Qashqadaryoda ENTER Engineering shirkati 65 ishchisi zaharlandi

Illyustrativ surat

ENTER Engineering PTE. Ltd shirkatining Qashqadaryodagi qurilishlaridan birida ishlayotgan 65 ishchi zaharlandi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, ishchilar ovqatdan zaharlangan.

Zaharlanganlarning 46 nafari ahvoli yhengil, 19 nafari o‘rtacha ekani, og‘ir ahvoldagi bemorlarning yo‘qligi aytildi.

ENTER Engineering shirkatining G‘uzor tumanidagi UzGTL loyihasi uchun qurilgan shaharchasida bo‘lgan ishchilaridan 65 nafari 13-14 dekabr kunlari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.

Avvaliga, 13 dekabr kuni, 11 ishchi "ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ichni tez-tez ketishi, tana haroratini ko‘tarilishi, sovuq qotish kabi" belgilari bilan shifoxonaga olib kelingan va ularning ovqatdan zaharlangani aniqlanib, "O‘tkir gastroenterit" tashxisi qo‘yilgan.

"Hozirda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 49 nafar, Respublika tez tibbiy yordam ilmiy markaziy Qashqadaryo filiali Toksikologiya bo‘limida 10 nafar, G‘uzor tuman yuqumli kasalliklar shifoxonasida 4 nafar, Nishon tuman tez tibbiy yordam bo‘limida 2 nafar jami 65 nafar bemorlar davolanmoqda. Bemorlarning 46 nafari ahvoli yengil, 19 nafari o‘rtacha, og‘ir bemorlar yo‘q. Dori darmonlar zaxiralari yetarli", deb ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, ayni paytda, bemorlardan olingan va zaharlanishga sabab bo‘lgan ovqat namunalari tekshirilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi hodisadan so‘ng maxsus shtab tuzilgani va vaziyat to‘liq nazoratga olganini bildirdi.

ENTER Engineering shirkati Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida UzGTL sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish zavodini qurmoqda.

Zaharlangan ishchilar ular uchun qurilgan shaharchada yashaydi.

Rossiyaning "Gazprombank" guruhi 2012 yilda ochilgan ushbu shirkatning aktsiyadoridir.

Rasmiy saytida Enter Engineering shirkatining "LUKOYL", "Transneft", "Arktik Gaz", "O‘zbekneftegaz", "O‘ztransgaz", "Mitsubishi Heavy Industries Ltd." kabi shirkatlar buyurtmalari asosida neftgaz sanoati yo‘nalishida yirik qurilishlar qilgani aytilgan.

Ayni paytda, bu shirkatning O‘zbekistonda qurishi ko‘zlangan - 2,2 milliard dollarlik loyiha - Jizzax neftni qayta ishlash zavodi qurilishi to‘xtab qolgan.