Kun.uz "siyqasi chiqib ketgan "Milliy g‘oya" iborasi haqida animatsion film chiqardi

Rassom Elsevar chizgan karikatura (fragment)

27 noyabrda kun.uz sayti yangi, «KUN ANIMATION» ijtimoiy multfilmlar loyihasining birinchi qismini e’lon qildi. 3 daqiqa, 7 soniyalik videosyujet mualliflari "Milliy g‘oya" tushunchasini tushunish-tushuntirishga harakat qiladi.

Vazirlar Mahkamasi 27 noyabrda Milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risidagi qarori loyihasini muhokama uchun e’lon qilgan edi.

Hukumat qaror loyihasi matnida milliy g‘oyasi nimaligini tushuntirar ekan, bunday yozgan:

"Milliy g‘oya barcha zamonlarda ham dolzarb ahamiyat kasb etadigan, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, jamiyat a’zolarining ezgu orzu-intilishlari, tub manfaatlarini o‘zida aks ettiradigan va shu yo‘lda birlashtiradigan, safarbar etadigan, muttasil rivojlanib boradigan eng muhim tushuncha va tamoyillar tizimidir", deyilgan qaror loyihasida.

Kun.uz o‘zining "Milliy g‘oya" tushunchasi to‘g‘risidagi filmiga yozgan so‘zboshisida quyidagi fikr bor:

"Milliy g‘oya shunday bir narsaki, garchi u moddiy bir narsa bo‘lmasa ham "tog‘larni qulatadi". Aynan milliy g‘oyasini biroz bo‘lsa-da to‘g‘ri qo‘ya olgan millatlar hozirda boshqalardan – milliy g‘oyasini belgilay olmagan yoxud g‘oya kerakligini anglamay gangib yurgan xalqlardan o‘zib ketishgan. Zero, millat o‘z oldiga qo‘ygan to‘g‘ri milliy g‘oya bu – xalqning ichki zaxirasini yuzaga chiqaradigan "sehrli" formula, ichki kuchlarni harakatga keltiruvchi "detonator".

Kun.uzchilar ba’zi so‘zlar ongsiz ravishda ko‘p iste’mol qilinaverganidan o‘z ma’nosini yo‘qotib qo‘yganini eslatar ekan, "Bir qarashda so‘z bor, ammo ma’nosini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz. "Xaloyiq, ma’no qani?!" deb hayqirgingiz keladi" deb yozgan.

Film mualliflari fikricha, "Milliy g‘oya" iborasi ham ma’nosi kunduzi chiroq yoqib ham topilmaydigan iboradir.

"Bu ibora ko‘p aytiladi, ammo ongimizga, qalbimizga yelchalik ta’sir etolmaydi. Aksincha ensamizni qotiradi. Shuni aytish kerakki, tushunchalarning siyqasini chiqarib, ma’nosidan judo qilish bu –ma’naviy diversiya, buzg‘unchilikdir" deyilgan Kunning matnida.

Kun.uzning animatsion filmi: