Uylari buzilayotganidan norozilik bildirib 12 yanvarda Navoiy viloyat hokimligi oldiga to‘planganlarning xonadonlari vaqtincha buzilmaydigan bo‘ldi.
Hokimlik qayta komissiya tuzib, 1 oy ichida norozilar talabini jiddiy o‘rganishga va hech kimning uyini egasining roziligisiz buzmaslikka va’da berdi.
Oliy Majlik Senati qaroriga ko‘ra, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” yaqinidagi 3500 ta xonadon buzilishi rejalashtirilgan.
Qarorda ochiq konlarda doimiy ravishda burg‘ulash va portlash ishlarining olib borilishi oqibatida ushbu hududda aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygani sabab aholini ko‘chirish lozimligi qayd etilgan.
"Hokim chiqsin"
Yakshanba kuni ertalabdan Navoiy viloyat hokimligi binosi oldiga to‘plangan aholi uyi buzilishiga qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazdi.
Namoyish ishtirokchilari Ozodlikka jo‘natgan o‘nlab videolarda ular qo‘llariga plakatlar ko‘tarib olganini ko‘rish mumkin.
“Biz ertalab soat 10 larda hokimiyat yoniga keldik. 1 soatdan oshiq shu yerda turdik. Yuzdan ziyod odam bor edi. Ayollar-erkaklar, yoshu qari hamma bor edi. O‘nlab plakatni ko‘tarib turdik. Plakatlarga “Uyimiz buzilishiga qarshimiz”, degan mazmundagi shiorlarni o‘zbekcha va ruschada yozdik”, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan namoyish ishtirokchilaridan biri Ozodlik bilan suhbatda 13 yanvar kuni.
Boshqa bir navoiylikning aytishicha, ular viloyat hokimining shaxsan o‘zi bilan uchrashmaguncha hokimiyat binosi oldidan ketmasliklarini aytib qat’iy turishgan.
Bu holat Ozodlikka jo‘natilgan videolarda ham aks etgan: Norozilar jo‘r ovozda “Hokim chiqsin!” deb baqirishadi.
Hokim chiqdi
Norozilar talabi bilan ular oldiga chiqqan Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunov dastlab “Navoiy tarixida bunaqa ish bo‘lmagan”, deya namoyishchilarni jerkib beradi va ulardan plakatlarini ko‘tarmaslikni talab qiladi.
Tursunov aholi uylari Senat qaroriga ko‘ra buzilishi lozimligini, lekin norozilar talabini o‘rganish uchun qayta komissiya tuzilishini ta’kidlaydi:
“Birorta odamning roziligini olmasdan ko‘chirmaymiz”.
Senat qarori
Senatning 2019 yilning 14 dekabrida qabul qilingan maxsus qaroriga ko‘ra, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati”ga qarashli ochiq konlar bilan chegaradosh bo‘lgan Uchquduq tumanidagi “Kokpatas” va Zarafshon shahri yaqinida joylashgan “Muruntov” ovulidagi qariyb 1000 ta xonadon boshqa joyga ko‘chirilishi lozim. Shuningdek, qarorga ko‘ra, Navoiy shahridagi sanoat zonasidagi 2500dan ortiq dala hovlilarda doimiy yashab kelayotgan 10 mingdan ortiq aholi boshqa joyga ko‘chirilishi rejalangan.
Qarorda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasiga qarashli ochiq konlarda doimiy ravishda burg‘ulash va portlash ishlarining olib borilishi oqibatida ushbu hududda aholi salomatligi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygani sabab aholini ko‘chirish lozimligi qayd etilgan.
Sanoat zonasida yashash mumkin emas?
Hokim Tursunov “sanoat zonasida aholining muqim yashashi mumkin emas”lini aytib, bu yerda zaharli moddalar borligi sabab bolalarning nogiron tug‘ilishining oldini olish maqsadida aholini ko‘chirish qaroriga kelinganini aytgan.
Ayni paytda navoiyliklarning aytishicha, ularni ko‘chirish harakatlari ketayotgan bir paytda ushbu zonada ko‘p qavatli turar-joylar qurilmoqda.
