Toshkentdagi maktabda o‘qituvchi "formasiz kelgan" o‘quvchi yubkasini tushirib yubordi

Toshkentning Uchtepa tumanidagi maktabda o‘quvchi qizning darsga zamokli yubkada kelgani sinf rahbari jahlini chiqargan.

2 mart kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi "formada kelmagan" 6-sinf o‘quvchisiga dakki berayotib, sinfdoshlari oldida uning yubkasini pastga tushirib yubordi.

O‘quvchi qizning bu haqda Ozodlikka xabar qilgan onasining aytishicha, qizi sinfdoshlari oldida izza bo‘lgani ortidan maktabga borishga qo‘rqib qolgan.

O‘zbekiston maktablarida o‘quvchilarni hukumat qarorida belgilangan tashqi qiyofada kelishga majburlash ​ba’zida ularning sinfdoshlari oldida izza qilinishiga sabab bo‘lmoqda.

Bundan oldin Jizzaxdagi maktablarda ichki tartib qoidalarini buzgan o‘quvchilar doskaga chiqarilib, sochi chizg‘ich bilan o‘lchanayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda munozaraga sabab bo‘lgandi.

Toshkentning Uchtepa tumanidagi maktabda (qaysi maktabligi Ozodlikka ma’lum) 6-sinf o‘quvchisi "formada kelmagani uchun" sinfdoshlari oldida izza qilingani to‘g‘risida uning onasi aytganlarini qizning ikki sinfdoshi tasdiqladi.

Sinfdoshlaridan birining aytishicha, o‘quvchi qiz old tomonida beldan etakkacha zamok o‘rnatilgan yubkada kelgani sinf rahbari jahlini chiqargan.

Uchinchi soat ingliz tili darsi payti sinf rahbarimiz darsni bo‘lib kirdi. Formada kelmagan qizlarni doska oldiga chiqardi. Jahl qilib yubkasi zamogini pastga tortib ochib yubordi.

- Uchinchi soat ingliz tili darsi payti sinf rahbarimiz darsni bo‘lib kirdi. Formada kelmagan qizlarni doska oldiga chiqardi. Jahl qilib yubkasi zamogini pastga tortib ochib yubordi. Keyin hamma bolalar ustidan kuldi, - dedi izza bo‘lgan qizning sinfdoshlaridan biri.

Onasining Ozodlikka aytishicha, qizi shokka tushgan¸ sinfdoshlari oldida izza bo‘lganidan keyin maktabga borishga qo‘rqib qolgan.

- Muallim yubkasining zamogini pastga tortib, yechib yuborgan payt, o‘g‘il bolalar "anatingni ko‘rib oldik", deb ustidan kulgan. Hozir maktabga borishga qo‘rqib qolgan. Sinf rahbari dars payti, sinfdoshlari oldida shu ishni qilgan ekan-da, - dedi qizning onasi.

Qizning sinf rahbari (ism-familiyasi Ozodlikka ma’lum) maktab formasida kelmagan o‘quvchilarni doskaga chiqarib, ularga dakki berganini Ozodlikka tasdiqladi.

Lekin, muallim qizning yubkasini yechganini rad etdi.

Bu qizniki qora yubka, beldan pastigacha zamokli ekan. Yubkangni almashtir, dedim. Ertaga boshqa yubka kiyib kelasan, dedim. Xo‘p, dedi.

- Forma masalasida gaplashdim. Bitta-bitta alohida doskaga chiqarib, alohida aytdim. Bu qizniki qora yubka, beldan pastigacha zamokli ekan. Yubkangni almashtir, dedim. Ertaga boshqa yubka kiyib kelasan, dedim. Xo‘p, dedi. Lekin, yubkasi yechilib ketdi, degan narsa bo‘lmagan, - dedi muallim.

Sinf rahbari o‘g‘il bolalar qizning ustidan kulganini istisno qilmadi.

- Yonida o‘tiradigan to‘polonchi bola bor, yana ikki bola bor, men ketganimdan keyin ustidan kulishibdi. U keyin yig‘lagan. Men u bolalarni ushlab, gaplashdim, - dedi muallim.

"Qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish…​mi?"

Bundan oldin o‘tgan hafta Jizzaxdagi maktablarda ichki tartib qoidalarini buzgan o‘quvchilar doskaga chiqarilib, sochi chizg‘ich bilan o‘lchanayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda munozaraga sabab bo‘lgandi.

Jizzax shahridagi 24-maktab telegram kanalida o‘qituvchilar o‘quvchilarning sochini chizg‘ich bilan o‘lchashayotgani rasmlari fevral oyi ohirida e’lon qilindi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Jizzax maktablarida o‘quvchilarning soch uzunligi o‘lchanayotganiga oid fotosuratlarni izohlar ekan buni "qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarish…​" deb atagandi.

Qani endi, ta’lim sifatini yaxshilash va o‘z malakasini oshirish bo‘yicha qarorlarni shunchalik jon kuydirib ijro etishsa joylarda…

"Qani endi, ta’lim sifatini yaxshilash va o‘z malakasini oshirish bo‘yicha qarorlarni shunchalik jon kuydirib ijro etishsa joylarda…", - deb bayonot bergandi Shermatov 29 fevral kuni.

