O‘zbekistonning turli hududlaridan Ozodlikka kelayotgan xabarlarga qaraganda, korxona va tashkilotlarda majburiy obuna taqiqlanganiga qaramay, tuman hokimlari qo‘l ostidagi xodimlarni bunga majburlamoqda.
Samarqand viloyatining Urgut tumanidan, Toshkent viloyatining Nurafshon shahridan, Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanidan, Namangan viloyatining Pop tumanidan, Surxondaryo viloyatining Angor tumanidan kelgan xabarlarda fermerlar, o‘qituvchi va shifokorlar, boshqa byudjet tashkilotlari xodimlari o‘zlari bilmagan nashrlarga obuna bo‘lishga majburlanayotgani aytilgan.
Rasmiylar esa obuna majburiy ekanligini inkor qilmoqda.
Toshkent viloyatining Nurafshon shahridagi tashkilotlardan birining ismi sir qolishini so‘ragan rahbari, shahar hokimi barcha tashkilotlarni majburiy obuna qildirayotganini Ozodlikka yozdi:
“28 noyabr kuni ertalab soat 7.30da Nurafshon hokimi shahardagi barcha tashkilotlar rahbarlarini yig‘ib, hamma tashkilotga gazeta va jurnal obunasi bo‘yicha reja qo‘ydi. Asosan e’tibor “Mash’al”(shahar), "Toshkent haqiqati" (viloyat) va “Xalq so‘zi” hukumat gazetasiga bo‘lyapti. Yana boshqa nashrlar ham bor. Yana hokimning gapini qarang, obuna majburiy emasmishu, lekin har hafta yakunida qaysi tashkilot qancha obuna bo‘lgani haqida hisobot berarkan. Bu nimasi, majburiy obuna qilmaslik haqida Bosh vazirdan tortib agentlik rahbarigacha aytadiyu, hokimlar eski hammomu, eski tos”.
Nurafshon shahar hokimining yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sirojiddin Nosirov obuna kampaniyasining majburiy ekanligini inkor qildi:
- Biz hech kimga majburiy obuna bo‘lasan deb aytmaganmiz. Tavsiya sifatida “Mash’al”, “Toshkent haqiqati”, “Xalq so‘zi” degan gazetalar bor. Mana gazetaga borib, shartnoma olib, obuna bo‘lishlaring mumkin degan tavsiya majlislarda berilgan bo‘lsa kerak. Majburiy degan narsa yo‘q va bunga tuzilgan reja ham yo‘q”.
Ayni paytda, Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi tadbirkorlardan biri, tuman hokimining Telegram kanalidagi majburiy obunaga oid topshirig‘i skrinshoti va davriy nashrlarga obuna uyushtirish yuzasidan hokimlikning rejasini yubordi.
Urgut Saylov 2019” Telegram guruhida "Mamatjon Turdiyev" deb nomlangan akkaunt egasi (Tuman hokimi ismi Mamatjon Turdiyevdir) bunday deb yozadi:
“Obuna ham deyarli o‘zgarish yo‘q, tashkilot rahbarlari xulosa qilmayapti, qishloq xo‘jaligi bo‘limi buxgalteriya, fermerlar bilan ishlasin”.
Xabarning davomida hokim obuna qilish mas’uliyati yuklangan Sherzod ismli mulozimga boshqa tashkilotlar ham obunani tezlatishi haqida ilmoqli gap yozadi:
“Qolgan tashkilotlarga Sherzod, mening salomimni yetkaz”.
2010 yil davriy nashrlar obunasi rejasida esa, tuman hokimining o‘rinbosarlariga “Xalq so‘zi”, “Narodnaya gazeta”, “Zarafshon”, “Samarkandskiy vestnik”, “Ovozi Samarqand”, “Urgut sadosi”, “Nuroniy”, “Keksalik gashti”, “Jamiyat” gazetalariga obuna uyushtirishga mas’ul qilib qo‘yilgan.
Ismi sir qolishini so‘ragan tuman tashkilotlaridan birida ishlaydigan mutaxassisning aytishicha, har bir tashkilotga qanchadan nashrga obuna bo‘lish hokimlik tomonidan belgilangan:
“Masalan, hokimning birinchi o‘rinbosariga 1832ta gazetaga obuna qildirish yuklangan. Yana bir o‘rinbosar esa 3278ta obuna qildirishi kerak. Shunaqa qilib jami 8 mingdan ortiq gazetalarga majburiy obuna qildirish kerak. Bu ishning boshida tuman hokimining o‘zi turibdi".
Tuman hokimligining xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zamira Murtazoyevaning aytishicha, tashkilotlar o‘z xohishi bilan obuna bo‘lmoqda:
- Obuna majburiy deb hech kim aytmagan. Qaysi tashkilot bo‘lsa o‘z xohish-istagi bo‘yicha ariza bergan va shunga ko‘ra obuna bo‘lgan. Dunyoda bo‘layotgan siyosiy jarayonlardan xabardor bo‘lib turish uchun obuna bo‘lyapmiz. Lekin majburiy emas.
Farg‘ona viloyat, Qo‘shtepa tumanidagi maktablardan birida ishlaydigan, ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchi ham barcha maktablarda majburiy obuna davom etayotganini aytdi:
“Maktab direktorimiz tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirining buyrug‘ini ko‘rsatdi. Sinf rahbarlariga 150 ming, o‘qituvchilarga 80 ming, o‘quvchilarga 6-8 ming so‘mdan majburiy obuna kelyapti ekan. Ariza yozasizlar, oylikdan olib qoladi, deyapti. Qariyb o‘n yildan buyon maktabda ishlayman. Har yili shuncha pul olib qolishadiyu, lekin qo‘limizga biror marta gazeta kelib tushgan emas. Nimaga obuna bo‘lganimizni ham bilmaymiz. Avval qanday bo‘lsa, shunday davom etyapti. O‘zgarish bo‘ldi, majburiy obuna yo‘qoldi deyishgani puch gap”.
O‘qituvchi Qo‘shtepa tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Orif Dehqonovning buyrug‘i va maktablarga majburiy obuna bo‘lish rejasi suratini ham yubordi.
Qo‘shtepa tuman hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimi bunday gaplardan xabari yo‘qligini aytdi
Ozodlikka Surxondaryo viloyat, Angor tumanidagi sog‘liqni saqlash boshqarmasi xodimlari va Namangan viloyat, Pop tumani fermerlari ham majburiy obuna qildirilayotgani haqida shikoyat qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 17 iyul kuni o‘tkazilgan umumiy o‘rta ta’lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda o‘qituvchilarning turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligi ta’kidlagan edi.
"O‘qituvchi maqomi to‘g‘risida"gi qonun loyihasining 12-moddasida "O‘qituvchilarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish qonun bilan man etiladi", deb yozilgan.