Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanidagi ayrim maktab direktorlari va muallimlari tuman hokimligini maktablar ishiga noqonuniy aralashayotganlikda ayblamoqda.
Ozodlik gaplashgan o‘rtachirchiqlik ta’lim xodimlarining aytishicha, tuman hokimi muovini Farhod Sultonov buyrug‘i asosida tuman IIB, prokuratura, moliya idoralari xodimlari va Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat ishchi guruh dars payti tekshiruv o‘tkazmoqda.
Bu esa¸ o‘qituvchilarga ko‘ra¸ ta’lim jarayoniga xalaqit qilmoqda, o‘qituvchi va o‘quvchilarni chalg‘itmoqda.
Maktab direktorlari ta’lim muassasalari faoliyatiga bunday aralashuv prezidentning maktablarni hokimliklar tazyiqidan qutqarishga qaratilgan 5538-qaroriga zid ekaniga ham e’tibor qaratdi.
Tekshiruv ishchi guruhining Ozodlik bog‘langan faollari O‘rtachirchiq tumani maktablarida ta’lim-tarbiya jarayonini o‘rganish to‘g‘risida tuman hokimligi buyrug‘iga asosan maktablarni taftish qilayotganliklarini aytdi.
Bunday buyruqqa qo‘l qo‘ygan O‘rtachirchiq tumani hokimi muovini Farhod Sultonovning o‘zi bilan kun davomida bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi.
O‘rtachirchiq tumani maktablaridan biri o‘qituvchisi (ismi uning iltimosiga ko‘ra sir tutilmoqda) tekshiruvlar o‘nta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilayotganini aytadi:
Besh-olti g‘o‘daygan darsni bo‘lib kirib, konspektlarimizni, bolalarning kundaligini tekshiryapti. Bu yoqada dars qolib ketyapti...
- Besh-olti g‘o‘daygan darsni bo‘lib kirib, konspektlarimizni, bolalarni kundaligini tekshiryapti. Qo‘lida savolnoma bor. U yerga qarasangiz¸ o‘quvchilarning davomati, formada kelish-kelmasligi, o‘qituvchilarni darsga tayyorligi qanday, mana shunaqa savollar. Ya’ni yarmidan ko‘pi hokimlik zimmasiga kirmaydigan narsalar. Dars qolib ketayapti, maktab direktorlari kun bo‘yi bularning ketida, tag‘in yedirib-ichirib yuborish ham kerak, bizda shusiz bo‘lmaydiku, - deydi o‘qituvchi.
Tekshiruvlar bo‘layotganini O‘rtachirchiqdagi boshqa maktab direktori ham tasdiqladi.
- Hozir biz bu haqda prezident portaliga yozmoqchi bo‘lib turibmiz, chunki hokimlikning bu ishi prezident farmonlariga to‘g‘ri kelmaydi. Hokimlik bizning ishimizga noqonuniy aralashayapti. Tuman xalq ta’limi mudiriga aytsak u kishi ham hokimlikka qaram bir odam, qo‘lidan hech narsa kelmaydi, - dedi ismi ochiqlanmasligini istagan o‘rtachirchiqlik maktab direktori.
Ozodlikka taqdim etilgan hujjatda O‘rtachirchiq tumani hokimi o‘rinbosari Farhod Sultonov tekshiruvlarni tumandagi barcha 63 ta maktabda o‘tkazish haqida buyruq bergan.
Tekshiruv ishchi guruhi faollaridan biri ularning ishi o‘quv jarayoniga xalaqit qilayotgani haqidagi iddaolarni rad qildi.
O‘qishga xalaqit bermaydigan darajada qilyapmiz bu narsani. Bitta sinfga kirgandan keyin uzog‘i besh minut ham ketmayapti. Jurnalini tekshiramiz, to‘g‘ri dars beryaptimi, konspekti bormi, shuni tekshiramiz,
- So‘rovnoma qilib bergan, shu bo‘yicha o‘tkazilayapti. Lekin, biz iloji boricha o‘qishga xalaqit bermaydigan darajada qilayapmiz bu narsani. Bitta sinfga kirgandan keyin uzog‘i besh minut ham ketmayapti. Jurnalini tekshiramiz, to‘g‘ri dars berayaptimi, konspekti bormi, shuni tekshiramiz, - dedi O‘rtachirchiq tumani Moliya bo‘limidan bo‘lgan tekshiruvchi.
Maktablarda bunday tekshiruv o‘tkazish nega aynan hozir zarur bo‘lib qoldi¸ degan savolga bu rasmiy:
- Buni Farhod Sultonovdan so‘rang, - deb javob qildi.
Ozodlik O‘rtachirchiq tumani hokimining muovini Farhod Sultonovdan ham¸ tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbari Aziz Ochilovdan ham maktablardagi tekshiruvlar yuzasidan izoh ola olmadi.
Toshkent viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi rasmiylari esa O‘rtachirchiqdagi maktablardagi tekshiruvlardan xabarsiz ekanlari, tuman hokimligi bu haqda o‘zlariga ma’lum qilmaganini aytdi.
O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi huquqshunosining Ozodlikka aytishicha, hokimliklarning maktablardagi ta’lim jarayonini tekshirishga haqqi yo‘q.
- Faqat maktablar qurilishi, moddiy ta’minoti masalalariga aralashishi mumkin. Prezidentni 5538-sonli farmoni bor, o‘sha farmonda hokimliklarga qurilish, tashkiliy masalalar yuzasidan vazifalar topshirilgan, lekin ta’lim tizimini tekshirishga ularga hech qanaqa huquq berilmagan. Bu Xalq ta’limi vazirligi zimmasida. Agar maktablar ishiga noqonuniy aralashuv bo‘layotgan bo‘lsa¸ vazirligimizda nazorat-huquqiy xizmat bor, shunga murojaat qilishlari mumkin. O‘tgan yili shunday aralashuvlar ko‘p bo‘lganida, o‘qituvchilarni hokimliklar qurilish ishiga chiqarishganida vazirlik nazorat xizmatidan xodimlar borib bu ishni hal qilib kelgandi, - deydi Xalq ta’limi vazirligi yuristi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil iyul oyidagi hukumat majlisida o‘qituvchilarning turli nazorat organlari tomonidan tekshiruvini cheklash, obodonlashtirish ishlariga o‘qituvchilarni jalb qilish, turli yig‘ilishlarda ishtirok etish, obuna kampaniyasi va o‘zlarining vakolatlari doirasida bo‘lmagan boshqa ishlarga jalb qilishni taqiqlash zarurligini ta’kidlagan edi.
Xalq ta’limi vazirligi rasmiylari agar o‘qituvchilar va xalq ta’limi muassasalari xodimlarining ishiga noqonuniy aralashuvlar bo‘lsa va ularning qonuniy huquqlari buzilsa “Ustoz ovozi” virtual inspektoriga murojaat qilishlarini tavsiya etmoqda.