Qozoq faolining o‘limini tergov qilishga da’vat qilganlar hibsga olinmoqda (VIDEO)

Nur-Sultondagi namoyishlar, 1 mart, 2020

Qozog‘istonda mashhur huquq himoyachisi o‘limini xolis tergov qilish talabi bilan 1 mart kuni Nur-Sultonda o‘tkazilishi rejalangan namoyishga imkon berilmadi.

Politsiya muxolifatning namoyish chaqirig‘i ortidan yakshanba kuni shahardagi asosiy maydonlarga kirish yo‘lini to‘sib qo‘ydi, yig‘ilishga uringan o‘nlab kishini qo‘lga oldi.

Tashkilotchilar, shuningdek, sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning siyosatdan butunlay ketishini talab qilib keladi.

Politsiyaning muhim joylarni o‘rab olgani, hibsga olishlar va norozilik namoyishiga chiquvchilarni so‘roqqa chaqirishi haqidagi ogohlantiruvlar norozilarga poytaxt Nur-Sulton va boshqa shaharlar markaziga yig‘ilish imkonini bermadi.

Tadbirlar rejalashtirilgan ayrim joylarda mobil internet to‘sib qo‘yildi.

“Ozodlik” radiosi muxbirlari Nur-Sultonda kamida 14 kishi, Almatida kamida 36 kishi, Shimkentda 15 kishi, Aqto‘beda esa 10 ga yaqin kishi hibsga olinganiga guvoh bo‘ldi.

6 farzandning otasi 43 yashar faol Dulat Ag‘adil 24 fevralda hibsga olingandan so‘ng oradan bir necha soat o‘tib vafot etgan.

Amaldorlar u “yurak yetishmovchiligidan o‘lgani va tanasida qiynoq izlari bo‘lmagani”ni aytgan.

Norozilik namoyishchilari Ag‘adilning o‘limida amaldagi hukumat va amaldorlarni – jumladan, Nazarboyev va so‘nggi 30 yilda u bino qilgan tizimni – ayblamoqda.

Ag‘adilning qo‘l va oyoqlarida yaralar, yelkasi, orqasi, bilaklari va tanasining boshqa qismlarida ko‘karib ketgan joylar borligi aks etgan video paydo bo‘lgandan so‘ng faollar buning sabablari tergov qilinishi bo‘yicha talablarni jadallashtirdi.

Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev 29 fevralda Ag‘adilning o‘limi yuzasidan saqlagan sukutni buzib, shunday dedi:

“Men jamoatchilik noroziligini hisobga olib, ushbu masalani puxta o‘rganib chiqdim va ishonch bilan aytishim mumkinki, faol Ag‘adil yurak yetishmovchiligi oqibatida o‘lgan. Buning teskarisini aytish haqiqatni rad etishdan boshqa narsa emas”.

Avvalgi prezident Nazarboyev o‘tgan yili prezidentlik lavozimidan ketgan bo‘lsa-da, tobora ta’sir kuchi oshib borayotgan Qozog‘iston Xavfsizlik kengashiga raisligi va boshqa vositalar orqali hukumat siyosatiga ta’sirini saqlab qolmoqda.