Oq uy va Davlat departamentiga ko‘ra, Markaziy Osiyoga nisbatan yondashuv o‘zgargani asosan mintaqadagi jarayonlarga bog‘liq. O‘zbekiston va Qozog‘istonda rahbarlar yangilangani - AQShning regionga nisbatan strategiyasini yangilagan muhim omillardan biri.
"Umuman olganda strategiyamizning asosi yangi emas," deydi Elis Uells, AQShning mintaqa bo‘yicha bosh diplomati.
Yaqinda Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan Qozog‘iston va O‘zbekistonda prezidentlar, shuningdek, Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari bilan muloqot qilib qaytgan rasmiy deydiki, Vashington mintaqa Rossiya va Xitoydek yirik va qudratli qo‘shnilarga tobe bo‘lib qolishini xohlamaydi.
"Biroq kim bilan qanday hamkorlik qilishni davlatlarning o‘zi erkin tanlay olishi kerak. Amerika ular tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishini istaydi," - deydi Uells.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
AQShning tilagi - Markaziy Osiyo mustahkam region, har bir respublika esa o‘ziga ishongan, farovon, barqaror va erkin yurt bo‘lsin. Yangilangan strategiyada shunga urg‘u beriladi.
Oq uyda Prezident Donald Trampning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maslahatchisi Liza Kurtis va dunyoning bu qismi bilan aloqa va hamkorlikni tebratishga mas’ul Elis Uells bugun taqdim etilgan strategiya ustida bosh qotirgan rasmiylardir. Uni amalga oshirish ham bu ikki xonim zimmasida.
Strategiyaga ko‘ra, AQSh mintaqada olti katta maqsadga ega:
1. Markaziy Osiyo respublikalari mustaqilligi va suverenitetini himoya qilish va mintaqa har tomonlama mustahkam hudud bo‘lishi uchun ko‘maklashish. Amerika har bir davlatni siyosiy va iqtisodiy jihatdan quvvatlab, energetikadan tortib ta’lim sohasigacha, jamiyatlar kuchli tizimlarga aylanishi uchun madad ko‘rsatadi.
2. Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurash. Ekstremizmning oldini olishda harbiy va fuqaroviy chora-tadbirlar ko‘rishdan tortib chegara xavfsizligi va yoshlar bilan ishlashgacha, Qo‘shma Shtatlar 2025-yilgacha o‘nlab million dollar ajratishni ko‘zlamoqda.
3. Afg‘onistonda tinchlikka erishish yo’lida mintaqa bilan yaqindan ishlash. Diplomatik hamkorlik kuchayaveradi. Vashington Afg‘onistonning shimoldagi qo‘shnilari bilan muntazam ravishda maslahatlashib ish ko‘radi.
4. Afg‘oniston va Markaziy Osiyoni bir-biriga bog‘lash. Iqtisod va savdo, energetika va madaniy jihatdan jamiyatlar yaqinlashish uchun ko‘maklashish. Bundan tomonlar manfaatdor. Amerika afg‘on zaminidagi uzoq yillik mojaro tugab, barqarorlik tomon qadam tashlanishida qo‘shnilar ijobiy rol o‘ynay olishi uchun madad ko‘rsatadi.
5. Islohotlar, erkinlik va inson huquqlari targ‘iboti. Demokratik saylovlar, fuqaro jamiyati, mustaqil adliya, oshkoralik, qonun ustuvorligi kabi qadriyatlar olg‘a suriladi. Hozirda boshlangan islohotlar samara berishi uchun yordamlashadi.
6. Markaziy Osiyoga sarmoya qilishni targ‘ib qilish. Mintaqada adolatli biznes muhiti yaratilishi uchun yordamlashadi. Buning uchun zarur o‘zgarishlarni qilishga undaydi va ta’limdan tortib innovatsion tashabbuslargacha, mintaqani iqtisodiy farovonlikka yetaklovchi omillarga e’tibor beraveradi.
Liza Kurtis deydiki, Tramp ma’muriyati nazarida "C5+1", AQSh va Markaziy Osiyoning besh respublikasini bir davraga to‘plovchi formatdagi uchrashuvlar samara bera boshlagan. Hukumatlar bugun bir-birini yaxshiroq tushunadi, deydi u. Lekin xalqlar-chi?
Rasmiylarga ko‘ra, hukumatlar xalqqa xizmat qilishni o‘rganishi, odamlar dardi hukumatlar faoliyatida aks etishida tepadagi olti maqsad amaliyoti muhim rol o‘ynaydi. AQShning muddaosi ham shu, deydi ular. Demokratik davlatlar - Amerika uchun ham ishonchliroq sheriklar.
Bu maqsadlar shu paytgacha ko‘p yangragan va odatda Amerikaning har bir prezidenti mintaqaga nisbatan strategiyani yangilaydi, nafaqat Markaziy Osiyo balki dunyoning barcha qismlari uchun.
Kurtis va Uellsni tinglagan keksa siyosatdonlar fikricha, Amerika mintaqada konstruktiv diplomatiyaga, ehtiyotkorona optimizmga tayanib to‘g‘ri qilmoqda.
Lekin katta va’dalar bermaslik kerak, deydi region bilan ishlagan arboblar. Har bir davlatdagi o‘ziga xos sharoitga qarab, uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prioritetlarni belgilab olib, harakat qilish kerak. Muammolar hech qachon yoppasiga hal bo‘lmaydi. Har qanday o‘zgarish hamkor tomonning qo‘lida ekanini uqtiraverish kerak. Amerika boshqa davlatlar taklif qilmaydigan imkoniyatlarga yo‘l ochishi lozim. Qat’iylik va kuchli iroda talab etiladi.
Navbahor Imamova, "Amerika ovozi"