O‘zbekiston¸ hatto poytaxt Toshkent ham gaz va elektr taqchilligini boshdan kechirayotgan 28 noyabr kuni Bosh vazir Abdulla Aripov “o‘ta shoshilinch” videoselektor yig‘ilishi chaqirdi.
Mazkur majlisda mamlakatdagi barcha vazirlik va qo‘mita rahbarlaridan tortib¸ tijorat banklarining tumanlardagi bo‘lim rahbarlariga qadar qatnashishi shart qilib belgilandi.
Bosh vazir raislik qiladigan yig‘ilish kun tartibidagi birinchi masala¸ “joylarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan turli sohadagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” bo‘lsa¸ ikkinchisi tabiiy gaz¸ elektr energiyasi va ichimlik suvi bo‘yicha mavjud debitorlik qarzini qisqartirishdir.
Ozodlikka ”o‘ta shoshilinch” yig‘ilishga chaqiruv nusxasini yuborgan hukumat mulozimi¸ poytaxtda jonli efir paytida chiroq o‘chib¸ metro stansiyalari svetsiz qolayotgan bir paytda¸ kechqurungi 9 ga bunday majlis chaqirishni “absurd” deb atadi.
“Prezident soat 17 dan keyin majlis o‘tkazmanglar¸ degan. Bilasiz¸ hozirgi kunlarda aksar hududlarda isitishga gaz¸ yoritishga svet yo‘q. Benzin ham¸ metan gaz ham muammo. Shunday sharoitda bugun har bir rayonda o‘nlab odam tunda¸ sovuq va qorong‘uda tuman markaziga kelib¸ bu yerdagi studiyada o‘tirib¸ majlisda qatnashishi kerak. Xo‘sh¸ bunaqa majlisidan keyin joylarda gaz va svet paydo bo‘lib qoladimi¸ zapravkalardagi kilometrlarga cho‘zilgan navbatlar yo‘qoladimi? Saylovlargacha biror ChP chiqmasligi uchun xalqni tinchlantirib turish choralarini gapirishadi bugun aftidan”¸ dedi tungi videoselektorda qatnashishi buyurilgan hukumat mulozimlaridan biri.
Ozodlik gaplashgan hukumatdagi mulozimlardan biri¸ 28 noyabr kungi yig‘ilishda energetika sektori uchun mas’ullardan ayrimlarining ishdan olinishi kutilayotganini bildirdi.
"Aftidan Siddiqov ("O‘zbekneftgaz" boshqaruvi raisi") ketadi. Lekin bu sektorni rasvo qilgan Alisher Sultonov ketsa yaxshiroq bo‘lardi"¸ dedi shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim.
Havo harorati -15 darajagacha tushib ketgan O‘zbekistonda ayni kunlarda aholi ko‘tarayotgan asosiy masala tabiiy gaz¸ elektr va yonilg‘i taqchilligidir. Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ qator viloyatlarda yonilg‘isiz qolgan aholi norozilik sifatida yo‘llarni to‘smoqda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Tabiiy gaz taqsimotidagi uzilishlar¸ uylarni isitishning xavfsizlik qoidalariga to‘g‘ri keladigan tizimi yo‘qligi oqibatida gazdan¸ xususan¸ is gazidan zaharlanib o‘layotganlar soni hali haqiqiy qish boshlanmay turib¸ oshib bormoqda.
Odatda energetik bo‘hron nisbatan chetlab o‘tadigan poytaxt Toshkentda ham aholi va biznes muassasalari joriy haftadan tabiiy gaz va elektr taqchilligini his qila boshladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Jumladan¸ 27 noyabr kuni Toshkent metrosining “G‘afur G‘ulom", "Alisher Navoiy", "O‘zbekiston" kabi eng gavjum bekatlarida chiroq o‘chib qoldi.
Ayni shu kuni Markaziy saylov komissiyasining Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi Xalqaro matbuot markazida tashkil etgan saylov debati jonli efir paytida svet yo‘qligidan uzilib qoldi.
Viloyatlarda strategik jihatdan muhim hisoblanmagan bisnes tizimlar¸ xususan¸ umumiy ovqatlanish shoxobchalariga 1 aprelga qadar tabiiy gaz ta’minotidan uzilish haqidagi ogohlantirish tarqatilmoqda.