Navoiyliklardan biri, yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar videosini Ozodlikka yo‘llab, “Bu sanoat zonasidagi yangi uylar” deya izohladi.
Ozodlik navoiylikning bu iddaosiga hokimlikdan biror izoh ololmadi. Telefon qo‘ng‘irog‘iga javob bergan viloyat hokimligi hodimi “Hammasi qonuniy ekanligini bilaman. Biroq hujjatlarni ko‘rmaganman”, deyish bilan cheklandi.
Propiska muammosi
Navoiy shahridagi sanoat zonasida yashovchi aholi vakillarining aytishicha, o‘tgan asrning 60-yillarida bu yerda dastlab dala hovlilar qurilgan. Keyinchalik aholi ko‘chib kelib, muqim yashay boshlagan:
“Hozirda bu yerda 2500dan ziyod uyda 10 mingdan ortiq odam yashaydi. Biz uylarimizni qurish uchun hokimlikdan ruxsat olganmiz. Yana boshqa bir muammomiz ham bor. Bu yerda yashayotganlarning deyarli barchasi boshqa joydan ko‘chib kelganlar. Birortamizda propiska yo‘q. Yillar davomida hokimlik "propiska hal bo‘ladi" deb aldab keldi. Endi propiskasi yo‘qlarga uy ham berilmasligi mumkin, deb qo‘rqitishayapti. Odamlar ikki qavatli qilib, dang‘illama uylar qurgan. Nima qilishni bilmayapmiz”, dedi anonim qolish sharti bilan gapirgan navoiylik.
12 yanvar kuni namoyishchilar bilan uchrashgan hokim Tursunov ham propiska masalasini ochiq qoldirdi.
Aholi qayerga ko‘chiriladi?
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, uylari buziladigan aholiga viloyatning boshqa hududidagi ko‘p qavatli uylardan kvartiralar beriladi.
"Har bir xonadonning ko‘chirilishi masalasi alohida tartibda ko‘rilishi, respublikadan mas’ul ishchi guruh tuzilishi, kompensatsiya va boshqa masalalar (ko‘chib boradigan hududida maktab, bog‘cha va boshqa sharoitlar yetarli bo‘lishi) ijobiy hal qilinganidan so‘ng ko‘chirish jarayoni boshlanishi, ungacha fuqarolardan masalaga bosiqlik bilan yondashish lozimligi so‘ralgan", deya iqtibos keltiradi Daryo.uz nashri hokimlik matbuot xizmatidan.
Uyi buziladigan navoiyliklar viloyatning aynan qaysi hududiga ko‘chirilishi haqida Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.
Uyi buzilganlar namoyishlari
Keyingi bir yil mobaynida mamlkatning turli xududlarida uylari buzilgan aholi norozilik namoyishlari uyushtirdi.
Jumladan, Andijon viloyati, Baliqchi tumani, Iftixor mahallasida yashovchi o‘nlab odam hokimlik uyi buzilganlarga tovon puli bermayotganiga norozilik bildirib, 16 sentabr kuni tuman hokimligi binosi oldida ochlik e’lon qildi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Undan avval Farg‘ona, Qashqadaryo va Xorazmda ham uyi buzilganlar norozilik bildirib ko‘chaga chiqqan edi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yilning iyulida Xorazm viloyati Urganch shahrida kompensatsiya berilmasdan uyi buzilgan aholi katta magistral yo‘lini to‘sib qo‘ygandi.
Bir kun o‘tib uyi buzilgan urganchliklarga tovon pullari naqd to‘landi.
Shavkat Mirziyoyev "noqonuniy buzilishlar uchun" Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyati hokimlarini keskin tanqid qildi, hatto hayfsan ham berdi.
Mirziyoyev buyrug‘i bilan hokimlar uylari buzilgani uchun aholidan kechirim so‘radi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Buzilishlar ortidan kelib chiqqan noroziliklardan so‘ng prezident Mirziyoyev o‘tgan yilning 4 avgust kuni farmoyish chiqarib, hokimlardan uy va binolarni buzish huquqini olib qo‘ydi.
Prezident farmoyishiga ko‘ra¸ fuqarolar ko‘chmas mulkini buzish ishlari faqat Bosh vazir qarori bilan amalga oshiriladi.