9 mart kuni Vazirlar Mahkamasida Bosh vazir Abdulla Aripov raisligida ko‘cha va aholi punktlarini nomlash, peshlavhalar, reklama va e’lonlarning davlat tilida berilishi singari masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy matbuotning yozishicha¸ yig‘ilishda so‘zga chiqqan Aripov «Cho‘rindi» yoki «Chivintepa» degan qishloqlar nomi xunukligi bois o‘zgartirilishi kerakligini ta’kidlagan.
«Hurmatli hokimlar, endi shu joylarda yashaydigan odamlar, masalan, yoshlar o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring. Sizdan qishlog‘ingiz yoki ko‘changiz haqida so‘rab qolsa, qanday javob bergan bo‘lardingiz? Tilimizda bir-biridan chiroyli, ma’nolari keng so‘zlar ko‘pku?! Qolaversa, har bir mahallaning tarixi, iqlimini aks ettiradigan nom qo‘yish mumkin edi-ku?! Og‘izga kelgan gapni vaysagandek, bo‘lar-bo‘lmas nomlar qo‘ygandan ko‘ra.”
Bosh Vazirning bu gapidan so‘ng 400 ga yaqin joy nomlari o‘zgartirilishi rejalangani aytildi.
Bundan oldin “xunuk”ligi bois To‘ytepa shahri nomi “Nurafshon”ga¸ Bo‘z tumani esa “Bo‘ston”ga o‘zgartirilgan edi.
Keyingi yillarda kuchaygan tarixiy joy nomlarini "sayqallashtirish" urinishlariga munosabat bildirgan taniqli tilshunos olim Baxtiyor Isabekov “joy nomlarini o‘zgartirish tarix bilan zamon o‘rtasidagi uzviylikni yo‘q qilishga qaratilgan jinoyat” degan fikrda.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди