‘ra¸ O‘zbekiston delegatsiyasini Tojikiston Madaniyat vaziri Shamsiddin Orumbekzoda kutib olgan.
Tojikiston milliy kutubxonasida o‘tkazilgan uchrashuvda o‘zbekistonlik balet va opera ustalarini Tojikistonga jalb qilish istiqbollari ham muhokama qilingan.
Ozodlik muxbirining xabar berishicha¸ kutubxonadagi uchrashuvga kelgan mehmonlar O‘zbekiston telekanallari vositasida o‘zbek kino va konsertlarini muntazam tomosha qilishini aytishgan.
13 noyabr kuni Tojikiston Respublikasi Dang‘ara shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi karnay-surnay sadolari ostida iliq kutib olingan.
Shu kuni Ozodlik muxbiriga ko‘ra Dang‘ara shahri tarixida ilk marotaba “Qasri Faxrang” madaniyat saroyida o‘zbek san’atkorlari konsert berdi.
14 noyabr kuni Dushanbedagi Sadriddin Ayniy nomidagi opera va balet teatrida o‘zbekistonlik va tojikistonlik san’atkorlar ishtirokida «Shomi do‘stiy» ("Do‘stlik kechasi") nomli gala konsert bo‘lib o‘tdi.
Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ O‘zbekiston madaniyat kunlari o‘tayotgan Dang‘ara hamda Dushanba shahri ko‘chalari «Xush kelibsiz» va “Xush omaded” degan shiorlar bilan bezatilgan.