O‘n yillik sarhisobi: Odamning yangi ajdodi, DNK va ekzosayyoralar

2010- yillarda insoniyat ilm-fan sohasida yirik yutuqlarga erishdi. Qator kashfiyot va yangiliklar tufayli inson tanasi, sayyoramiz hamda fazo haqida yanada ko‘proq bilib olishga muyassar bo‘ldik.

Tugayotgan o‘ng yillikning eng muhim ilmiy kashfiyotlari to‘liq ro‘yxatini tuzish oson emas. Shunday bo‘lsa-da, National Geographic jurnali xodimlari 2010-yillarda erishilgan eng muhim ilmiy tadqiqotlar ro‘yxatini tuzdi.

Ro‘yxatga ilmiy yutuqlar individual kashfiyotlar o‘laroq emas, balki kashfiyotlar guruhlari va yo‘nalishlari shaklida kiritildi. Quyida ushbu ro‘yxatning qisqa mazmuni bilan tanisha olasiz.

1. Ilk marotaba qayd etilgan gravitatsiya to‘lqinlari

2015 yilda bir asr muqaddam Albert Eynshteyn bashorat qilgan gravitatsion to‘lqinlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatildi. 2017 yilda esa Lazer-interferometrik gravitatsion-to‘lqinli observatoriya (LIGO) hamda Virgo detektori ilk marotaba ikki neytron yulduz to‘qnashuvini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatishga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu ikki holat yetarlicha massaga ega jismlar to‘qnashsa, gravitatsiya to‘lqinlarini yaratishi haqidagi taxminni tasdiqladi.

2. Inson kelib chiqishiga doir kashfiyotlar

Keyingi 10 yillikda yangi topilgan qazilmalar insoniyat kelib chiqishi haqidagi tasavvurimiz yanada to‘liqroq bo‘lishiga va ayrim holatlarda tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. 2010 yilda Li Berger insonlarning Australopithecus sediba nomi berilgan ajdodini aniqladi.

2015 yilda esa olim Janubiy Afrikada Homo naledi odam turi qoldiqlarini topdi. Bu odamning ko‘rinishi ham zamonaviy insonlarga, ham qadimgi ajdodlarga o‘xshashligi aniqladi.

Shuningdek, 2010 yilda Sibirda, 2018 yil Xitoyda, 2019 yilda Filippinda topilgan qoldiqlar insoniyat kelib chiqishi tarixi haqida to‘liqroq tasavvurga ega bo‘lishimizga sabab bo‘ldi.

3. Qadimiy DNKlarni o‘rganishdagi yutuqlar

DNK texnologiyalaridagi yutuqlar qadimiy DNKlar tahlili va ularning hozirgi odamlarga ta’sirini o‘rganishimizda yirik o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. 2010 yilda ilk marotaba qadimiy odamning deyarli to‘liq genomi e’lon qilindi.

O‘shandan beri 3000 ga yaqin qadimiy odam genomlari tuzib chiqildi. Xususan, hozirgi Meksika hududida 13 ming yil oldin yashagan qizaloqning DNK genomi tuzib chiqildi.

4. Yangi aniqlangan minglab ekzosayyora

Ekzosayyora yoki ekzoplaneta deb Quyosh tizimidan tashqarida joylashgan har qanday sayyoraga aytiladi. Ilk ekzosayyora 1995 yilda aniqlangan. Somon yo‘li galaktikasining o‘zidayoq milliardlab sayyora mavjudligi taxmin etiladi.

2009–2018 yillarda NASAing Kepler fazo teleskopining o‘zi 2700 dan oshiq ekzosayyorani aniqladi. Bular orasida eng muhimi – olimlar ilk marotaba kuzatgan tosh, ya’ni Yerimiz kabi qattiq ekzosayyoraning aniqlanishidir. Kepler teleskopining davomchisi TESS 2018 yildan beri allaqachon 34 ekzosayyorani aniqlashga ulgurdi.

5. CRISPR davrining boshlanishi

2010-yillarda DNKni aniq tahrirlash yo‘llari ishlab chiqildi. Xususan, Crispr-Cas9 tizimining yaratilishi ushbu sohada yirik yutuq bo‘ldi.

