Xitoyning koronavirus tarqalgan Uxan shahridan evakuatsiya qilingan ukrainaliklarning birinchi guruhi Poltava viloyatining Novi Sanjari qishlog‘iga olib kelinishi bilan to‘polon boshlanib ketdi.
Virusni yuqtirgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan kishilarning 20 fevralda bu joyga olib kelinishiga qarshi bo‘lgan qishloqliklar evakuatsiya qilinganlarga qarata toshlar otdi va politsiya xodimlari bilan to‘qnashdi.
Ukraina hokimiyat idoralari uchoqda Uxandan evakuatsiya qilingan kishilarning 47 nafari ukrainlar, 27 nafari chet elliklar, shuningdek, tibbiyot xodimlari va ekipaj a’zolari bo‘lganini ma’lum qildi.
Chet elliklar qaysi mamlakatlar vatandoshlari ekani o‘sha zahotiyoq oshkor qilinmadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 20 fevralda Feysbukdagi sahifasida ukrainaliklar va bir qancha chet elliklar bortida bo‘lgan uchoq Xarkovga qo‘nishdan oldin yonilg‘i quyish uchun qisqa muddat Kiyevning Borispol aeroportilda to‘xtab o‘tganini, guruh karantin joyiga avtobuslarda olib borilgani haqida yozuv qoldirdi.
Zelenskiyga ko‘ra, Uxandan kelgan barcha kishilar Milliy gvardiyaning Novi Sanjaridagi tibbiyot markazida 14 kun davomida karantinda saqlanadi.
Qishloq aholisi avtobus oynasidan qarab ketayotgan niqobli kishilarga qarata toshlar otdi. Bir avtobusning derazalari sindi, lekin unda ketayotgan biror kishi yarador bo‘lganmi-yo‘qmi ma’lum emas.
Politsiya bayonotida aytilishicha, to‘qnashuvdan so‘ng 9 nafar politsiya xodimi va bir oddiy vatandosh kasalxonaga yotqizilgan va 24 nafar norozilik namoyishchisi hibsga olingan.
Zelenskiy o‘sha kishilar ukrainlar tabiatining yaxshi taraflarini ko‘rsatmaganini hamda karantindagi kishilar qishloq aholisiga xavf tug‘dirmasligini aytdi.
Ukraina sog‘liq saqlash vaziri Zoryana Skaletska qishloq aholisini karantin xavfsiz ekaniga ishontirish uchun 2 hafta evakuatsiya qilinganlar bilan birga yashashini ma’lum qildi.
Norozilik namoyishchilari Ukraina g‘arbidagi Lvov viloyatida qisqa vaqt magistral yo‘llardan birini to‘sib qo‘ydi. Bunga Uxandan evakuatsiya qilingan kishilar u yerdagi harbiy shifoxonaga yotqizilishi haqidagi mish-mishlar sabab bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat idoralari mish-mishlarni inkor qildi.
Xitoy hukumati koronavirusdan 2233 kishi vafot etganini, ushbu virusni jami 75 ming kishi yuqtirib olgani haqida xabar berdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoning boshqa 30 ga yaqin mamlakatida 1076 ta virus yuqtirilgan holat qayd etilganini bildirdi.
Xitoy hokimiyat idoralari 11 million kishilik nufuzga ega Uxan shahrini qattiq izolyatsiya qilib qo‘ydi. Ko‘plab mamlakatlar vatandoshlarini u yerdan olib chiqib ketdi va ularni u yoki bu tarzda karantinga soldi.