Nukus tumanidagi Shortanboy qishlog‘i aholisi gaz yo‘qligiga norozilik bildirib yo‘l to‘sdi (VIDEO)

Shortanbay ovulida yo‘l to‘sgan odamlar (videodan skrinshot)

Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida yashovchi 70ga yaqin odam tabiiy gaz berilmay qo‘yilganiga norozilik bildirib, avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Bu voqea to‘g‘risidagi video 27 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi.

Nukus tuman hokimi A.Seytaxov va tuman prokurori Sh. Allambergenov norozilar bilan voqea joyida uchrashgan. Qishloq aholisining ko‘mirga bo‘lgan talabi o‘rganib chiqilib, shu kunning o‘zida 116 tonna ko‘mir yetkazilgan.

«Hozirgi vaqtda mazkur hududga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilmoqda. Lekin, qishloq aholisi ko‘mir sifati past ekanligini ta’kidlab, ko‘mir sotib olishdan bosh tortgan va hududni tabiiy gaz bilan ta’minlab berishni talab qilgan», deyiladi O‘zA xabarida.

Xabarda aytilishicha, “O‘ztransgaz” shirkatining“Qaraqalpaqstangaz” filiali boshlig‘i X.Aymanov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.Temirxanov norozi aholi bilan uchrashib, tabiiy gaz yetishmovchiligi sabablarini va bu norozilik namoyishlari qonunga zid ekanligini tushuntirdi.

Rasmiylarga ko‘ra, qishloqqa gaz yetkazib beruvchi 16 kilometr quvur yaroqsiz holatga kelgan va yuqori bosimdagi gazga bardosh bera olmaydi. Mazkur quvur yangisiga almashtirilganidan keyingina qishloq yana gaz ta’minotiga bosqichma-bosqich ulanadi.

Bugungi kunda hududdagi 1541 xonadondan 420tasi yordamga muhtoj oilalar ekani aniqlangan va ularning har biriga 500 kilodan ko‘mir, 2 donadan gaz ballonlari va 10 arava quruq o‘tin bepul berilgan.

O‘zbekistonda kuz-qish mavsumida elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar tez-tez kuzatiladi.

27 noyabr kuni Sirdaryo viloyat, Sirdaryo tuman markazidagi Ohunboboev mahallasi hududida 50 dan ziyod haydovchi AYoQShlarda metan gazi yo‘qligidan norozilik bildirib, Guliston-Toshkent yo‘lini to‘sib qo‘ygan edi.

Avvalroq Ozodlik radiosi Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahridagi o‘nlab restoran va kafe egalariga 1 aprelga qadar tabiiy gaz tarmog‘idan uzilish haqidagi ogohlantirish xati tarqatilgani haqida xabar bergandi.

Ozodlik radiosiga bu borada gapirgan mutaxassislardan biri¸ “muammoning birinchi ildizi¸ O‘zbekistonda ichki ehtiyojni qoplaydigan darajadagi tabiiy gazning yo‘qligi bo‘lsa¸ ikkinchisi¸ gaz quvurlarining avariya holatida ekani bilan bog‘liq”, deb aytgan edi.