Ota-onalar o‘qituvchilarning "ahloq politsiyasi" bo‘lmasligini talab qilmoqda

O‘tgan yilning sentabrida ham Samarqandning Urgut tumanidagi maktab direktori o‘rinbosari 11-sinf o‘quvchilarining sochini qaychilab, tan jarohati yetkazgan edi.

Farzandlari Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-o‘rta maktabda o‘qiydigan ota-onalardan bir guruhi Xalq ta’limi vazirligidan maktab direktori va 9-V sinf rahbarini ishdan bo‘shatishni talab qilishda davom etmoqda.

O‘tgan yilning sentabrida boshlangan mojaroga yechim topish maqsadida ota-onalar noyabr oyida O‘zbekiston Ombudsmaniga ham ariza kiritganlar. Maktabda bolalar huquqlari buzilayotganidan norozilik bildirilgan maktubni Ombudsman Xalq ta’limi vazirligiga jo‘natgan, vazirlik esa Toshkent xalq ta’limi boshqarmasiga.

Ta’lim boshqarmasi "o‘qituvchiga xayfsan berilganini" bildirgan. Ammo ota-onalar bu qarordan norozi.

Maktab direktori va sinf rahbari ishdan bo‘shatilishini talab qilayotgan ota-onalar guruhining iddao qilishicha, 27-o‘rta maktabda o‘qituvchilar bolalarni o‘qitish bilan emas, balki “ahloq politsiyasi vazifasini bajarish” bilan shug‘ullanmoqda.

Ota-onalar va o‘qituvchilar ziddiyati nimadan boshlangan edi?

9-V sinf o‘quvchilarining ota-onalari O‘razimbet Qurbonov, Zerxan Sayekeyeva, Zulfiya Imomova va Aleksandr Borodenko Ozodlik radiosiga birinchi marta o‘tgan yilning 10 oktabrida bog‘langan edilar.

Ularga ko‘ra, 2019 yilning 9 sentyabr kuni 9-V sinf rahbari "sochining tepasi sariqqa bo‘yalgan o‘g‘il bolaning sochini qirqishga harakat qilgan”. Shundan so‘ng sinf rahbari “sochi uzun ikki qizning ham sochini qirqqan”.

O‘tgan yilning 10 oktabrida e’lon qilingan o‘sha maqolada Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi Ozodlikka bu ishni qilgan “o‘qituvchining hayfsan olganini” aytgan edi.

Bu jismoniy tajovuz o‘quvchilarni shokka solgan. Ota -onalar o‘shandan beri qator tashkilotlarga murojaat qilib, direktor va sinf rahbarining ishdan olinishini talab qilib kelmoqdalar.

Ota-onalar: Maktab rahbariyati va o‘qituvchi bolalarimizga bosim ko‘rsatishda davom etmoqda

Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi ota-onalarning bu talabiga 19 dekabrda bergan rasmiy javob xatida Ozodlikka Xalq ta’limi vazirligi rasmiysi aytgan javobni – ya’ni o‘qituvchiga xayfsan berilganini bildirish bilan cheklangan.

O‘razimbet Qurbonovning aytishicha: ”Bu voqeadan maktab direktori ham, sinf rahbari ham xulosa chiqarmagan va ota-onalari Ozodlikka hamda vazirlikka xat yozgan o‘quvchilarga turli yo‘llar bilan bosim ko‘rsatishda davom etgan”.

Suhbatdoshimizning bildirishicha, ota-onalar Ombudsmanga xat jo‘natganlaridan bir hafta o‘tib, sinf rahbari (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum -muallif) dars paytida xat yozgan ota-onalarning farzandlarini o‘rnidan turg‘izib olib, yarim soat davomida izza qilgan.

«U bolalarimizga «Ota-onalaring qo‘lidan kelganini qilsin, menga hech narsa qila olishmaydi» qabilidagi so‘zlarni aytib, baqir-chaqir qilgan. Qizlarimiz yig‘lab, uyga kelishdi. Bir qizning kichik sinfda o‘qiydigan ukasiga ham o‘qituvchilar mana shunga o‘xshash bosimlarni qilishayapti. U bola maktabga borishdan qo‘rqib qolgan», dedi ota-onalardan biri.

