2020 yil, 1 yanvardan prezident Shavkat Mirziyoyevning «Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori kuchga kirdi.
«Bojxona to‘lovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish» iddaosi bilan qabul qilingan bu qaror boj to‘lovlarining bir necha baravarga oshishi va O‘zbekistonga kirish bojxona postlarida kilometrlab navbatlar yuzaga chiqishiga sabab bo‘ldi.
1 yanvardan beri chegaradan o‘tolmay turgan kirakashlarning Ozodlikka aytishicha¸ 1 yanvargacha 4 million so‘m boj solingan mollar uchun o‘zbek bojxonachilari hozirda 80 million so‘m talab qilmoqda.
Oqibatda¸ oilasini Rossiyadagi mehnat muhojirlari uyiga yuborayotgan yuk tashish bilan boqib kelgan minglab xususiy mashina haydovchisi kirakashlikni to‘xtatishga majbur bo‘lgan.
Prezident qabulxonasi¸ Oliy majlis¸ Bojxona qo‘mitasiga bu qaror ijrosini o‘zgartirish so‘rovi bilan bosh urayotgan haydovchilarning Ozodlikka aytishicha¸ biror davlat idorasidan jo‘yali izoh ola olmagan.
Davlat bojxona qo‘mitasining Ozodlik bog‘langan rasmiylari¸ “masaladan xabarlari borligi va yaqin soatlar ichida rasmiy saytda bu masalada ma’lumot berilishini bildirdi”. Toshkent vaqti bilan kechki soat 7 ga qadar bunday ma’lumot e’lon qilinmadi.
O‘zbekistonliklar o‘z uyiga kirolmayotir
Ozodlikka murojaat qilgan buxorolik kirakashlar o‘zlarining kamida 500 kishilik guruh nomidan gapirayotganini bildirdi.
“1 yanvardan bojxona to‘lovlari har kilo yuk uchun 3 AQSh dollari qilib belgilandi. 31 dekabr soat 12 dan prezident qarori kuchga kirdi. Shundan beri sheriklarimiz O‘zbekistonga kirolmay¸ Qozog‘istonda sovuqda¸ mashina ichida yotipti”¸ dedi Ozodlik gaplashgan buxorolik haydovchilardan biri.
Suhbatdoshlarga ko‘ra¸ ular bir necha yildan beri o‘z yengil mashinasida Rossiyadan har-xil tovar tashish bilan ro‘zg‘or tebratib kelgan.
“Muhojirlar bolasiga kiyim-kechak¸ har xil shirinlik¸ maktab buyumlari¸ maishiy texnika yuboradi. Sababi¸ O‘zbekistonda¸ masalan¸ Artelning bitta xolodilnigi kami 3,5 million so‘m turadi. Rossiyadagi muhojir esa 3 millionga bitta xolodilnik¸ bitta kir yuvish mashinasi¸ bitta televizor yuboradi. Ikkinchi qo‘l¸ lekin sifati yaxshi¸ yangidek. Bizga xizmat haqini beradi¸ olib kelamiz”.
Suhbatdoshlar ta’kidicha¸ 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonga kirayotgan yengil avtomobillar ham yuk mashinalari og‘irligini o‘lchovchi taroziga qo‘yilib¸ mashina vazni chiqarilganidan qolgan har bir kilogramm uchun 3 dollarlik bojga tortilmoqda.
“Hozirgachayam 4-5 million so‘mgacha boj to‘layotgandik. 1 yanvardan ayni shu tovarlar uchun kilosiga 3 dollar to‘laysan¸ deb o‘zbek tamojnyachilari 80 million so‘mgacha chiqarib berayapti. Tasavvur qilayapsizmi – o‘zi 3 milliongayam bormaydigan tovar uchun 80 million so‘m! Yo to‘laysan¸ yoki yukingni tashlab¸ 10 kilo narsa bilan kirasan¸ deyapti. Qoraqalpoqdagi Hazrati Dovud postida hozir yuzlab mashina haydovchisi nima qilarini bilmay sovuqda yotipti. Yukni tashlay olmaydi¸ birovning moli¸ olib kirolmaydi¸ buncha boj to‘lolmaydi!”
Haydovchilar¸ O‘zbekistonning qolgan bojxona-o‘tkazish punktlarida ham ayni vaziyat yuzaga kelganini qo‘shimcha qildi.
“Shikoyatni eshitadigan yo‘q!”
Buxorolik kirakashlarning Ozodlikka aytishicha¸ ulardan 150 nafarga yaqini to‘planib¸ 3 -6 yanvar kunlari viloyat hokimligi¸ Xalq qabulxonasi va Bojxona boshqarmasiga borgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Ular¸ dastlabki ikki idoraga kiritilmagan¸ biror rasmiy chiqib¸ o‘zlaridan buncha odamning nimaga kelganini aqalli so‘ramaganini aytdi.
“Faqat Bojxona boshlig‘i bizni qabul qilib¸ gaplashdi. U biz faqat ijrochi¸ prezident chiqargan qarorni bajarayapmiz¸ degan gapdan nariga o‘tmadi”¸ deydi uchrashuvga kirganlardan biri.
“Oliy Majlisdagilar ham qabul qilmadi”
Buxorolik haydovchilar viloyat darajasidagi idoralarga izoh va yordam so‘rab murojaat qilgan bo‘lsa¸ qashqadaryolik kirakashlar prezident qarori ijrosidan so‘ng o‘zlari tushib qolgan vaziyatni tushuntirish uchun 2 yanvar kuni Toshkentga – Oliy Majlisga borgan.
