Oliy Majlisga saylanmay qolgan nomzod tarafdorlari natijalar soxtalashtirilganini iddao qilmoqda

O‘zbekistonda 22 dekabr kuni o‘tgan saylovda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzod bo‘lgan Murodjon Zufarovning ayrim tarafdorlari ovoz berish natijalari soxtalashtirilganini iddao qilmoqda.

Murodjon Zufarov Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyat kengashi raisidir. Uning nomzodi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan deputalikka ko‘rsatilgan.

97-Qibray saylov okrugidan Oliy Majlis deputatligiga saylangan Dilbar Usmonova esa bu iddaolarni inkor qildi.

Ozodlik radiosi Murodjon Zufarov tarafdorlarining iddaolarini 97- Qibray okrug saylov komissiyasi raisi Abdurahim Nurmurodovdan tasdiqlatish yoki inkor etish imkoniyatiga ega bo‘lmadi.

Murodjon Zufarovning tarafdorlaridan birining (ismi sir saqlanishini iltimos qildi) iddao qilishicha, 97-Qibray saylov okrugidagi 62 ta saylov uchastkasida Murodjon Zufarovga berilgan ovozlar kamida 45 foizni tashkil qilish kerak edi.

45%?

“Biz Zufarovning kuzatuvchilari sifatida ovozlarni sanash paytida aytilgan dastlabki raqamlarni yozib olganmiz, bayonnomalarni olganmiz. 62 ta saylov uchastkasidan 27 tasida bayonnomalarni ololmadik, bizga bayonnomalarni berishdan bosh tortishdi. Bizda mavjud bayonnomalarni va raqamlarni solishtirsak, Toshkent tumanidagi 26 ta saylov uchastkasida ovoz bergan 26059 odamdan 11598 nafari, ya’ni 44,5 foizi, Qibray tumanidan 20985 saylovchidan 9685 nafari, ya’ni 46,2 foizi Zufarov uchun ovoz bergan. Umuman hisoblaganda 97- saylov okrugiga kirgan Toshkent va Qibray tumanidagi saylov uchastkalarida 47044 odamdan 21283 nafari, ya’ni 45, 2 foizi Zufarovni qo‘llagan. Ammo okrug saylov komissiyasi Murodjon Zufarov yutqazdi, deb ma’lum qildi. Qizig‘i, Zufarov qancha ovoz olgani haqida ma’lumot berilmadi. Faqatgina yutqazildi deyilyapti”, deb bildirdi Zufarovning tarafdori.

Ozodlik radiosi bu iddaoni 97- Qibray saylov okrugi raisi Abdurahim Nurmurodovdan tasdiqlatish yoki inkor etish imkoniyatiga ega bo‘lmadi. Saylov okrugi raisining qo‘l telefoniga kun bo‘yi qilgan qo‘ng‘iroqlarimizga javob berilmadi.

Zufarov tarafdorlarining iddao qilishlaricha, ularning nomzodiga berilgan ovozlar O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasidan deputatlikka nomzod, Qibray tumanidagi “Farhod madad shifo” xususiy klinikasi bosh shifokori Dilbar Usmonovaga olib berilgan.

“Dilbar Usmonova hatto saylovoldi targ‘iboti paytida aholi bilan ham uchrashgan emas. Bayonnomalarning qoralamalarida uning oz ovoz olgani ko‘rinib turibdi. Ammo rasmiy bayonnomalarda unga berilgan ovozlar ko‘paytirib yozilgan. Masalan, 668-saylov uchastkasida bunday bayonnomalardan birini suratga olishga muvaffaq bo‘ldim. O‘sha bayonnomaning birida Zufarov 503 ta, Usmonova 186 ta ovoz olgani qayd etilgan. Biroq ikkinchi bayonnomada Zufarovning ovozlari 290 ta, Usmonovaniki esa 670 ta qilib to‘g‘rilangan”, dedi bu bayonnomalar fotonusxasini Ozodlikka taqdim etgan yana bir tarafdor.

