Yuzdan oshiq fermerga paxta pulini bermayotgan klaster rahbari koronavirusni bahona qildi

Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi yuzdan ortiq fermer “Ko’kcha tekstil” MChJ klaster korxonasidan 2019 yil uchun shartnomada belgilangan paxta pulini ololmayapti.

Fermerlar klaster 70 kundan buyon turli bahonalar bilan pul bermay kelayotganini aytmoqda.

Fermerlar pulini berish kechikayotganini tan olgan “Ko’kcha tekstil” MChJ klaster korxonasi rahbari Rustam Po‘latov, bunga koronavirus tufayli mahsulotni xorijga eksport qilishda muammo paydo bo‘lganini sabab qilib ko‘rsatdi.

O‘rtachirchiq tumanidagi yuzdan ortiq fermer “Ko’kcha tekstil” MChJ klaster korxonasidan shu paytgacha 2019 yil uchun paxta pulini ololmadi.

Ismi sir qolishini so‘ragan fermerlardan biri Ozodlikka klaster hozirgacha 400 million so‘mdan ortiq pulini to‘lamaganini aytadi:

Mana esa bir tiyinsiz o‘tiribman. Ishchilarimga oylik berish kerak, yerni ekishga tayyorlash kerak.


“Chigit ekishni boshlashimizga bir oycha vaqt qoldi. Lekin shartnoma bo‘yicha o‘tgan yilning 31 dekabrigacha olishimiz shart bo‘lgan pulimizni klaster bermayapti. Paxtaning NDS(qo‘shimcha qiymat solig‘i)ini o‘zimning shaxsiy mablag‘imdan to‘ladim. Bug‘doyning puli keldi uni to‘lavordim, sholining puli keldi, uni to‘lavordim. Mana esa bir tiyinsiz o‘tiribman. Ishchilarimga oylik berish kerak, yerni ekishga tayyorlash kerak. Ammo klasterning bu bilan ishi yo‘q. Qachon so‘rasak, ertaga, ertaga deb aldab kelmoqda”.

Ismi sir qolishini so‘ragan boshqa fermer klaster rahbarining fermerlardan qochib yurganini aytadi:

Shunaqa aldovlar bilan mana 70 kun o‘tib ketdi.


- Telefon qilsak, ko‘tarmaydi. Ushlab bo‘lmaydi. Bir ko‘cha-ko‘yda ushlab qolsak, bu hafta albatta tushadi, deb aldaydi. Shunaqa aldovlar bilan mana 70 kun o‘tib ketdi. Klaster shartnomaga ko‘ra, pul to‘lashni kechiktirgan har bir kuni uchun summaning bir foizi miqdorida jarima to‘lashi kerak. Qani ko‘ramiz, to‘laydimi yoki yo‘q. To‘lamasa sudga beramiz.

Ozodlik bilan suhbatda bu fermer shu paytgacha nega klasterni sudga bermagani sababini shunday izohlaydi:

- Klaster sudga bervormasin deb, akt-sverka, ya’ni solishtirma dalolatni o‘tgan kuni berdi. Chunki sud bu aktsiz da’voni qabul qilmaydi. Hozir fermerlar kengashi bilan maslahat qilib, klasterni Iqtisodiy sudga bermoqchimiz. Kelishilgan vaqtda, kelishilgan narxda paxtani yetishtirib berdigu, pulini to‘lashda esa o‘zini olib qochmoqda.

“Ko’kcha tekstil” MChJ klaster korxonasi rahbari Rustam Po‘latov Ozodlik bilan suhbatda fermerlarga paxta pulini berish kechikayotganini sababini koronavirus bilan bog‘ladi:

Xitoyda virus bo‘lganligi sababli Turkiya, Eron chegaralari yopilib qolgan edi.


- Haqiqatan, ozgina qiyinchilik bo‘ldi. O‘zlaringni xabarlaring bor, Xitoyda virus bo‘lganligi sababli Turkiya, Eron chegaralari yopilib qolgan edi. Shu ozgina salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Chunki O‘zbekistonning to‘qimachilik sohasidagi asosiy bozori Xtioy bilan Turkiya. Hozir ana shu qiyinchilikdan o‘tdik. Endi sekin-sekin qarzdorlikni yopyapmiz. Bir hafta, o‘n kun ichida barcha qarzdorlikni uzamiz”.

Ozodlik paxtachik klasterlarining fermerlarning hosil pulini bermay kelayotgani haqida muntazam xabar berib kelmoqda.

25 fevral kuni Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 30 nafar fermer Digitil Prom TekistelI klasteridan 2019 yil uchun topshirilgan paxta hosili pulini ololmaganidan shikoyat qilgan edi.

22 yanvar kuni Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tumani fermerlari 2019 yil paxta hosili pulini klaster korxonasidan ola olmayotgani haqida shikoyat qilgan edi.

Farg‘ona viloyat, Yozyovon tumanidagi 48 fermer O‘zbekiston Bosh vazirining virtual qabulxonasiga “Bahodir Log‘on Tekstil” klaster korxonasi ustidan arz qilib, shikoyat yozdi.

Jumladan, Andijonning Ulug‘nor tumanidagi "Vodiy sanoat faxri" MChJ ​klaster korxonasiga paxta sotgan o‘nlab fermer xo‘jaligi 2019 yilgi hosil pulini ololmay sarson bo‘lmoqda.

Samarqandning Oqdaryo tumanidagi klaster korxonasi fermerlarning 7 mlrd so‘m paxta pulini to‘lamayapti.

Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida esa qariyb 300 nafar fermer “AVS Oqqo‘rg‘on Agroklaster” bilan shartnoma imzolaganiga ikki yildan oshganiga qaramay ular klasterga topshirgan hosil pulini olmagan.