Ayni paytda Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan ota-onalar o‘quvchilarni yagona forma kiyish va odob-ahloq qoidalariga ko‘ndirish darslarning muntazam bo‘linishiga sabab bo‘layotgani va ta’lim sifatiga yomon ta’sir qilayotganini aytishadi.

- Ingliz tili darsi bo‘lyapti. Sinf rahbari darsni bo‘lib kirib, yarim soat forma haqida gapiryapti. Shuni darsdan tashqari paytda, alohida kabinetda, bizning ishtirokimiz bilan muhokama qilishsa bo‘ladi-ku, sinfdoshlari oldida qizni shok holatiga tushirgandan ko‘ra, - dedi Toshkentning Uchtepa tumanidagi maktabda formada kelmagani uchun izza qilingan qizning onasi.

O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligining matbuot kotibi Anvar Umarov 3 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda ichki odob-intizom masalalari darsga xalaqit qilinmagan xolda muhokama qilinishi kerakligini aytdi.

- O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2018 yil, 14 avgust kungi 666- qarori bor. Shu yerda o‘quvchining tashqi ko‘rinishi bo‘yicha talablar bor. Shu talablarning bajarilishini ota-onalar ta’minlashi kerak. Ota-onasini chaqiradi , tushuntirish ishlarini olib boradi. Lekin, dars payti o‘qituvchi darsini o‘tishi kerak. Dars muqaddas narsa, - dedi Umarov.

Ozodlik gaplashgan ota-onalar esa, maktablarda o‘quvchilarning tashqi ko‘rinishini bir qolipga solish jarayoni zo‘ravonlikka aylanib ketayotganidan tashvishda ekanliklarini aytishadi.

“Biz bolalarimizni maktabga ta’lim olsin¸ o‘qisin¸ deb yuboramiz. Bular esa¸ ta’lim berish u yoqda qolib¸ soching uzun¸ yubkang kalta degan narsalar bilan vaqt o‘tkazayapti. Vazirlar Mahkamasining qarori o‘qituvchilarni ilm berish o‘rniga¸ axloq politsiyasiga aylantirib qo‘ymoqda”¸ deydi Ozodlik gaplashgan toshkentlik ota-onalardan yana biri.

E’tirozlarga sabab bo‘layotgan 666-sonli qaror

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 666-sonli qarori “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlanadi.

Yagona formaga o‘tishga oid ikki bandi ijrosi kechiktirilgan¸ ammo qolgan bandlari kuchda qolgan qarorda¸ o‘quvchilarning maktabga qanday tashqi qiyofada kelishi mayda tafsilotlargacha belgilab berilgan.

Xususan¸ unda o‘quvchining maktabga tor kiyimda kelishi taqiqlanadi¸ qizlar uchun yubkaning uzunligi tizzadan 5 — 15 sm pastda bo‘lishi; o‘g‘il bolalar uchun shimning uzunligi oyoq to‘pig‘idan pastda bo‘lishi; oyoq kiyimlar poshnasining 3 santimetrdan baland bo‘lmasligi; ko‘ylakning eng yuqoridagi faqat bitta tugmasidan tashqari boshqa tugmalarning qadalgan bo‘lishi; kiyimlarning toza va dazmollangan bo‘lishi shart" qilib belgilangan.

Qarorda soch¸ tirnoq¸ makiyaj va taqinchoqlar haqida ham alohida talab belgilangan bo‘lib¸ unga ko‘ra:

o‘g‘il bola o‘quvchilarning sochi 2-3 santimetrdan uzun bo‘lgan va yorqin ranglarga bo‘yagan holda kelishlariga; qiz bola o‘quvchilarning ta’lim muassasasiga tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirgan yoki pirsing qilgan, sochini yorqin ranglarga bo‘yagan, yuzini ko‘zga tashlanadigan darajada makiyaj qilgan, qulog‘iga bittadan ortiq sirg‘a taqqan, barmoqlariga uzuk taqqan, qo‘l tirnoqlarini bo‘yagan va uzun qilib o‘stirgan holda kelishlariga yo‘l qo‘yilmaydi”.

O‘quvchi¸ aniqrog‘i¸ o‘smir yoshidagilarning tatuirovka qilishi qanday taqiqlangan bo‘lsa¸ maktabga u yoki bu dinga mansublikni ko‘rsatuvchi kiyimda¸ xususan¸ ro‘mol va hijobda kelishi ham taqiqlangan.

Ayni paytda¸ qarorda bunday talablarga bo‘ysunmaslik uchun javobgarlik ham belgilangan.

Unga ko‘ra, maktab formasi talablariga bo‘ysunmagan o‘quvchilarga avvaliga ogohlantirish beriladi¸ bu holat o‘quvchining kundalik daftariga qayd etiladi¸ ota-onasi xabardor qilinadi va bu choralar natija bermagan taqdirda¸ maktab va mahalla yig‘ilishlarida ota-onalar ishtirokida muhokama qilinadi.

Joriy o‘quv yilidan O‘zbekiston bo‘ylab mazkur qaror ijrosi bilan shug‘ullanish qattiq topshirilgani ortidan¸ Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ maktabga qarorda belgilangan tashqi qiyofada kelmagan o‘quvchilarni maktabga kiritmaslik¸ ularni butun maktab oldida izza qilish holatlari ko‘payib bormoqda.