Piskent hokimi fermerlar yerini qaytarish haqidagi sud qarorini tan olmayapti

Toshkent viloyat, Piskent tumani hokimi Shuhrat Ahmedov ma’muriy sudning yrrlari noqonuniy olib qo‘yilgan fermerlar foydasiga chiqargan qarorlarini tan olmayapti.

Ozodlikka murojaat qilgan to‘rt nafar fermerning aytishicha, tuman hokimi optimallashtirish bahonasida ularning yerini g‘ayriqonuniy olib qo‘ygan, biroq ma’muriy sud hokimning bu qarorini bekor qilgan.

Toshkent viloyat ma’muriy sudi appelyatsiya instansiyasi ham Piskent tumani ma’muriy sudining qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Fermerlarning aytishlaricha, hokim sudlarning bu qarorlarini inobatga olmay, noqonuniy olib qo‘yilgan yerlarni egalariga qaytarmayapti.

Tuman hokimi o‘rinbosari Ozodlik savoliga javob berishdan o‘zini olib qochdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Пискентлик фермерларнинг президентга мурожаати

Piskent tumanidagi “Mash’al”, “Maripov Ahror”, “O‘zbekiston VIP”, “Karimov Xurshid” fermer xo‘jaliklari yerlari hech qanday ogohlantirishsiz 2019 yilning fevralida hokimlik zaxirasiga qaytarib olinib, boshqa fermerlarga berib yuborilgan.

Fermer Ahror Maripovning Ozodlikka aytishicha, tuman hokimining bu qarori g‘ayriqonuniy bo‘lgan:

- Hokim Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 14-qarori, ya’ni optimallashtirish bahonasida bizning arizamizsiz zaxiraga olib qo‘ydi. Qonun bo‘yicha yerni hokim yoki bizning roziligimiz, yoki sud qarori bilan zaxiraga olib qo‘yishga haqli edi. Lekin hokim o‘zi istagancha harakat qildi.

Yerlari noqonuniy olib qo‘yilgan to‘rt fermer xo‘jaligi rahbari eng quyi instansiyadan tortib, viloyat prokuraturasi, viloyat fermerlar kengashi va boshqa tashkilotlarga shikoyat qilgan.

Barcha tashkilotlar fermerlar shikoyatini ko‘rib chiqish uchun viloyat fermerlar kengashiga yuborganligi sababli, kengash bu ishni o‘rganib, hokimlikni ma’muriy sudga bergan.

Hokimlik ko‘rsatgan vajlarning birortasi sudda isbotlanmadi.


- 2019 yil 15 iyul kuni Piskent tuman Ma’muriy sudi bizning ishimizni o‘rganib chiqib, hokimning 277-qarorining bizga tegishli qismini haqiqiy emas deb topdi. Chunki hokimlik ko‘rsatgan vajlarning birortasi sudda isbotlanmadi. Bizning yerlarimiz berilgan fermerlarni chaqirib, ularni ham so‘roq qildi. Ular ham hech narsani isbotlab berolmadi. Chunki, ularning ko‘rsatkichlari biznikidan ancha past edi.

Sud qarorida bu haqda shunday deyilgan:

“Pskent tumani hokimining 2019 yil 15 fevraldagi 277-sonli qarorining “Maripov Ahror” fermer xo‘jaligiga tegishli qismi haqiqiy emas deb topilsin”.

Sud hokimlik zimmasiga fermer yerini 14-sonli qarorda ko‘rsatilgan tartibda maqbullashtirish majburiyatini yuklagan.

Sud qolgan uch nafar fermerga nisbatan ham aynan qaror chiqargan.

Ahror Maripovning aytishicha, ular sud qarorining uchinchi bandidan norozi bo‘lgan:

- Chunki, hokimning o‘zi bizning yerimizni nohaq olib, qonunbuzarlik qildi. Lekin ma’muriy sud bizning ishimizni qayta ko‘rishni yana tuman hokimining zimmasiga yuklab qo‘ydi.

Toshkent viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi 27 avgust kuni viloyat fermerlar kengashi tomonidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, Piskent ma’muriy sudining bu qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan.

“Mash’al” fermer xo‘jaligi rahbari Shuhrat Maripovning aytishicha, hokim yerni planni bajarmay ishdan bo‘shab ketgan boshqa fermerga berib yuborgan:

Topgan pulimga texnika sotib oldim. Doim planlarni bajarganman.


- 1998 yilda 4 gektar yer bilan ish boshlaganman. Nechta optimallashtirish bo‘lgan bo‘lsa, yaxshi ishlaganim uchun qo‘shilib 60 gektar yer bo‘lgan edi. Topgan pulimga texnika sotib oldim. Doim planlarni bajarganman. 2016 yil do‘l urib ketdi paxtani, bajarolmay qoldik. Rasmlari ham, aktlari ham bor. 2017 yil bajardik. 2018 yil ko‘sak qurti tushib tuman bo‘yicha 5-6 fermer bajardi, xolos. Tuman bo‘yicha eng yuqori hosildorlikni biz berib kelganmiz. Lekin hokim o‘zi bilgancha ish tutdi. Planni bajarmay kelgan boshqa fermerga berib yubordi, bu yil ham planni bajarmadi.

“O‘zbekiston VIP” fermer xo‘jaligi rahbari Viktor Zinovyevning aytishicha,

Deputatlar ham hech narsani so‘ramay, ko‘r-ko‘rona qo‘l ko‘tardi.


- Sud bu ishni hokimga qaytadan ko‘rib chiqish uchun qaytardi. Qarang, endi qanday bo‘ldi: Hokim sessiya o‘tkazdi. Sessiyada ovozga qo‘ydirib, yana zaxiraga qaytardi. Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qarori yana buzildi. Deputatlar ham hech narsani so‘ramay, ko‘r-ko‘rona qo‘l ko‘tardi. Men ularga, sizlarni xalq saylagan, so‘ranglar nima bo‘ldi, nima qo‘ydi, qonunga qaranglar desam, bittasi o‘rnidan turib e, Viktor aka kech bo‘ldi, uyga ketish kerak, deydi. Mana shunaqa bizning deputatlar.

Toshkent viloyati fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi huquqshunosi Sotvoldi Xurramov fermerlar manfaatlarini sudlarda himoya qilgan.

Sotvoldi Xurramovning aytishicha, hokim sudning qarorini bajarishga majbur:

Yurisprudensiyada sudning qarorini bajarish hamma uchun majburiy deyilgan.


- Sudning qarori qonuniy kuchga kirganidan keyin, kim bo‘lishidan qat’iy nazar bajarilishi shart. Sud qarorini bajarish hokimlarning o‘zini zimmasiga yuklatilgan. Bu sohada qonunchiligimizda biroz kamchilik bor. Bu kabi ishlarda ijro varaqasi berilishi nazarda tutilmagani uchun, MIB ijro varaqasi bermaydi. Lekin yurisprudensiyada sudning qarorini bajarish hamma uchun majburiy deyilgan. O‘zbekiston Respublikasi nomidan chiqariladigan hal qiluv qarorini bajarmaslik, bu respublikaning qonunlarini tan olmaslik deganidir.

Ozodlik tuman hokimi Shuhrat Ahmedovning mobil telefoniga kun davomida bir necha bor qo‘ng‘iroq qildi. Ammo hokim go‘shakni ko‘tarmadi.

Tuman hokimining qishloq xo‘jalik ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Hakimjon Ozodlikning fermerlar to‘g‘risidagi savolini eshitganidan so‘ng, majlisdaman, keyin telefon qilaman dedi-da, aloqani uzdi.