“Puxta o‘ylab, keyin qaror qabul qilishsa, o‘g‘lim sarson bo‘lmas edi. U Qozog‘istondagi o‘qishidan chiqib oldi, O‘zbekistonda esa qabul qilinmadi”. Bu gapni Ozodlikka nukuslik talabaning otasi aytdi.
Otaning aytishicha, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti o‘g‘lining o‘tgan oyda qabul qilib olgan hujjatlarini kuni kecha qaytarib bergan.
Universitet rasmiy vakili qo‘shni davlatlarda o‘qishning masofaviy turida o‘qiyotganlar qabul qilinmasligi, bu haqda Oliy ta’lim vazirining 3 martdagi buyrug‘i asos ekanligini bildirdi.
Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida yashovchi Elmurod Davletovning o‘g‘li Aziz Kaspiy davlat texnologiya va injiniring universitetining 2-kurs talabasi edi.
Aziz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirining 6 fevraldagi buyrug‘i chiqqach, uch qo‘shni davlatda o‘qiyotgan minglab vatandoshlari qatorida O‘zbekistonga qaytishga qaror qildi.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Ishchi guruhi 14 fevralda Azizning hujjatlarini qabul qilib oldi.
Biroq o‘tgan hafta oxirida Azizning Berdaqqa qabul qilinmasligi ma’lum bo‘ldi.
Ehtiroslarini jilovlashga urinar ekan, Elmurod Davletov bunday dedi:
O‘zimizda o‘qiymiz ekan, deb suyunishdi. Mana endi kelganda distansionniyda o‘qiysan ekan, deb olmayapti.
- Kelsangiz, xalqning o‘rtasida turib gapirgan bo‘lardim. O‘zlari chaqirishdi. Bolalar hammasi keldi. O‘zimizda o‘qiymiz ekan, deb suyunishdi. Mana endi kelganda distansionniyda o‘qiysan ekan, deb olmayapti.
Ozodlik Kaspiy universitetida “distansionniy”da o‘qigani uchun Qorqalpoq davlat universitetiga qabul qilinmagan yana bir talaba bilan gaplashdi. Uning tashvishlari ham Aziznikining aynan takroridir.
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektori telefonini ko‘targan xodim ta’limning masofaviy shaklida o‘qiyotgan talabalar Oliy ta’lim vazirining 156- buyrug‘iga binoan qabul qilinmayotganini Ozodlikka bildirdi.
- Masofaviy ta’lim o‘qituvchi va talabaning informatsion texnologiyalar yordamidagi masofadagi o‘zaro muloqoti asosiga quriladigan ta’lim shaklidir.
Universitet vakili tilga olgan 156-buyruqni Oliy ta’lim vaziri 3 martda imzolagani ma’lum bo‘ldi.
Buyruqda qo‘shni davlatlardagi oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha va onlayn tarzda tahsil olayotgan talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berilmasligi belgilab qo‘yilgan.
Vazir o‘z buyrug‘ini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi majlisining 2020 yil 28 fevraldagi 13- bayoni qarorida (hujjatda aynan shunday: “bayoni qarorida” deyilgan) belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadi bilan tushuntirgan.
“Masofaviy” va “onlayn” talabalarga nisbatan vazirning 3 martdagi buyrug‘ida belgilab qo‘yilgan bunday cheklov uning 6 fevraldagi 92- buyrug‘ida yo‘q edi.
6 fevraldagi buyrug‘i bilan uch qo‘shni davlatdagi minglab o‘zbekistonlik talabani, jumladan masofaviy va onlayn o‘qiyotgan talabalarni joyidan qo‘zg‘ab qo‘ygan vazir, oradan bir oy o‘tgach, nega o‘z qaroriga o‘zgartish kiritdi?
Bu savolga javob olish uchun Oliy ta’lim vazirligi matbuot xizmati va masalani bilishi mumkin bo‘lgan boshqarmalari bilan kun davomida baog‘lanish urinishlari natijasiz qoldi.
Biroq Ozodlikda vazirlik rasmiy vakilining Qozog‘istonda masofaviy o‘qiyotgan bir talaba bilan aynan shu masaladagi muloqot audiosi bor.
Mulozim vazirning buyrug‘i ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi majlisining 2020 yil 28 fevraldagi qarori “sinchiklab o‘qilganidan so‘ng” chiqarilganini, bu buyruq ortidan hujjatlarini Qozog‘istondan, xususan Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetidan chiqarib olganlar aro yo‘lda qolganini tan oladi.
Masofaviyda o‘qiyman deyapsiz, agar hujjatlariningizni olmagan bo‘lsangiz, olmang. Sizni baribir qabul qilishmaydi.
“Masofaviyda o‘qiyman deyapsiz, agar hujjatlariningizni olmagan bo‘lsangiz, olmang. Sizni baribir qabul qilishmaydi. U yerdagi o‘qishingizdan ham quruq qolib o‘tirmang”, deb maslahat beradi vazirlik mulozimi talabaga.
Mulozim talaba bilan muloqot davomida vazirda ayb yo‘qligini, u Davlat komissiyasi talabini bajarganini tushuntirishga urinadi.
Ozodlik Oliy ta’lim vazirining 3 martdagi buyrug‘i ortidan hammasi bo‘lib qancha talaba na u yoqda emas, na bu yoqda emas – muallaq qolayotganini aniqlay olmadi. Vazirlik rasmiy saytida bu masalaga oid ma’lumot ko‘rinmadi.
Joriy o‘quv yilining birinchi yarmida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi oliy o‘quv yurtlarida 30 mingdan o‘zbekistonlik o‘qigani Ozodlikka ma’lum.
Mavzuning "eski" qahramonlari
Shu mavzudagi avvalgi materiallarimiz qahramonlari bilan bog‘landik.
Chimkentdagi Silkway xalqaro universitetining Rus tili va adabiyoti fakulteti 1-kursi talabasi, sirdaryolik Shahriyorning 9 martda Ozodlikka bildirishicha, u hujjatlarini 17 fevralda Guliston davlat universitetiga topshirgan. “Hujjatlarini 15 fevralgacha topshirganlarga qaror chiqdi, deb eshitdim. Men kutayapman”, dedi Shahriyor.
Bizga buyruq chiqibdi, deb eshitdim. O‘qishga qabul qilinsin, degan buyruq.
Dushanbedagi Sadriddin Ayniy nomidagi pedagogika universiteti, Pedagogika fakulteti 1- kurs talabasi, surxondaryolik Navro‘z hujjatlarini Termiz davlat universitetiga topshirgan. “Bizga buyruq chiqibdi, deb eshitdim. O‘qishga qabul qilinsin, degan buyruq. Borib olib kelishim kerak”, dedi Navro‘z.
- O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim vazirining qo‘shni davlatlardagi talabalarni o‘quv yili o‘rtasida qaytarishga doir buyrug‘i mamlakat prezidenti ma’muriyati topshirig‘iga binoan chiqarilgani ma’lum bo‘lgani to‘g‘risida Ozodlik yozgan edi.
- 11 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalardan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish muddatini 15 martga qadar uzaytirgan.
- Vazirlik o‘z qarorini “talabalar va ularning ota-onalaridan kelib tushgan ko‘plab murojaatlarni inobatga olgan holda, fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadi” bilan izohlagan.
- Vazirning 6 fevraldagi buyrug‘ida muddat 7 fevraldan 15 fevralgacha qilib belgilangan edi.