2385 yil. Turkiyalik prokurorlar Reina hujumchisi Masharipovni shuncha muddatga qamashni so‘radi

Abdulqodir Masharipov qo‘lga olinguniga (o‘ngda) qadar va qo‘lga olinganidan so‘ng (chapda).

Istanbuldagi Reina tungi klubida 2017 yilning 1 yanvariga o‘tar kechasi terror hujumi sodir etgan o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipovga turkiyalik prokurorlar 40 ta umrbod qamoq jazosi so‘radi.

Bu haqda xabar qilgan Onado‘li agentligining yozishicha, Masharipov konstitutsiyaviy tuzumni kuch bilan o‘zgartirishga uringanlik va 39 kishini qasddan o‘ldirganlikda ayblanmoqda.

Hujumchining aybi isbotlangan taqdirda u qurolli terror guruhiga a’zolik ayblovi bo‘yicha 15 yilga, 39 kishini o‘ldirgani uchun esa 2370 yilga qamalishi mumkin.

Reina tungi klubiga hujum ishi bo‘yicha ayblov xulosasida 58 nafar gumonlanuvchining ismi zikr etilgan. Ulardan 18 nafari hibsda, 8 nafarini esa prokurorlar oqlashni tavsiya etganlar.

Mazkur ish bo‘yicha hukm shu yil 23 martida chiqarilishi kutilmoqda.

Tungi klubga hujumda 39 kishi nobud bo‘lgan, 69 odam yaralangan edi. Hujum uchun mas’uliyatni “Islom davlati” guruhi o‘z zimmasiga olgan.

Mavzuga oid avvalgi materiallarni shu sahifadagi "Aloqador" rukni ostida o‘qishingiz mumkin.