Qo‘shni davlatlardan qaytayotgan talabalar o‘z viloyatida sirtqi va kechkida o‘qiydi

Tojikiston. Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universitetining o‘zbekistonlik talabalari hujjatlarini olish uchun navbatda turibdi. 2020, 11 fevral.

Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtlaridagi qariyb 25000 o‘zbekistonlik talabaning hammasi oliy ta’lim vazirining 6 fevraldagi buyrug‘i yaratgan imkondan foydalanib O‘zbekistonga qaytsa, ular qayerga sig‘adi, ularni kim o‘qitadi?

Keyingi kunlarda kun tartibiga chiqqan bu savol javobi jo‘n emasligi boshqa bir raqamga qiyoslashdan ham bilinadi: O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlariga joriy o‘quv yilida 80 430 talaba qabul qilingan. Demak, qabul qilingan har 3 talabaning yoniga yana 1 talaba qo‘shiladi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, ba’zi o‘quv yurtlar qaytayotganlar uchun bo‘sh turgan kollej binosini egallashni ko‘zlamoqda, boshqalarning esa hozircha aniq javobi yo‘q.

Qaytayotganlar

12 fevralda Chimkentdagi Silkway xalqaro universitetining Rus tili va adabiyoti fakulteti 1-kursi talabasi sirdaryolik Shahriyorning (ism o‘zgartirildi) qo‘liga “universitetda o‘qiyapti” degan ma’lumotnoma berildi.

Shahriyor sirdaryolik bo‘lgani uchun o‘qishini Guliston davlat universitetiga ko‘chirmoqchi. Chimkentda kunduzgi bo‘limda o‘qiyotgan Shahriyor Gulistonda sirtqi bo‘limda o‘qishga ham rozi. “Kunduzgiga olinmaydi, deyishdiyu sirtqidayam o‘qiyveraman”, dedi Shahriyor. U qo‘lidagi ma’lumotnomani ko‘tarib 13 fevralda Gulistondagi universitetga bormoqchi. Navbatga yozilib qo‘ygan. Navbat raqami 568.

Dushanbedagi Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universiteti Pedagogika fakulteti 1- kurs talabasi, surxondaryolik Navro‘z (ism o‘zgartirilgan) hujjatlarini 12 fevral, kunning birinchi yarmida olishga ulgurmadi. “Tushdan keyin qo‘limga tegadi, deb umid qilib turibman”, dedi Navro‘z. U Dushanbeda sirtdan o‘qir edi. Endi Termizda ham sirtdan o‘qimoqchi.

Qaytarishga majburlar

Qirg‘iziston Ta’lim vazirligi rasmiysi Gulmira Mamitovaning Ozodlikka bildirishicha, bu mamlakat OTMlarida 15 mingdan ziyod o‘zbekistonlik talaba o‘qiydi.

Forbs.kz nashriga ko‘ra, 2018 yili Qozog‘istonda hammasi bo‘lib 14 ming nafar atrofida chet ellik o‘qigan bo‘lib, ularning 3683 nafari o‘zbekistonlik edi.

Qozog‘iston Ta’lim vaziri o‘rinbosari Rustem Bigari 2019 yilning kuzida mamlakatda joriy o‘quv yilida 25 ming chet ellik talaba o‘qishini ma’lum qilgan edi.

Demak, bu mamlakatda shu kunda 5000 nafar atrofida o‘zbekistonlik talaba bor. Birgina Silkway xalqaro universitetidagi (Chimkent) 7200 talabaning 1141 nafari o‘zbekistonlikdir.

Tojikistondagi OTMlarda Ozodlik radiosi tojik xizmati jurnalistlarining 11 fevral kuni o‘rganishicha, hammasi bo‘lib 4000 nafar atrofida o‘zbekistonlik talaba bor. Birgina Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universitetida (Dushanbe) 2500 o‘zbekistonlik o‘qiydi.

Oliy ta’lim vazirligiga ko‘ra, “Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan barcha talabalarga, kursidan qat’iy nazar o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishga ruxsat beriladi”. Demak uch qo‘shni davlatda o‘qiyotgan taqriban 25 ming o‘zbekistonlik talaba potensial qaytuvchidir.

Qaytayotganlarni qabul qilayotganlar

Shu kunlarda O‘zbekistondagi qator OTMlarda uch qo‘shni davlat: Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istondagi oliy o‘quv yurtlaridan qaytadiganlarni qabul qilish bilan shug‘ullanadigan ishchi guruhlari ishlayapti.

Ishchi guruhlar tuzilgan oliy o‘quv yurtlari ro‘yxati.

Guliston davlat universitetida tuzilgan Ishchi guruh vakilidan Ozodlik bu o‘quv yurtiga taxminan 2000 talaba kelishi kutilayotganini, 12 fevralgacha taxminan 1500 talabadan hujjat qabul qilinganini so‘rab bildi. Vakilning aytishicha, qaytayotganlarning 1000 nafarini universitetning mavjud auditoriyalariga sig‘dirish mumkin, qolganlari uchun Yangiyer shahridagi kollej binosini olish rejalashtirilmoqda.

Buxoro Muhandislik texnologiya institutida 12 fevralgacha 500 dan ortiq talabadan hujjat qabul qilindi. Institutda tuzilgan Ishchi guruh vakili Ozodlikka “Qancha talaba kelishi aniqmas. Biz hujjatlarni qabul qilib, vazirlikka jo‘natamiz, vazirlik taqsimlaydi” dedi.

Andijon mashinasozlik instituti vakili Ishchi guruh ishlayotganini aytishdan nariga o‘tishni istamadi.

Qaytish shartlari

Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati 6 fevraldagi buyruq haqidagi xabar berarkan, o‘qishni ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalar qanday mezonlarga asosan qabul qilinishi haqida ma’lumotlarni bergan.

O‘sha xabarda keltirilgan ba’zi ma’lumotlar idora tilidan odmi tilga ko‘chirilsa, mazmuni bu bo‘ladi:

* qaytgan talaba o‘zi yashaydigan viloyatdagi OTMgagina qabul qilinishi mumkin, mutaxassisligi bo‘lmagan taqdirdagina boshqa viloyatdagi o‘quv yurtiga tavsiya qilinishi mumkin;

* qaytgan talaba (bakalavriat) asosan sirtqi va kechki bo‘limlarga qabul qilinadi.

Biroq.... vazirlikning boshqa bir xabaridan iqtibos: “Qo‘shni davlatlar oliy ta’lim muassasalarida istalgan ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirishlariga ruxsat etiladi”.

Qaytish muddati uzaytirildi

11 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish muddatini 15 martga qadar uzaytirdi.

Vazirlik o‘z qarorini “talabalar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadi” bilan izohlagan.