O‘quvchilarning sochini majburlab qirqish jismoniy tajovuz emasmi?

Ota-onalar bolalariga himoya so‘rab, Ombudsmanga noyabr oyi oxirida kiritgan arizalarini Ombudsman Xalq ta’limi vazirligiga jo‘natgan. Vazirlik xatni Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasiga yuborgan. Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi arizachi ota-onalarga 2019 yil 19 dekabrda yuorgan javob xatida “o‘qituvchining hayfsan olganini” aytish bilan cheklangan.

Ozodlikka taqdim etilgan mazkur hujjatda aytilishicha, boshqarma maktabda tekshiruv ishlarini o‘tkazgan va haqiqatan ham “o‘quvchilar va o‘qituvchi o‘rtasida 9 sentabr kuni maktabda o‘zini tutish va tashqi ko‘rinish yuzasidan insident bo‘lib o‘tgani tasdiqlangan”.

“O‘qituvchi tomonidan o‘quvchilarga nisbatan tajovuz bo‘lmagan. O‘quvchilardan hech biriga tan jarohati yetmagan. Aksincha, o‘quvchining tajovuzi tufayli o‘qituvchining barmog‘i shikastlangan”, deyiladi rasmiy xatda.

- O‘qituvchi bolalarning sochini qirqqan. Bu jismoniy tajovuz bo‘lmay nima? Bolalar indamay bunday xo‘rlikka chidab turib berishlari kerakmidi? Albatta, qarshilik ko‘rsatishlari tabiiy. Qizig‘i shundaki, bu holatda xalq ta’limi boshqarmasi o‘qituvchini emas, o‘quvchilarni aybdor qilayapti. Kelinglar, unda ertaga o‘qituvchining qo‘liga bolta beraylik. U sinfga kirib: “Boshingni partaga qo‘y, chopaman”, desa, o‘quvchi qo‘yday boshini kundaga qo‘yib berishi kerakmi? Shunda to‘g‘ri bo‘ladimi?- deb savol qo‘yadi O‘razimbet Qurbonov.

Ota-onalar: Vazirlikdan o‘qituvchilarni bolalar huquqiga o‘qitishni talab qilamiz

Ozodlik suhbatlashgan ota-onalar Xalq ta’limi vazirligidan maktabni “ahloq politsiyasi”ga aylantirmaslikni va o‘qituvchilarni bolalar huquqi bo‘yicha o‘qitishni ham talab qilmoqdalar.

“Xabarlarda “xalqaro tashkilotlar O‘zbekistonga xalq ta’limi tizimi uchun 50 million dollarmi, 60 millionmi grant berdi”, degan gaplarni o‘qib qolamiz. Ammo bu grantlar maktab “ahloq politsiyasi” funksiyasidan voz kechib, bilim berish sifatini yaxshilagan taqdirdagina, maktabda bolalar huquqlariga rioya qilingandagina o‘z samarasini beradi deb hisoblaymiz. O‘qituvchilar uchun bola huquqlari bo‘yicha maxsus kurslarni tashkil etib, ularning malakasini oshirish lozim”, deydilar ota-onalar.

Maktab direktori yana Ozodlik bilan gaplashishni istamadi

Ozodlik radiosi ota-onalarning iddaolari yuzasidan savollarga javob olish maqsadida Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 27-o‘rta maktab direktori Shohista Rakipova bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Biroq telefon qilishdan maqsadimizni bilganidan so‘ng, Ozodlik bilan muloqot qilishni istamasligini bildirgan tarzda muloqotni uzib qo‘ydi.

2 yanvar dam olish kuni bo‘lgani munosabati bilan Obmudsman va Xalq ta’limi vazirligi rasmiylari bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Ozodlik radiosi ota-onalar ko‘targan mazkur masalalar va takliflar yuzasidan Obmudsman va Xalq ta’limi vazirligining munosabatini kutib qoladi.