Suhbatdoshlarning aytishicha, Murodjon Zufarov bu masalada ariza yozishni va ishni prokuraturaga oshirishni istamayapti. Zufarovning tarafdorlari ham huquq organlariga murojaat qilishdan tiyilmoqdalar.

“Bizning maqsadimiz hokimiyat uchun kurashish emas, kimnidir ustidan ariza yozib qamatib yuborish emas, biz faqat saylovda adolatsizlik bo‘lganini odamlarga yetkazib qo‘ymoqchimiz. Adolatli saylov bunday bo‘lmaydi”, dedi Zufarov tarafadorlaridan biri.

G‘alaba qilgan nomzod nima dedi?

97-Qibray saylov okrugidan rasman g‘olib deb e’lon qilingan va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan Dilbar Usmonova Ozodlik bilan suhbatda Zufarov tarafdorlarining iddaolarini inkor qildi.

“Men saylovda ovozlarning 53 foizini oldim. Qolgan raqiblarimga ozroq ovozlar berildi. Ikkita uchastkada yutqazganimni tan olaman, biroq bu uchastkadagi natijalar ovoz berishning umumiy yakunlariga ta’sir ko‘rsata olmaydi. Men halol yutdim, hech qanday sohtalashtirishlar bo‘lmadi. Uchastka raislari bir nima qilgan bo‘lsa, buning uchun men javob bermaymanku?!” -dedi Dilbar Usmonova Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

Hujjatlar feyk emasmi?

Aytib o‘tish joizki, Ozodlikka taqdim etilgan bu kabi o‘nga yaqin bayonnomalar nusxasi, dastlab, Ozodlikka feyk hujjat bo‘lib tuyuldi. Chunki bayonnomalarning ayrimlari xatoliklar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unda 97-saylov okrugi o‘rniga, 10-, 4-, 11- okrug deb yozilgan.

Ammo bu bayonnomalarning barchasida deputatlikka nomzodlarning ism-familiyalari bir hilda keltirilgan, bayonnomalarda muhr va saylov komissiyasi a’zolarining ismlari va imzolarini ko‘rish mumkin.

Zufarovning bu hujjatlarni taqdim etgan tarafdorlariga ko‘ra, saylov uchastkalari mutassadilari bayonnomalarni mana shunday xatoliklar bilan to‘ldirganlar.

YXHT xulosasi

23 dekabr kuni YXHTning saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiya rahbari Tana de Zulueta hisoblash jarayoni bo‘yicha xulosaning 42 foizi salbiy xarakter kasb etganini aytar ekan:

"Ovozlarni hisoblash jarayonlarida ishtirok etdik. 133 ta uchastkada ovoz hisoblash jarayoni bizning missiyamiz a’zolari tomonidan kuzatildi. Xulosalarga ko‘ra, hisoblash jarayonlari oxirigacha silliq o‘tmagan. Qonunda belgilangan protseduralarga to‘liq amal qilinmagani, natijalar o‘zgargani ko‘rindi. Ba’zi joylarda raqamlar kamroq edi”, deb ta’kidlagandi.

23 dekabr kuni ham Ozodlik radiosiga saylovda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan qator manbalar murojaat qilishgan va o‘zlari kuzatuvchilik qilgan saylov uchastkalarida mahalliy hokimiyat bosimi ostida ovoz berish natijalari sohtalashtirilganini aytgan edilar.

Bosh prokuratura ba’zi aralashuvlardan xabari borligini bildirgan

Saylov kuni va uning ertasiga O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Uchtepa tuman hokimligi mas’ullaridan biri uchastka saylov komissiyalari faoliyatiga noqonuniy aralshgani aniqlangani va Jinoyat kodeksining 146-moddasi va 209-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirgan.

Shuningdek, Bosh prokuratura Toshkent shahar Olmazor tumanidagi 10, 23 va 142-sonli saylov uchastkalari, Yashnabod tumanidagi 30ta saylov uchastkasi va Sergeli tumanidagi uchastkalar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar yuzasidan tekshirish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.