“18 ta haydovchi bordik. Bizni Oliy Majlis yaqinigayam qo‘yishmadi. Ketinglar bu yerdan¸ hozir xavfsizlikni chaqiramiz¸ qamoqqa oladi¸ deb po‘pisa qildi qorovullar. Chindanam bizni ko‘p o‘tmay yarim kun DXX so‘roq-javob qildi”¸ dedi qarshilik kirakashlardan biri.
Ozodlik suhbatdoshlari¸ jismoniy shaxslarning o‘z ehtiyoji uchun chetdan olib kelayotgan tovarlari kilosi uchun 3 dollarlik boj joriy qilinishi ortidan O‘zbekiston bo‘yicha kamida 10 mingga yaqin Rossiyaga qatnab kelgan kirakashning ishsiz qolganini aytadi.
“Bitta kirakash bir necha oilani boqib kelayotgandi. Masalan¸ bitta mening boquvimda o‘z oilamdan tashqari o‘lgan akamning oilasi va qari ota-onam¸ jami 9 jon bor. Ikki yildan beri Rossiyaga kirakashlik qilib ro‘zg‘or tebratayotgandim. Odam bo‘lsa¸ Rossiyaga olib ketib¸ qaytishda muhojirlarning yukini to‘plab¸ olib kelardim. Bu qarordan keyin bu ish o‘ldi¸ buyog‘iga 9 jon qanday kun ko‘ramiz¸ bilmayman”¸ dedi buxorolik kirakashlardan biri.
Qarshilik haydovchilardan biri esa¸ DXX xodimlari bilan so‘roq-javobda¸ o‘zi va kasbdoshlari e’tirozini ochiq bildirganini aytdi:
“Prezidentning qarori toshga o‘yilmaganku! Qancha qarori sharoit ko‘tarmagandan keyin¸ xalq norozi bo‘lgandan keyin bekor bo‘layapti. Buniyam yetkazinglar prezidentga¸ dedim. O‘zbekistonda ish topolmay 3 million odam Rossiyada ishlab yuripti¸ shular sotish uchun emas¸ bolam-chaqamga deb yegulik¸ texnika yuborayapti. Ko‘pi eski narsalar¸ shungayam shuncha soliq soladimi? Xalq IShIDga qo‘shilmasin¸ vahobiy bo‘lmasin¸ deb gapirasizlar. Hozir kamida 10 000 erkak oilasini boqolmay qolsa¸ ularga kimdir kelib ikkita ko‘k qog‘oz bersa (200 AQSh dollari nazarda tutilmoqda – tahr.)¸ kim garantiya beradi vahobiyga qo‘shilmasligiga¸ dedim. Shoferlar nima qilsin endi? Hozir hammamiz alam ichida o‘tiribmiz¸ bu yog‘iga o‘g‘rilik qilaylikmi¸ zo‘ravonlik qilib¸ bankni uraylikmi¸ yo borib vahobiylarga qo‘shilaylikmi?”
O‘zlarining har oy ikki marta Rossiyaga qatnab¸ har kirganda davlatga kamida 3 million so‘m boj to‘lab kelganini ta’kidlagan haydovchilar Ozodlik orqali prezidentga murojaat qildi.
“Bitta Buxoroning o‘zida kamida 1000 ta shofyor ishsiz qoldi¸ tirikchiligi to‘xtadi. O‘zbekiston bo‘yicha 10 mingdan kam emasmiz. Davlatga to‘lanayotgan milliardlab so‘m soliq ham to‘xtadi. Bu ham xalqqa¸ ham davlatga nisbatan borib turgan nohaqlik. Prezidentdan buni to‘xtatishni¸ oldingi tartibga qaytarishni so‘raymiz!”dedi Ozodlikka telefon orqali gapirgan haydovchilardan biri.
Peshko‘ tumanidagi haydovchilar esa¸ prezidentga qilingan videomurojaat qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Bitta qaror bilan yangi yilning ilk kunida ishidan ajragan minglab kirakash haydovchilar nomidan bildirilgan bu e’tiroz¸ shikoyat va murojaatga munosabat so‘rab Ozodlik O‘zbekiston davlat Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.
Qo‘mita rasmiylari¸ “masaladan xabarlari borligi va yaqin soatlar ichida rasmiy saytda bu masalada ma’lumot berilishini bildirdi”. Toshkent vaqti bilan kechki soat 7 ga qadar bunday ma’lumot e’lon qilinmadi.
Shavkat Mirziyoyevning «Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida» deb nomlangan qarori muallifi Davlat bojxona qo‘mitasidir.
Bu qaror loyihasi 2019 yil 23 oktabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi bilan keskin e’tirozga sabab bo‘lgan edi.
Muhokama qatnashchilari, loyiha qabul qilingan taqdirda u O‘zbekistonni dunyoning eng qashshoq va qoloq davlatlari - Haiti¸ Zimbabve va Venesuela safiga qo‘shishi¸ korrupsiyani kuchaytirib¸ xalqni o‘z mahsulotlarini qimmat narxda sotib olishga majburlayotgan sanoqli monopolistlarga xizmat qilishini ta’kidlagan edi.
Xususan¸ muhokamalarda:
“Yana asossiz bojlarmi? Yana xalqni shilishmi? Xalqning sabr kosasi to‘layapti… Yaqinda Livanda bo‘lgan voqealarni unutmang! Asossiz bojlar¸ soliqlarni oqibati mana shunaqa bo‘ladi! degan ogohlantirishlar ham aytilgan edi.
Qaror loyihasiga nisbatan jamoatchilik fikri mutlaq negativ bo‘lganiga qaramay¸ 7 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev uni imzolagan edi.