Turkmaniston koronavirus sababli chegarasini yopgani ortidan Eronning “Lutfobod” bojxona postida o‘zbekistonlik 11 nafar haydovchi uylariga qayta olmayapti.
Eronda qolib ketgan haydovchilar 6 mart kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali uylariga qaytishda ko‘mak so‘rab prezident Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘lladi.
Videoda davlatlararo yuk tashish bilan shug‘ullanadigan bir guruh haydovchilar Eronning “Lutfobod” bojxona postidagi terminalda 23 fevraldan beri qolayotganliklarini aytishgan.
“O‘shandan beri mashinalarimizda yashayapmiz. Biz tegishli idoralarga murojaat qildik. Ammo ijobiy natija yo‘q”, deydi videoda murojaatni o‘qib eshittirgan haydovchilardan biri.
Unga ko‘ra, haydovchilarning hammasi sog‘-salomat, ularda koronavirus alomatlari sezilmagan.
“Biz hammamiz soppa-sog‘miz. Kasallik tarqalgan joy bizdan ming kilometr uzoqda. Konvoy bilan bo‘lsa ham bu yerdan olib chiqib ketishsa rozimiz. Vatanimizga yetib olsak bo‘ldi”, deydi vidoeoda haydovchilardan yana biri.
Ularning aytishlaricha, Turkmanistonga qarashli yuk mashinalari chegaradan to‘siqsiz o‘tib, yuklarini yuklab yana ortga qaytishmoqda.
Hozircha ushbu video yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi tashkilotlar munosabat bildirmadi.
Xitoydan so‘ng koronavirus eng ko‘p o‘limga sabab bo‘layotgan Eron islom jumhuriyatida o‘tgan haftadan juma namozlari taqiqlangandi.
6 mart holatiga ko‘ra, Eronda koronavirusga chalinganlar soni 4774 kishiga etdi. So‘nggi 24 soat ichida koronavirusga chalinganlardan 17 nafari vafot etdi. Bu kasallikdan o‘lganlar soni Eronda yuz kishiga yaqinlab qoldi.
So‘nggi haftalarda Turkmaniston chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirgan va vatandoshlar chet mamlakatlarga safar qilmaslikka da’vat etilmoqda. Yerdagi chegaralar, dengiz portlari yopilgan, uchoqda mamlakatga kelayotgan yo‘lovchilar nazorati kuchaytirilgan.
Poytaxtda to‘y va boshqa ijtimoiy tadbirlar bekor qilinmoqda, sport zallari hamda suzish basseynlar va boshqa sport inshootlari yopib qo‘yildi.
Ayni paytda Turkmanistonda koronavirus haqida gapirishga taqiq qo‘yilgan, o‘tgan yil dekabridan beri tarqalib, shu kungacha 3200 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan kasallik haqida na hokimiyat idoralari va axborot vositalari og‘iz ochdi.
Avvalroq Ozodlik radiosi poytaxt Ashxobod yaqinidagi Cho‘ganli kasalxonasida ishlovchi tibbiyot xodimlaridan biri 2 mart kuni kamida 2 nafar turkman koronavirus yuqtirgani aniqlanganini iddao qilgani haqida xabar bergan edi. Unga ko‘ra, bu ma’lumot barchadan sir tutilmoqda, kasallikka chalinganlar esa “qattiq izolyatsiya”da ushlab turilibdi.
Ammo Ashxoboddagi Yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash markazi xodimi 3 martda Turkmanistonda bemorlar koronavirus yuqtirgani haqidagi gap-so‘zlarni keskin rad etgan.
Ayni paytda O‘zbekistonda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi qoshida tuzilgan koronavirusga qarshi markaziy shtab aholini har kuni mazkur kasallik bilan bog‘liq vaziyat haqida ogohlantirib turibdi.
Rasmiy ma’lumotda aytilishicha; “O‘zbekiston Respublikasida 2020 yil 7 mart soat 09:00 gacha “COVID-19” koronavirus infeksiyasi qayd etilmadi”.
“Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 7 mart soat 09:00 gacha dunyoning 101 davlatida jami 102 ming 180 kishida “COVID-19” koronavirus infeksiyasi aniqlangan, ulardan 57 ming 389 nafari sog‘aygan, 3491 nafari vafot etgan. Infeksiya dunyoning 101 davlatida 21 ming 529 holatda qayd etilgan. Kasallikning bir sutkada o‘sishi Xitoyda 141 nafar (0,19 foiz), boshqa davlatlarda 5058 nafarni (23,4 foiz) tashkil qilgan”, deyiladi ma’lumotnomada.