Qozog‘iston IIV: 80 ga yaqin kishi 1 mart kungi mitinglarda qo‘lga olindi

Politsiya xodimlari miting ishtirokchilaridan birini qo‘lga olib, politsiya bo‘limiga olib ketish uchun mashinaga o‘tirishga majburlamoqda.Olmaota, 2020, 1 mart.

Qozog‘iston politsiyasining 1 mart kuni mitinglarning “oldini olish” tadbirlari davomida politsiya organlariga “80 ga yaqin kishi keltirildi”. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vaziri Erlan Turgumbayev dushanba kuni bayonot berdi.

Qozog‘iston ichki ishlar vazirining dushanba kuni jurnalistlarga aytishicha, huquq faoli Dulat Agadilning qo‘lga olinganidan sanoqli soatlar o‘tib qamoqda mavhum bir holatda halok bo‘lgani munosabati bilan muxolif guruhlarning 1 mart kuni miting o‘tkazish haqidagi e’loni ortidan politsiyaning mitinglarning “oldini olish”ga qaratilgan urinishlari natijasida politsiya organlariga “80 ga yaqin kishi keltirilgan”.

«Qo‘lga olinganlarning deyarli barchasi profilaktik suhbatdan keyin qo‘yib yuborilgan», — dedi Turgumbayev va bir kishi jarimaga tortilgani, uch nafari hibsga olinganini, ikki nafari “politsiyaga qarshilik ko‘rsatish” ayblovi, yana bir kishi – “ruxsat etilmagan mitingni tashkillashtirish” ayblovi bilan panjara ortiga o‘tkazilganini ma’lum qildi.

1 mart kungi mitinglar ishtirokchilarining asosan Olmaota, Nur-Sulton, shuningdek, Chimkent, Akto'be va Atirauda qo‘lga olingani ehtimoli yuqori. Bir necha qo‘lga olinganlar haqida Uralskdagi muxbirlar xabar berishdi. Odamlarni asosan ular shahar hokimiyatlari binolari va maydonlariga kelish urinishi paytida ushlashdi, atrofdagi ko‘chalar uchastkalari esa politsiya tomonidan o‘rab olingan. Ko‘plab faollarni uyidan chiqqan paytda ushlab ketishgan.


Tinch namoyishchilarning qo‘lga olinishi haqidagi ma’lumotlarni chop etayotgan huquq himoyachilari va faollar, kamida 144 kishi 1 mart kuni norozilik mitinglari munosabati bilan qo‘lga olingani va ta’qibga uchragan mitinglar o‘tkazilishi borasida xorijda yashayotgan muxolif siyosatchi Muxtor Ablyazov, uning “Qozog‘iston Demokratik tanlovi” harakati (DTH Qozog‘iston sudi tomonidan “ekstremistik” tashkilot deb tan olingan, Yevroparlament rezolyutsiyasida u “tinch muxolif harakati” deb ataladi) va ular tomonidan dastaklanadigan «Ko‘she partiyasi» yakshanba kuni kechqurun xabar qilishdi.

1 mart kuni hokimiyatlar binolari qarshisida yig‘ilish chaqirig‘ini «Oyan, Qazaqstan» va «Respublika» harakatlari ham ilgari surishdi.

Vazir Turgumbayev politsiya xulosasiga ko‘ra, “o‘tkir yurak yetishmovchiligidan” halok bo‘lgan faol Dulat Agadil o‘limi to‘g‘risida so‘z aytmagan.

29 fevral kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev mahalliy Informburo yangiliklar saytiga bergan intervyusida politsiya ilgari surgan xulosani deyarli qo‘llab-quvvatladi, vaholanki, faolning o‘limi to‘g‘risidagi xabardan keyin butun mamlakat bo‘ylab bo‘lib o‘tgan motam aksiyasi va noroziliklar ishtirokchilari bu xulosaning to‘g‘riligiga shubha bildirishgandi.

O‘tgan hafta odamlar politsiya, prokuratura va hokimiyatlar binolari oldida to‘planib, 22 fevral kuni ma’muriy qamoqqa olingan namoyish ishtirokchilarning barchasini ozod qilish talabi bilan yig‘ilishdi. Huquq himoyachilari va faollar bir necha marta rasmiylarning o‘lim sababi sifatida “o‘tkir yurak yetishmovchiligi” borasidagi versiyasiga ishonmasliklarini bayon qilishdi.

Norozilik namoyishlariga chiqayotgan odamlarning aytishlaricha, rasmiylarning so‘zlariga ishonishmaydi, ular izolyatordagi o‘lim uchun mas’uliyatni rasmiylar zimmasiga yuklamoqdalar, mamlakat siyosiy rahbariyatini iste’foga chiqishi va sobiq prezident Nursulton Nazarboyevni nufuzli Xavfsizlik Kengashi lavozimidan ketishini talab qiluvchi chaqiriqlar yangramoqda.