Hozirda dunyo bo‘ylab olimlar gen tahrirlash texnologiyasini yanada takomillashtirish ustida ishlamoqda. Bu orada DNKni tahrirlash axloqqa to‘g‘ri kelish-kelmasligi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

2018 yilda xitoylik olimlar DNKsi o‘zgartirilgan ilk egizaklar tug‘ilganini e’lon qilishi ortidan dunyo bo‘ylab odamlar genini tahrir qilishga moratoriy qo‘yish chaqiriqlari yangradi.

6. Astronomiyadagi yutuqlar

2013 yilda Yevropa fazo agentligi Gaia kemasini fazoga uchirdi. Kema Somon yo‘li galaktikasidagi bir milliarddan oshiq yulduzlar o‘rtasidagi masofalarni hamda 150 milliondan oshiq yulduz tezligini o‘lchamoqda. Uning yordamida olingan ma’lumotlar yordamida olimlar galaktikamizning uch o‘lchamdagi (3D) filmini tayyorlashdi.

Shuningdek, 2019 yilda xalqaro ilmiy guruh insoniyat tarixida birinchi marta Qora tuynuk soyasining suratini e’lon qildi. Olimlarning aytishicha, Event Horizon teleskopi yordamida suratga olingan qora tuynuk bizning olamdan tashqarida, Yerdan 50 million yorug‘lik yili uzoqligidagi M87 galaktikasida joylashgan.

7. Ibtidoiy san’at

2010-yillarda qilingan kashfiyotlar odamlar ajdodlari rasm chizishni biz o‘ylagandan ancha avval boshlaganini ko‘rsatdi. 2014 yilda Indoneziyaning Sulavesi orolida joylashgan g‘orda kamida 39 ming yil oldin chizilgan rasmlar topildi.

2018 yilda Borneo orolidagi g‘orda 40-52 ming yillik rasmlar aniqlandi. 2018 yilda Janubiy Afrikada topilgan to‘r shaklidagi rasm esa Yer yuzidagi eng qadimiy chizma bo‘lishi mumkin.

8. Yulduzlararo sayohatning boshlanishi

2010-yillarda ilk marotaba insonlar apparatlari Quyosh ta’siridan uzoqlashib, yulduzlararo bo‘shliqqa chiqdi. Xususan, 2012 yilda NASAning Voyager 1 kemasi geliosfera, ya’ni Quyosh zarralari yetib boradigan sfera tashqarisiga chiqdi.

2018 yilda esa Voyager 2 ham yulduzlararo bo‘shliqqa chiqdi. Shuningdek, 2017 yilda ilk marotaba boshqa yulduz tizimida paydo bo‘lgan jism bizning olamdan o‘tgani kuzatildi.

9. Qadimiy sivilizatsiyalarga yetaklovchi eshiklar

2010-yillar yirik arxeologik kashfiyotlarga boy bo‘ldi. Xususan, 2013 yilda ingliz qiroli Richard III ning qabri nihoyat topildi. 2016 yilda arxeologlar Injilda hikoya qilingan filistimliklarning qabristonini topishdi.

2018 yilda Gvatemalada lazerlar yordamida 60 mingdan oshiq qadimiy Maya inshootlari aniqlandi. O‘n yillik davomida, shuningdek, cho‘kib ketgan bir necha kema topildi.

Bular orasida oxirgi marta Afrikadan qullarni AQShga olib borgan Clotilda kemasi hamda Qora dengiz tubida topilgan 2400 yillik kemalarni alohida qayd etish joiz.

10. Quyosh tizimidagi yutuqlar

2015 yil NASAning New Horizons stantsiyasi ko‘p yillik sayohatdan keyin Pluton sayyorasiga yetib borib, ilk marotaba uning yuqori sifatli suratlarini Yerga yubordi.

O‘n yillik yakuniga yaqin esa NASAning OSIRIS-REx hamda Yapon fazo agentligining Hayabusa2 stansiyasi olis asteroidlarga qo‘ndi.