O‘zbekistonda “qo‘sh sohil bulbuli” Otajon Xudoyshukurov tavalludi nishonlanmoqda

Otajon Xudoyshukurov

O‘zbekiston¸ Qoraqalpog‘iston¸ Tatariston va Turkmaniston xalq artisti¸ marhum hofiz Otajon Xudoyshukurovning 75 yilligi u tug‘ilgan To‘rtko‘l tumanida 5 dekabr kuni nishonlandi.

Hofizning tavallud kuni munosabati bilan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi "Ona diyor kuychisi" nomli respublika ko‘rik-tanlovini boshladi.

Tanlovda Otajon Xudoyshukurov qo‘shiqlarini ijro qiluvi xonandalar ishtirok etmoqda. Shuningdek, 5 dekabr kuni To‘rtko‘l shaxrida Otajon Xudoyshukurov ijodiga bag‘ishlangan ilmiy -amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Andjumanda hofizning izdoshlari hamda Turkmaniston va Tataristondan (RF) kelgan qo‘shiq muxlislari ishtirok etdi.

To‘rtko‘ldagi xofiz uy muzeyi

Anjuman ishtirokchisi, Otajon Xudoyshukurov haqida kitob muallifi¸ O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, 82 yashar shoir Erkin Madraximov (Oshiq Erkin) Ozodlik bilan suhbatda hofiz bilan bundan 56 yil oldin tanishganini eslab, bunday dedi:

- Men 1965 yili Xorazm televideniyesida Otajon Xudoyshukurov haqidagi bir soatlik ko‘rsatuvga mualliflik qilgan edim. Ko‘rsatuv jonli tarzda olib borildi. O‘shanda Otajon 21 yoshda edi. Hatto ba’zi taniqli qo‘shiqchilarning g‘ayirligi ham kelgandi. Ammo o‘tgan davr bu hofiz borasidagi yuksak umidimizni oqladi¸ Xudoyshukurov 50 yilgina umr ko‘rgan bo‘lsa ham hurmat va e’tirofdan bebahra qolmadi. U hali 9 yoshida ekanida respublika miqyosidagi qo‘shiq tanlovi g‘olibi bo‘ldi. 23 yoshida Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega bo‘ldi. Keyinchalik u O‘zbekiston¸ Turkmaniston¸ Qoraqalpog‘iston va Tatariston xalq artisti unvonlari sohibi bo‘ldi. Hamza nomidagi davlat mukofotiga loyiq ko‘rildi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Erkin Madrahimov bilan suhbat


"U kishi men uchun sevimli ota edi"

Ozodlik muxbiri Otajon Xudoyshukurovaning 38 yashar qizi Indira Xudoyshukurova bilan suhbatlashdi. Ingliz tili muallimasi bo‘lib ishlaydigan Indira Ozodlikka oila albomida saqlanayotgan nodir suratlarni taqdim qildi:

- Men Otajon Xudoyshukurovning qizi ekanimdan g‘ururlanaman. Otam doimiy band bo‘lishiga qaramay, men bilan o‘ynashga¸ suhbatlashishga vaqt topar edi. Otajon Xudoyshukurov barcha uchun ulug‘ hofiz bo‘lsa, men uchun ota edi. Otam¸ otajonim. Men yoshligimda uning mashhurligi va el taniganini uncha bilmasdim. U men doim sog‘inib kutadigan otam edi. U meni velosiped haydashga o‘rgatganini eslayman. U hatto men bilan futbol ham o‘ynar edi. Shunaqa mehribon ota sifatida xotiramda muxrlangan. Uni boshqalardan qizg‘anardim. Uni hamma yaxshi ko‘rar edi. Uyimizdan mehmon arimas edi. Bugun shuncha yil o‘tib ko‘chada meni ko‘rib qolgan odamlar menga qarab sen Indira Xudoyshukurovasan. Esingdami, men sizlarning uyda mehmon bo‘luvdim, deydi. Otamni “Amu to‘lqini” degan ansambl rahbari bo‘lgan paytlarini yaxshi eslayman.

Xofiz¸ rafiqasi va uning qizi Indira (Ilk bora e’lon qilinmoqda)

Opera shiddati bor hofiz

"Agar Otajon Xudoyshukurov Italiyada tug‘ilganida edi¸ Pavarotti kabi opera hofizi bo‘lgan bo‘lar edi"¸ degan fikrni aytgan edi Ozodlik muxbiri bilan suhbatlarning birida xorazmlik rassom va opera san’ati bilimdoni Ikrom Qalandarov.

"Otajon Xudoyshukurov mening yaqin do‘stim edi" deb gap boshladi shoir Omon Matjon - Shaxsan biz ikkimiz juda yaqin do‘st edik. U Toshkentga kelsa¸ men u yoqqa borsam to‘xtovsiz ko‘rishib turar edik.

Bunday fikrni marhum shoir Abdulla Oripov ham Ozodlik muxbiri bilan suhbatda ta’kidlagan edi.

- Otajon Xudoyshukurov bilan do‘st edik. Mening she’rlarimni qo‘shiq qilib kuylar edi. Birinchi muhabbatimni Otajon Xudoyshukurov ijro qilgani menga juda yoqadi. U uyga kelib¸ menga ijro qilib bergan edi. U opera yo‘liga solib aytgan. U ham juda original aytgan¸ - degan edi 2009 yili Ozodlik bilan suhbatda Oripov.

Omon Matjon esa, Ozodlik bilan suhbatda uni opera san’atkori bo‘lishga undaganini eslaydi:

- Men Otajonning o‘ziga “Sen Navoiy teatriga kelib ishlab ko‘rmaysanmi? Ovozing operaga juda ham tushadi” deb aytganman. U menga “E Omon aka, opera san’ati bu juda murakkab. Bizlarning o‘zimizning yo‘limiz bor. Xalq bergan¸ ustozlarimiz duo qilgan. Shu yo‘ldan boraveraylik. E’tiboringiz uchun rahmat” deb qo‘ygan.

Uchinchi daryo

Omon Matjon o‘z do‘sti Otajon Xudoyshukurovga bag‘ishlab she’r ham yozdi.

“Uchinchi daryo” degan bu she’rni Otajon Xudoyshukurov qo‘shiq qilib ham aytgan edi¸ deb eslaydi Omon Matjon.

- Agar eshitgan bo‘lsangiz¸ men unga “Uchinchi daryo” degan she’rni bag‘ishlaganman. Agar xohlasangiz¸ o‘qib beraman.

Gohi men Sirdaryo sayriga borsam¸

Ko‘nglimga keladi qiziq bir tuyg‘u¸

Go‘yo shu yaqin joydan oqib yotganday¸

Sirdaryodan ko‘ra kattaroq bir suv.

Shu holga tushaman Xorazmda ham¸

Buyuk Amudaryo bo‘yida turib¸

Go‘yo Jayhundan ham bahaybat nahr¸

Yaqingina joydan oqar o‘kirib.

Bu nima¸ ko‘rinmas qanday oqim bu¸

Yerdanmi ko‘kdanmi kelar bu sado¸

Nahot tuprog‘imda ko‘zga tashlanmay¸

Oqib yotgan bo‘lsa uchinchi daryo.

Bilmadim meni ko‘p ta’qib etadi¸

Shu sirli aks-sado¸ shu ilohiy un¸

Juda yuksak bo‘lar ruhim shu kezlar¸

Vujudim va menga judayam yaqin.

- Rahmatli Otajon bu she’rni juda yaxshi ko‘rardi. Uyga ko‘p kelib-ketar edi, shuni o‘qib bering¸ deyaverar edi. Yaxshi do‘st edik. Ovozi endi qudratli ovoz¸ - deydi Omon Matjon.

