“O‘zpaxtasanoat” fermerlarga paxta pulini to‘lamayapti

Andijon viloyati fermerlari davlatga sotgan paxta pulini “O‘zpaxtasanoat” korxonalaridan ololmayapti.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan fermerlarning aytishicha, shu paytgacha biror yil paxta pulini to‘lash shartnomada ko‘rsatilgan muddat - 31 dekabrdan kechga qolmagan.

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvchi raisi Alisher Maqsudov Ozodlik bilan suhbatda 90 foizdan ortiq andijonlik fermerlar bilan hisob-kitob qilinganini aytdi

Paxtaobod va Andijon tumanilik fermerlarning aytishlaricha, davlat paxta pulini o‘z vaqtida bermagani ilk marta kuzatilmoqda:

Paxtaobod tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri bu haqda shunday deydi:

31 dekabrgacha to‘lab berilishi kerak edi, lekin bir so‘m ham bermadi.


“O‘tgan yili davlat buyurtmasiga yetkazib bergan paxtamizning puli 31 dekabrgacha to‘lab berilishi kerak edi, lekin bir so‘m ham bermadi. Zavod bizdan qariyb besh yuz million so‘mga yaqin qarzi bor. Biz klasterga o‘tmaganmiz. Avvalgiday paxtamizni davlat sotib olyapti. Lekin bunday ahvolga birinchi bor tushyapmiz. Yil davomida qilgan mehnatimiz haqini hozirgacha ololmadik".

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa paxtaobodlik fermerning aytishicha, “Andijon-1 paxta tozalash korxonasi” rahbarlari ularni quruq va’da bilan aldamoqda:

Yangi yil birinchi oyining yarmi o‘tib ketyapti hamki, puldan darak yo‘q.


“Odatda, har yili paxta terimi tugashi bilan, pul tushish boshlanib, 20 dekabrlargacha butunlay raschet qilishardi. Bu yil paxta planini oktabrdayoq bajarib bo‘lgan edik. Lekin, yangi yil birinchi oyining yarmi o‘tib ketyapti hamki, puldan darak yo‘q. Necha marta zavodga borib so‘rasak, tushsa beramiz, deydi xolos. Biror tashkilotdan bir so‘m ham qarzim qolmagan, sof foydam qariyb 80 million so‘m bo‘lgan. Qo‘limizga tushadigani shu. Bir tomonda klasterga o‘tgan tashkilotlar dod deydi, bir tomonda davlatga paxta sotgan bizlar dod deyapmiz”.

Ozodlik suhbatlashgan yana ikki paxtaobodlik fermer ham ularning hisobiga 2019 yil paxta pulidan bir so‘m ham tushmaganini aytdi.

“Andijon-1 paxta tozalash korxonasi”ning o‘zini tanishtirmagan mulozimi haqiqatan ham ko‘pchilik fermerlar paxta pulini ololmaganini tasdiqlar ekan, buning sababini quyidagicha izohladi:

“O‘zpaxtasanoat”dan pul tushmayapti. Kelishi bilan fermerlarning hisob-raqamlariga o‘tkazamiz”.

“O‘zpaxtasanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvchi raisi Alisher Maqsudov Ozodlik bilan suhbatda 90 foizdan ortiq andijonlik fermerlar bilan hisob-kitob qilinganini aytdi:

Fermerlarga 2019 yil hosil puli berish respublika bo‘yicha 90 foizga yopilgan.


- Bu oyning oxirigacha yopib yuboramiz. Hozir fonddan pulni kutyapmiz. Chunki bu ozgina 10-15 kunga to‘xtab qoldi-da. Fondga pul tushishi masalasi og‘ir bo‘lib qoldi. Uch-to‘rt yil oldin may-iyunga borib yopilardi, faqat o‘tgan yili 31 dekabrga yopildi. O‘zi arzimagan pul qolgan. Lekin, fermerlarga 2019 yil hosil puli berish respublika bo‘yicha 90 foizga yopilgan. Uch-to‘rt kun ichida hammasini yopamiz.

Ammo Andijon tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri, tuman bo‘yicha sanoqli fermerlargina paxta pulini olganini aytdi:

“90 foiz? Rais bu raqamlarni qayerdan oldi yoki unga shunday ma’lumot berishyaptimikin? Men ishlayotgan hududda hech kim hali bir so‘m olgani yo‘q. Har kuni bankka borib turibmiz. Pul tushmagan. Mening o‘zimni yaqin 50 million so‘m pulim turibdi. Balki rais aytganidek pul o‘tkazilganu, zavoddagilar o‘yin qilishyaptimi, bunisini endi raisu zavoddagilar kelishib olsin".

Ozodlik O‘zbekistonda klaster tizimida ishlayotgan fermerlar ham paxta pulini ololmayotgani haqida bir necha xabar bergan.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan: