Paxta zavodi klasterga aylantirilganidan so‘ng oyligi keskin ozaygan ishchilar norozilik bildirmoqda (VIDEO)

Zavod ishchilari oyliklari ozayib ketganidan norozilik bildirib, o‘tgan yil 5 dekabrda ish tashlagan edi.

Jizzax viloyat Do‘stlik tumani paxta tozalash zavodi klasterining 300 dan ortiqroq ishchisi oyliklarining o‘z vaqtida berilishi va oshirilishini talab qilmoqda.

Ishchilarning aytishicha, zavod 2019 yil oktabrida klasterga aylantirilganidan so‘ng oyliklar kamida 200-300 ming so‘mga ozayib ketgan. Bundan tashqari¸ ish haqi bir oyga kechiktirilib berilmoqda.

Do‘stlik tumani paxta tozalash zavodi klasteri rasmiysi bu ma’lumotni tasdiqladi va oyliklarning kechikib berilishini “O‘zpaxtasanoat” belgilab bergan tartib-qoida bilan izohladi.

"Klaster boshimizga bitgan balo bo‘ldi. Oyliklarimiz ko‘tarilish o‘rniga¸ pasayib ketdi"

Ozodlik bilan bog‘langan zavod ishchilaridan biri zavod klasterga aylantirilganidan keyin o‘z vaqtida berilmayotgan oyliklarining yanada barakasi qochganini aytdi:

- Klaster bo‘lmasidan turib, oyliklarimiz 2 millionga yetar edi. O‘z vaqtida berilardi. 2019 yilning oktabrida zavod klaster bo‘ldi. O‘shanda ishchilar “Klaster bo‘lsak oyliklarimiz ozayib ketmaydimi?” deb savol qo‘yganmiz. Rahbarlar: “Yo‘q, ko‘paysa ko‘payadiki, hozirgidan kam bo‘lmaydi”, deb javob berishgan edi. Hozirgi kunda oyliklarimiz o‘tgan yilgidan kamida 200-300 mingga kamayib ketdi. Masalan, avvallari 2 million olgan bo‘lsak, hozir 1 million 700 ming so‘mdan olayapmiz. Oyliklar 1 fevraldan boshlab, boshqa klasterlarda 7 foizga oshirildi. Ammo negadir bizning oyliklarimizni hali ham oshirishmadi. Buning ustiga ish haqimiz bir oyga kechiktirib berilmoqda.

"Oyliklarning kechiktirilayotgani "O‘zbekpaxtasanoat" qabul qilgan tartib-qoida bilan bog‘liq"

Ozodlik klaster ishchilari yuborgan shikoyatga izoh olish uchun Do‘stlik tumani paxta tozalash zavodi klasteri bosh hisobchisi Anvar Hazratqulov bilan bog‘landi. Bosh hisobchi ishchilarning gapini tasdiqladi.

Chidab turishsa, fevralning oyligini martning oxirida beramiz

- Ha, o‘tgan oyning maoshi keyingi oyning oxirida beriladi. Biz bu haqda ishchilarga aytganmiz. Chidab turishsa, fevralning oyligini martning oxirida beramiz.

Unga ko‘ra, klaster har oyning oxirida “O‘zpaxtasanoat”ga maoshlar yuzasidan hisobot topshiradi. “O‘zpaxtasanoat” bu hisobotni tasdiqlaganidan so‘ng zavodga maoshlar berilishi uchun pul ajratadi.

- Buning uchun kamida 15-20 kun ketadi. Ammo ishchilar noroziligini hisobga olib, ish haqi berilishini har oyning 20- kuniga ko‘chirish taklifini kiritganmiz. Agar “O‘zbekpaxtasanoat” tasdiqlasa, shunday bo‘ladi. Zavodning o‘z puli yo‘q, hammasi Toshkentga ketadi va Toshkentdan orqaga qaytadi. Boshqa joylarda oyliklar 1 fevraldan 7 foizga oshgani to‘g‘ri. Biz ham, balki mart oyidan oyliklarni 7 foizga oshirarmiz,- dedi Anvar Hazratqulov.

Bosh hisobchi nega oyliklar prezident qarorida belgilanganiday 1 fevraldan emas, mart oyidan oshirilishi to‘g‘risidagi savolga javob bera olmadi.

"Oyliklarimiz oshirilsa ham 2019 yilda olgan maoshimizdan oz bo‘ladi"

Ozodlik suhbatlashgan ishchilar maoshlari 7 foizga oshirilgan taqdirda ham¸ klastergacha bo‘lgan oylikka yetmasligidan taajjubga tushayotganlarini yashirmadi.

Klaster bo‘lganimizdan keyin oyliklarimiz 1 million 700 mingga, ayrimlarning oyliklari esa 1,5 millionga tushib qoldi.

- Klaster bo‘lgunimizcha 2 million olardik. Klaster bo‘lganimizdan keyin oyliklarimiz 1 million 700 mingga, ayrimlarning oyliklari esa 1,5 millionga tushib qoldi. Hozir oylik 7 foizga oshirilsa, 2019 yil darajasidagi maoshimiz ko‘rsatkichiga ham yetmaydi. Bu odamlarni aldash, degani. Masalan, men kam ta’minlanganlar uchun qurilgan uylardan birini kreditga olganman. Bir oyda 950 ming so‘m kreditga to‘layman. Oyligimning qolgani esa, oilamiz tirikchiligiga yetmaydi. Mening qaramog‘imda beshta jon bor,-dedi ishchilardan biri.

Ozodlik muxbirining mazkur masala yuzasidan izoh olish maqsadida “O‘zbekpaxtasanoat” bilan bog‘lanish harakatlari natijasiz qoldi. AJ matbuot xizmatiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga 9 mart kuni hech kim javob bermadi.

"Oyliklarimiz oshirilishi va o‘z vaqtida berilishini talab qilib ish ham tashlaganmiz"

Do‘stlik paxta tozalash zavodi klasterining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan yana bir ishchisi Ozodlikka o‘tgan yil 5 dekabrida ishchilar oyliklar o‘z vaqtida berilmay kechiktirilayotganiga norozilik tariqasida ish tashlash bo‘lganini aytdi va ish tashlash paytida olingan videoni taqdim etdi.

- O‘sha kuni ishchilar ish tashlashgan va zavod faoliyatini to‘xtatib qo‘yishgan edi. O‘shanda rahbarlarimiz “Bundan keyin ish haqini vaqtida beramiz”, deb va’da qilishgan. Ammo yanvarning oyligini fevral oyi oxirida oldik. Fevralning oyligini esa endi martning oxirida yoki aprelning boshlarida beramiz, deyishayapti. Biz bundan juda norozimiz.

Do‘stlik tumani paxta tozalash zavodi ishchilaridan biri 9 mart kuni Ozodlikka yuborgan videolarda o‘zlarini zavod ishchilari deb taqdim qilgan o‘nlab odam rahbariyatdagi xodimlarni qurshab olib, ish haqlari berilishini talab qilayotgani aks etgan.

Bundan tashqari videoyozuvdagi ishchilar, ish haqlari ozligidan arz qilib¸ rahbariyatdan maoshlarni ko‘paytirishni talab qiladi. Ammo zavod rahbarlari ishchilarning bu talablariga javob berishmaydi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Жиззах пахта тозалаш заводидан келган видео

So‘nggi bir necha oy ichida O‘zbekistonda klaster korxonalar bilan fermerlar o‘rtasida davomli ziddiyat saqlanib qolayotgani haqida Ozodlik muntazam yozib kelmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan fermerlar klaster korxonalarini kontrakt shartlarini buzganlik, bo‘nak puli va yonilg‘i-mineral o‘g‘it bilan o‘z vaqtida ta’minlaganlik va hosil pulini to‘lashni kechiktirayotganlikda ayblab keladi.

Klaster korxonalarining aksariyati o‘z kamchiligini tan olgan bo‘lsa, ba’zilari fermerlar iddaolarini rad etib keladi.