So‘nggi konsert

Otajon Xudoyshukurov 1944 yilning 4 oktabrida To‘rtko‘l shahrida tug‘ildi; 1994 yilning 22 dekabrida olamdan o‘tdi. Xudoyshukorovning so‘nggi kunlarida u bilan birga bo‘lgan jurnalist Ro‘zimboy Xasan Ozodlik bilan suhbatda shu paytgacha kam odam biladigan tafsilotlarni aytib berdi:

- Yuragi xasta Otajon Xudoyshukurov o‘limiga sanoqli kunlar qolganida¸ o‘zining so‘nggi qo‘shig‘ini aytdi. Mahalliy jurnalist Husayn Rahmon hovlisida aytildi bu qo‘shiq.

O‘lmaslaridan 16 kun oldin qo‘shiq aytganlariga guvoh bo‘ldik. Bu oxirgi kasal bo‘lgan uch yilda so‘nggi qo‘shiq aytishi edi. Husayn Rahmon nevarasiga sunnat to‘y qilganida Otajon aka keldi. Qo‘lidan ushlab olib keldilar. O‘shanda Otajon aka “Agar men tirik bo‘lsam¸ shu nevarangni uylantirganingda men qo‘shiq aytaman” degan ekan.

Odam ko‘p edi. "To‘ylar muborak"dan boshladi. “O‘rtanaman¸ yonaman” degan ashulasi bor. Bu qo‘shiq u kishining ahvoliga mos tushdi. Xasta bo‘lgan bo‘lsa ham ovozi o‘zgarmagan ekan. Hamma odamlar yig‘ladi. Husayn Rahmon “Vrachlar ta’qiqlagan bo‘lsa ham shuncha yil aytmay yurib¸ bugun aytdi¸ va’dasida turdi” deb ertasiga sadaqa berdi. Vafotidan ikki hafta oldin edi. Ovozi o‘zgarmagan ekan. Jonli ijro qildi. Musiqasini yonida shogirdlari chalib turishdi. Men o‘sha paytda gazetaga “Daryo yana toshdi” deb yozib chiqdim. Chunki Otajon aka uch yil deganda ashula aytdi. O‘lguncha ovozini yo‘qotmadilar. Jismonan majruh bo‘lsalar ham ovozi shunday qoldi.

Hofizning tori kimga meros qoldi?

O‘zbekistondagi bir necha hofiz Otajon Xudoyshukurov o‘z torini menga qoldirib ketgan¸ degan rivoyatni gapirib yuradi. Xo‘sh¸ Otajonning tori kimga nasib qildi? Bu savolga Otajon Xudoyshukurov hayoti haqidagi kitob muallifi Erkin Madrahimov javob berdi:

- Otajon Xudoyshukurovning tori uning To‘rtko‘ldagi uy muzeyida osilib turibdi. U hech kimga torini bermagan. Otajonning tori falonchida ekan degan gaplar shunchaki afsona. Otajonning torini chala oladigan san’atkor shu kunda yo‘q. Lekin qo‘lidan kelgan qadar Xudoyshukurov asos solgan yo‘ldan borib el ardog‘iga tushganlar bor. Mana aka-uka Eshjonovlar xalq artisti bo‘ldi.

Otajon Xudoyshukurovning 1980 yilda bergan konserti

Otajon Xudoyshukurov bu dunyoda 50 yil umr ko‘rdi. Bu 50 yilning 40 yilida qo‘shiq kuyladi.

Bir paytlar magnit lentalariga muhrlangan ovoz bugun global Internet to‘ridagi portallar vositasida dunyoning turli burchagidagi Otajon aka muxlislariga yetib bormoqda.

Hofizning tavallud kuni munosabati bilan O‘zbekiston Madaniyat vazirligi o‘tkazayotgan "Ona diyor kuychisi" nomli respublika ko‘rik- tanlovi yil oxirigacha davom etadi.