Shu yilning yanvarida Rossiyaning Nijnevartovsk shahrida bankni o‘yinchoq pistolet bilan urmoqchi bo‘lgan 24 yashar o‘zbekistonlik mehnat muhojiri sudning 20 noyabrdagi qarori bilan 8 yilu 10 oylik qamoq jazosiga mahkum etildi.
Nijnevartovsk prokuraturasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik bu yigit o‘z bosqinchiligini ishga joylashish uchun pul zarur bo‘lgani bilan izohlagan.
Nijnevartovsk shahar sudi hukmi bilan O‘zbekiston fuqarosi, 24 yashar yigit umrining 8 yilu 10 oyini qattiq rejimli koloniyada o‘tkazadi.
Joriy yilning 20 noyabr kuni shahar sudi chiqargan hukmga ko‘ra, bu yigit Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 162- moddasi, 4- qismi “b” bandi (O‘ta katta miqdorda sodir etilgan bosqinchilik hujumi) bilan aybdor deb topilgan.
Jinoyat qidiruv ishlarini olib borgan Yugra politsiyasi boshqarmasiga ko‘ra, hodisa 2019 yilning yanvarida Nijnevartovskning Chapayev ko‘chasida joylashgan “Alfa-bank”da sodir bo‘lgan.
- 26 yanvar kuni bank bo‘limiga boshi sharf bilan o‘ralgan, orqasida ryukzagi bor qora kiyimdagi shaxs kirib, xodimlardan pul talab qilgan. Uning qo‘lida pistoletga o‘xshagan narsa bo‘lgan. U bir necha marta “Pul qani?”, deb so‘ragan, - dedi XMAO-Yugra Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Olga Abmaykina.
Biroq, bank xodimasi jinoyatchiga pul saqlanadigan xonaga kirishga bu yerdagilardan hech kimning ruxsati yo‘qligini bildirgach, u bankdan chiqib ketgan.
Sudga ayblov xulosasini taqdim etgan Xanti-Mansiysk muxtor okrugi-Yugra prokuraturasining Ozodlikka bergan tushuntirishiga qaraganda, o‘sha kuni kassada 3 million rubl, 12,5 ming AQSh dollari va 13 ming yevro miqdorida pul bo‘lgan.
- U bankdan chiqib ketganidan keyin to‘g‘ri uyiga borgan. Olib borilgan jinoyat-qidiruv amaliyoti natijasida u ijarada turgan kvartirasida politsiya xodimlari tomonidan hibsga olingan. Jinoyatchi 24 yoshda, O‘zbekiston grajdanligiga ega ekani, Xanti-Mansiysk muxtor okrugining Nijnevartovsk shahrida yosh bolasi va xotini bilan birmuncha vaqtdan beri yashab kelgani aniqlangan, dedi Ozodlik savollariga javob bergan Darya Zoricheva, okrug prokurori katta yordamchisi.
Prokuratura xodimasi sud qarori hozircha kuchga kirmagani bois o‘zbekistonlikning ismini oshkor etmaslikni so‘radi.
Bu jinoyatga qo‘l urishi sabablariga to‘xtalar ekan, Darya Zoricheva U. ismli bu muhojir yigit pulga juda muhtoj bo‘lib qolgani bois bank o‘marmoqchi bo‘lganini sud mahalida bildirganini aytdi.
- Sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, unga atigi 50 ming zarur bo‘lgan ekan. U mahalliy oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi kompaniyaga vaqtinchalik ishga joylashgani ma’lum bo‘ldi. Sudda u pul unga O‘zbekistonga ketishga kerak bo‘lgani, bir necha kun oldin ishga joylashgani va sanitar kitobchasini tayyorlash uchun, boshqa masalalar uchun mablag‘ zarur bo‘lganini aytgan. Sud bu vajlarni jiddiy qabul qilmadi, ammo sud hukmida u jinoyatga “pul mablag‘i yetishmasligi, moddiy qiyinchilik” tufayli qo‘l urganini qayd etdi, - dedi prokuratura vakilasi.
Darya Zoricheva o‘zbek muhojiri sudda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘ldi va noilojlikdan bankka o‘yinchoq pistolet ko‘tarib borganini tasdiqladi, dedi.