Tergov departamenti tergovchilar Straus house" shirkati rahbaridan $1 mln pora so‘raganini rad etdi

"Straus house" tuyaqush shirkati rahbari Ibrohim Isroilov odamlarga 8 milliard so‘mdan ko‘proq zarar yetkazganlikda ayblanmoqda.

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti yuzlab odamni chuv tushirganlikda ayblanayotgan "Straus house" tuyaqush shirkati rahbari Ibrohim Isroilovdan tergovchilar jinoyat ishini yopish uchun 1 million dollar pora so‘raganini rad qildi.

Kun.uz saytida e’lon qilingan videoda aytilishicha, 2 mart kuni Interpolning Toshkentdagi milliy byurosida o‘tgan matbuot anjumanida ​Tergov departamenti rasmiy vakili bu haqda gapirar ekan: «Qaysi ahmoq bir million dollar talab qiladi bank hisobida uch million so‘mdan ortiq puli bo‘lmagan odamdan”, degan.

Rasmiyga ko‘ra, "Straus house" tuyaqush shirkati rahbari Ibrohim Isroilovning o‘z puli bo‘lmagan, u odamlardan tuyaqush olib kelib berishga olingan pullarni noqonuniy o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan.

- Odamlardan tuyaqush olib kelib berish uchun olingan pullardan 745 millionini u avvalgi jinoyat ishi doirasidagi qarzdorligini yopish uchun ishlatgan. U odamlarni ishga jo‘nataman deb pul olgan, lekin jo‘natmagan. U o‘sha odamlarning oldidagi qarzdorligini tuyaqushga berilgan pul bilan yopgan,-dedi rasmiy.

Unga ko‘ra, "Straus house" tuyaqush shirkati odamlardan yig‘ilgan pulning yuz ming dollarini timsoh olib kelish uchun Tailanddagi bir shirkatga o‘tkazgan. 180 ming dollarni esa Pokistondagi qimmatbaho tosh bilan savdo qiluvchi shirkatga qimmatbaho toshlarni sotib olish uchun bergan.

- Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ikki oy olib borgan muzokaralardan so‘ng bu pul O‘zbekistonga qaytarildi,- dedi rasmiy.

"Straus house" tuyaqush shirkati rahbari Ibrohim Isroilov ​27 fevral kuni Toshkent shahar Yakkasaroy tuman jinoyat ishlari sudida o‘zi va yana uch sherigi ustidan boshlangan ochiq mahkamada tergovchi ishni bosti-bosti qilish uchun o‘zidan 1 million AQSh dollari miqdorida pora so‘raganini iddao qilgan edi.

Isroilov va u asos solgan tuyaqushchilik shirkati direktori, direktor muovini va hisobchisi 300 dan ortiq fuqaroning milliardlab so‘m miqdordagi pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilishda ayblanmoqda.

Oliy sud e’lon qilgan bayonotga ko‘ra¸ tergov jarayonida 300dan ortiq jabrlanuvchi va fuqaro da’vosi o‘rganib chiqilgani va ularga yetkazilgan moddiy zarar miqdori qariyb 8 milliard so‘m deb baholangan.

Shundan dastlabki tergov mobaynida¸ aytilishicha¸ 1,8 milliard so‘mdan ortig‘i undirilgan.

Ikki yil avval mahalliy matbuot va televideniye ¸ shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda "Straus House" shirkati Janubiy Afrikadan keltiriladigan tuyaqush jo‘jalari donasini o‘rtacha 2 million so‘mdan sotib olib¸ boyish haqidagi reklama e’lonlari bilan tanildi.