Ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentida 2 yanvar kuni tarqalgan “kaltaklangan bola videosi”ni ko‘rgan faollar IIB ga murojaat qilib bolani tajovuzdan himoya qilishni so‘radi.
Toshkent shahar, Yunusobod tuman Ichki ishlar organlari (IIO) faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi (FMB) navbatchilik qismi xodimining Ozodlikka aytishicha, 2 yanvar kuni 7 sinf o‘quvchisi, 13 yashar Mirfayz Alimjonov "yuz va tana sohasining ko‘plab qontalashlari va lat yeyishlari" tashxisi bilan murojaat qilgan va bu yuzadan tergovgacha surishtiruv boshlangan.
Yunusobod tuman IIO bo‘limi xodimlari o‘tkazgan tergovgacha surishtiruv chog‘ida bola O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri aktrisasi Madina Muxtorovaning kenja o‘g‘li ekani aniqlangan.
Bu ma’lumotni Ozodlikka Mirfayz Alimjonov o‘qiyotgan Yunusobod tumanidagi 258-sonli o‘rta ta’lim maktabnimng ismini aytmagan o‘qituvchisi ham tasdiqladi.
Ozodlikning Madina Muxtorovaga qilgan qo‘ng‘irog‘iga javob bergan ayol uning hech kimga izoh bermasligini aytdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 2 yanvarda tarqalgan videoda ko‘rpacha ustida yuz-ko‘zi ko‘kargan holda yotgan bola tasviri ko‘rinadi. Ayol kishi savollariga javob bergan bola muntazam kaltaklanib, xo‘rlangani haqida shikoyat qiladi. 5 minutcha davom etadigan videodagi bola qo‘li ishlamayotgani va qattiq kaltak yeganini aytib ko‘z yoshi qiladi.
Vaziyatni o‘rgangan blogerlarning mushtarak fikriga ko‘ra, bola bilan uning onasi Madina Muxtorova suhbatlashgan.
Maqola tayyorlanayotgan paytda Yunusobod tuman IIO FMB holat yuzasidan rasmiy bayonot tarqatdi. Bayonotda bunday deyilgan:
"Bolaning onasi O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri aktrisasi Madina Muxtorova voyaga yetmagan Mirfayz Alimjonovning tarbiyasi buzilib, ko‘p vaqtini ko‘chada o‘tkazayotganligi va uning xulq-atvoridagi o‘zgarishlar sababli 2020 yil 2 yanvar kuni soat taxminan 12:30 larda o‘rtancha o‘g‘li Sanjar Muxtorovdan ukasi bilan gaplashib qo‘yishni so‘ragan. Shu sababli S.Muxtorov Yunusobod tumani 19-mavze 35-uy 115-xonadonga kelib, ukasi, voyaga yetmagan Mirfayz Alimjonov bilan onasi Madina Muxtorova ishtirokida suhbatlashgan vaqtida ukasining qo‘pol muomalada bo‘lganligi va gaplariga quloq solmaganligi sababli uni qo‘li bilan yuz va tana qismidan turtib siltalaganligi natijasida voyaga yetmagan M.Alimjonovning tanasi ko‘karib, tan jarohati olgan, shundan so‘ng M.Muxtorova voyaga yetmagan farzandining tanasida ko‘karishlar borligi sababli uni sog‘lig‘ini tekshirtirish maqsadida shifoxonaga olib borgan”.
Bayonot oxirida “holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tomonlarning ko‘rsatmalarini tekshirish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilayotgani” ta’kidlangan.
Yunusobod tuman IIO FMB bayonoti ortidan Telegram tarmog‘ida Mirfayz Alimjonovning yoshi 35 lardagi ayol qarindoshi video e’lon qildi. Ayolning iddao qilishicha, Mirfayzni o‘gay akasi Sanjar Muxtorov muntazam kaltaklagan va podvalga qamab qo‘rqitgan.
Qarindoshining aytishicha¸ u Mirfayzni qo‘lidan ushlab Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib borgan.
Kasalxonaning ismi aytilmasligini so‘ragan vrachi Ozodlikka Mirfayz kasalxonaga keltirilganini tasdiqlar ekan, bunday ma’lumot berdi:
- 2 yanvar kuni berilgan 62-sonli ma'lumotnomani o‘qib beraman. Bolaga yuz va tana sohasining ko‘plab qontalashlari va lat yeyishlari tashxisi qo‘yilib, ambulator davolanish tavsiya etilgan.
Telegram kanalida chiqish qilgan Mirfayz Alimjonovning qarindoshi "bola muammoli oilaviy muhit qurboni ekanini, uni o‘gay akasi muntazam kaltaklab kelganini" iddao qildi.
Ozodlik Mirfayz yashaydigan xonadonga borib, vaziyat bilan tanishgan faollar: Dilya va Uchqun bilan gaplashdi. Aytishlaricha, ularda ham oilaviy muhit yaxshi emas, degan fikr paydo bo‘lgan.
Ozodlik Madina Muxtorovaning uy va qo‘l telefonlariga qo‘ng‘iroq qildi. Telefonni ko‘targan ayol kishi Madina Muxtorova tergovchi xonasida ekani va hech kimga izoh bermasligini aytdi.
Yunusobod tuman IIO FMB navbatchilik qismi xodimining Ozodlikka aytishicha¸ bola va uning onasi Madina Muxtorova tuman IIO FMB XPB voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha inspektori va psixologi ishtirokida suhbatdan o‘tgan.
Suhbat chog‘ida Mirfayz Alimjonov o‘gay akasi Sanjar Muxtorovga nisbatan e’tirozi yo‘qligini aytgan.
Sanjar Muxtorov esa, o‘z navbatida ijtimoiy tarmoqda video chiqarib “muammo yo‘qligiga” jamoatchilikni ishontirishga urindi.
Telegram kanalida chiqish qilgan Mirfayz Alimjonovning qarindoshi va Ozodlik suhbatlashgan faollar - Dilya hamda Uchqunning aytishicha, bu “uydagi gapni ko‘chaga chiqarmaslik va zo‘ravon akani jazosiz qoldirishga“ urinish xolos.
Ozodlik suhbatlashgan huquqshunosning aytishicha¸ bolani kaltaklagan akasi Sanjar Muxtorovga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkin.
Ayni paytda Mirfayz Alimjonov o‘z akasiga qarshi ariza yozmasligini Telegram orqali qilgan chiqishida ta’kidladi.
Advokatning aytishicha “bolaning da’vom yo‘q deb ariza bermagani jinoyat ishi ochilishiga to‘sqinlik qilmaydi:
- Qonun jabrlanuvchining ruhiy bosim ostida ekanini, nochor ayblanuvchining qo‘rqishini hisobga olib, arizasiz ham jinoyat ishi ochilishiga izn beradi.