AQSh harbiy tadqiqotlar agentligi, davlat xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan ilg‘or texnologiyalarni yaratishga sarmoya qiladi. Agentlik ayni damda uchuvchisiz samolyotlarni ong bilan boshqarish bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda.
Tasavvur qiling, elektron vositalar bilan aloqa qilish uchun klaviaturada yozishga hojat bo‘lmasa.
“Dronni boshqarayotgan askar buyruqni klaviatura orqali emas, miyasi orqali bersa, signalni yanada tezroq yuborgan bo‘ladi”, - deydi fizik olim Jeykob Robinson.
Uning jamoasi ana shunday miya-kompyuter interfeysini yaratishga urinmoqda. Tadqiqot hujayralar darajasida boshlanadi.
“Viruslarni manipulyatsiya qilib, hujayralarni muayyan vazifalarni bajarishga undaydigan yangi genlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldik”, - deydi Robinson.
Geni o‘zgartirilgan miya hujayralari magnit maydonlari va nurga nisbatan sezgirroq bo‘ladi. Manipulyatsiya qilingan viruslar va nanomagnitlar qon oqimiga kiritiladi.
Boshga lazer, yorug‘lik detektorlari va elektromagnitlar bilan jihozlangan shlem kiyiladi. U miya faoliyatini o‘lchab va stimulyatsiya qilib, elektron jihozlar bilan aloqa qila oladi.
“Shlemni kiyib, stulga o‘tirib, dronni boshqarasiz”, - deydi olim.
Harbiy sohadan tashqari, miya-kompyuter interfeysi odamlarga eshitish va ko‘rish qobiliyatini tiklashga yordam berishi mumkin.
“Ko‘zingiz yoki uning to‘r pardasi shikastlangan bo‘lsa, miyaning informatsiyani qabul qiluvchi qismi baribir ishlab turadi. Miyaga shunday signal yuborish mumkinki, go‘yo ko‘zingiz joyida turgandek bo‘ladi, chunki miyangizning tasvirni idrok etuvchi qismi mukammal ishlab turibdi”, - deya tushuntiradi Robinson.
Olimlar magnit va neyronlar yordamida pashshalarni boshqara olishini ko‘rsatgan.
AQSh harbiy tadqiqotlar agentligiga ko‘ra, to‘rt yildan keyin texnologiya odamlarda, xususan, ko‘zi ojizlarda sinab ko‘riladi. Jarrohlik operatsiyasi talab qilinmaydi.
Ayni paytda texnologiya foydasini oshirish va xavfini kamaytirishga qaratilgan etika qoidalari ishlab chiqilmoqda.