Forish tumanida paxta terimiga davlat yollagan 700 ayolga haligacha ish haqi berilmadi

Illyustrativ surat.

Jizzax viloyat, Forish tumanidagi Sayyod mahallasida yashovchi 45 ga yaqin ayol Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligidan ish haqini ololmayapti.

Ayollarning Ozodlikka aytishicha, ularni 2019 yilning 28 sentabrida vazirlikning Forish tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markaz​i ikki oyga paxta terimiga yollagan. Shartnomaga asosan ularning har biriga oyiga 704 ming so‘mdan haq to‘lanishi lozim bo‘lgan.

Forish tumani rasmiylaridan biri ayollarga haqiqatan ham mehnat haqi berilishi kechiktirilayotganini tan olgan holda, bunday vaziyat birjada (aholi bandligiga ko‘maklashish markaz​i) pul yo‘qligi sababli yuzaga kelganini aytmoqdalar. Rasmiyning aytishicha, bugungi kunda faqat Sayyod mahallasidagi ayollar emas, boshqa ayollar ham noyabr oyi uchun haq ololmayapti.

- Mahallamizdan 45 ga yaqin ayolni paxtaga olib ketishayotganida: “Ikki oy turib berasizlar. Har oyi uchun 700 ming so‘mdan mehnat haqi to‘laymiz”, deyishgan edi. Biroq mana oradan oylar o‘tdi, haligacha pulimizni berishmadi. Mahalla qo‘mitasiga, bankka, birjaga murojaat qildik. Ammo hammasi o‘zlarini bizdan qochishayapti, - dedi Forish tumanidagi Sayyod mahallasida yashovchi Tog‘aygul Jo‘rayeva.

Ozodlikka kelgan maktubga jami 8 ayol imzo chekkan. Xatni imzolaganlardan birining aytishicha, 45 ayoldan 30 nafariga shu kungacha faqat oktabr oyi uchun oylik berilgan.

O‘z nomini aytmasligimizni iltimos qilgan Forish tuman rasmiylaridan biri, Sayyod mahallasidan paxta terimida qatnashgan ayollarning ko‘pchiligiga oktabr oyi uchun haq berilgani, lekin noyabr oyi uchun haq to‘lanmaganini tasdiqladi.

“Forish tumanida 700 ayol bilan paxta terimi uchun shartnoma qilingan. Bugungi kunda faqat Sayyod mahallasidagi ayollar emas, boshqa ayollar ham noyabr oyi uchun haq ololmayapti. Har biriga 704 mingdan pul to‘lanishi kerak. Pulni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman bo‘limi to‘lashi kerak. Bo‘limga esa pul vazirlikdan beriladi. Hozir mutlaqo pul yo‘q, Toshkent pul bermayapti. Qachon Toshkentdan pul kelsa, o‘shanda ish haqi beriladi”, dedi rasmiy.

O‘zbekistonda nafaqat paxta terimchilari, balki paxta yetishtirgan fermerlar ham 2019 yil hosili uchun haligacha haq ololmayotgani to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlar bor.

Bundan avvalroq Samarqandning Oqdaryo tumanidagi yagona klaster korxonasiga paxta sotgan 126 ta fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘layotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

Oqdaryo tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari klasterning fermerlardan qarzi 7 milliard so‘m atrofida ekanini aytgandi.

Paxtani fermerlardan shartnoma asosida sotib olgan "Koreya Samarqand" MChJ klaster korxonasi rahbari muovini ip-kalavaga xaridor yo‘qligidan pul kechikayotganini aytib, fermerlarning hosil puli bir hafta ichida to‘lanishini va’da qilgan.​

Ozodlik O‘zbekistonning ba’zi boshqa viloyatlarda ham klasterga paxta va g‘alla sotgan fermerlar ikki yillik hosil pulini shu paytgacha ololmay sarson bo‘layotgani haqida bundan oldin ham xabar qilgan.

Jumladan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.