Toshkentlik Jasur Yo‘ldoshev, buxorolik Jamshid Odinayev, namanganlik Azimjon Soatov Bolgariyaning Varna shahriga ishga kelib ishsiz qolishdi. Bu haqda Ozodlikka ularning o‘zlari gapirib berdilar.
Aytishlaricha, ularni Toshkentdagi Work in world xususiy bandlik agentligi oyiga 400 yevrodan oylik, 150 yevrodan ovqat puli va bepul yotoq berilishini va’da qilib, Bolgariyaga ishga jo‘natgan. Muhojirlarning bildirishicha, Bolgariyaga kelganlaridan so‘ng berilgan va’dalar puchligi aniq bo‘lgan - ular ishsiz qolgan.
Biroq Work in world xususiy bandlik agentligi muhojirlarning bergan bu iddaolarini inkor qildi. Agentlik vakiliga ko‘ra, yuqorida nomi tilga olingan muhojirlarning ishsiz qolishiga ularning "dangasaligi sabab bo‘lgan".
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
"400 yevro u yoqda tursin, 300 yevro ham ishlay olmadik"
- Meni oshpaz yordamchisi bo‘lib ishlaysan, deyishgan edi. “Tilchi?” desam, “Shart emas, bolgarlar rus tilini bilishadi”, deb aytishgan. Oshpazlik tajribam yo‘qligini ham aytganman, ammo bu muhim emasligini aytishib, 400 yevro oylik, 150 yevro ovqat puli va bekor yotoq berilishini va’da qilishgan. Xudoga shukur, bekor yotoq berishdi. Ammo bizni idish-tovoq yuvishga qo‘yishdi, tualetni ham tozalattirishadi.Pul yo‘q. Ovqatga 50 lev (taxminan 28 dollar-tahr.) beradi, u hech narsaga yetmaydi, - dedi Jasur Yo‘ldoshev.
U buxorolik Jamshid Odinayev, namanganlik Azimjon Soatov bilan Varna shahriga 2020 yilning 16 yanvarida kelgan va 19 yanvardan bu yerdagi Happy oshxonalar tarmog‘idan birida ish boshlashgan.
Jamshid Odinayevning aytishicha, qilayotgan ishlari uchun va’da qilingan 400 yevrodan ancha kam, 200 yevro haq olishlarini bilganlaridan so‘ng, ishdan ketib, hozirda ishsiz bo‘lib qolishgan:
- Bu yerda 14-15 soat ishlasak ham oyligimiz 400 yevroga yetmas ekan. Ovqatga beriladigan 150 lev (84 dollar) har kuni bir mahal ovqatlansangiz bir oyga yetadi. Kuniga ikki-uch marta ovqatlanishga yetmaydi. Bizga soatiga 3,5 levdan berishar ekan. Haftasiga bir kun dam olib, kuniga 10 soatdan ishlasak, turli to‘lovlarni chiqarib tashlaganda 300 yevroga yaqin oylik olar ekanmiz. Menga Bolgariyaga kelish uchun bergan pulimni agentlik qaytarib bersin, bilet olib bersin, uyga qaytaman. Chunki bunday oylikka ishlash befoyda.
Shu o‘rinda aytish lozimki, bu uch muhojirning hech biri oshpazlik malakasiga ega emasliklarini bildirishdi.
"Oshpazlik o‘rniga idish-tovoq yuvdirishib, hojatxona tozalattirishdi"
Biroq Work in world xususiy bandlik agentligining o‘zini Jasur deb tanishtirgan vakili muhojirlar bergan bu ma’lumotlarini inkor qildi. Agentlik vakiliga ko‘ra, yuqorida nomi tilga olingan muhojirlarning ishsiz qolishiga ularning "dangasaligi sabab bo‘lgan":
- Agentligimiz Bolgariyaga 40 nafar odamni oshxonalarda ishlash uchun jo‘natgan. Azimjon Soatov masalasida, aytishim mumkinki, oshpaz yordamchisi bo‘lib ishlayotgan edi. Lekin bu ishni eplolmagani uchun ish beruvchi uni idish-tovoq yuvishga o‘tkazgan. Azimjon aka bilan o‘zim gaplashdim, unga hozir Bolgariyada boshqa, o‘ziga munosibroq ish qidirayapman. Biz jo‘natgan 40 odamdan uch-to‘rttasigina mana shunday norozichilik bildirayapti. Bular yaxshi ishlolmagani oqibatida Bolgariyadagi ish beruvchi tomonidan ishdan chetlashtirilgan. Bolgariyalik ish beruvchining bu haqda menga yozgan bildiruvi bor. Qolganlar yaxshi ishlab, oyiga 400-500 yevrodan ish haqi olishayapti, ulardan hali birorta shikoyat tushgan emas, menda o‘zimizning to‘g‘riligimizni isbotlovchi barcha hujjatlar mavjud. Agar norozilar O‘zbekistonga qaytmoqchi bo‘lishsa, marhamat, samolyotga biletlarni sotib olib beramiz.
Ayni paytda muhojirlar agentlik bilan imzolagan shartnomaning 4.3. bandida “Fuqaroning oylik ish haqi miqdori chet el davlati hududida belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kam bo‘lmasligi lozim”, va 4.5. bandida ish vaqti “chet el davlati mehnat qonunlari bilan belgilangan ish vaqti davomiyligidan ortiq bo‘lmasligi lozim” deb belgilangan.
Ochiq manbalardan ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda Bolgariyada eng kam oylik ish haqi miqdori 610 levni (379, 79 dollar) yoki soatiga 3,66 levni tashkil qiladi.
Xususiy bandlik agentliklari ustidan shikoyatlar ko‘p
Ozodlik bundan oldin ham xususiy bandlik agentliklaridan norozi bo‘lgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari haqida yozgan edi.
Ozodlikka kelayotgan shikoyatlar ortidan¸ bunday agentliklarning bir qanchasi faoliyati to‘xtatildi¸ ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, ayrim agentliklarning rahbarlari esa sudlandi.
Jumladan, Human xususiy bandlik agentligi rahbari Shohinur Fayzullayev 27 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Bundan tashqari Toshkent shahrida joylashgan Korean&Migrations xususiy bandlik agentligining uch rahbari hibsga olingani aytilgan.
Ozodlikka murojaat qilganlarning da’vosiga ko‘ra, Korean&Migrations ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan har bir kishidan 32 million 400 ming so‘m miqdorida haq olgan, ammo va’da qilingan muddat yakuniga yetsa ham, hech kim chet elga ishga yuborilmagan.
Ozodlik radiosiga 2019 yilning 25 dekabrida Litvada ishlayotgan bir guruh o‘zbekistonlik muhojirlar murojaat qilib, "Amili Bahora" xususiy bandlik agentligiga aldanib qolganlarini aytgan edilar.
Muhojirlarga ko‘ra, agentlik ularni Germaniyaga ishga yollagan, ammo Litvaga jo‘natgan. Bu yerda muhojirlar ish bilan ta’minlanmay, chiqindixonada jon boqishga majbur bo‘lishganini aytishgan.
Shundan so‘ng Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentlik o‘zbekistonliklarni ortga qaytargan hamda "Amili Bahora" shirkati ularning ayrimlariga to‘lagan pullarini qaytarib bergandi.
Avvalroq O‘zbekistonda ish qidirayotgan shaxslarga chet eldan ish topib berish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30tasi birorta ham fuqaroni xorijiy davlatlarga ishga yubormagani ma’lum qilingan edi.