16 martgacha dunyo bo‘ylab COVID-19 - yangi koronavirusni yuqtirganlar soni 162 ming nafardan, virusdan o‘lganlar soni esa 6 ming nafardan oshdi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropani pandemiyaning yangi o‘chog‘i deya e’lon qildi. Eslatib o‘tamiz, koronavirusning yangi turi o‘tgan yilning dekabrida Xitoyning Uxan shahrida tarqala boshlagan edi.
Quyida ayrim mamlakatlardagi vaziyat bilan tanishing.
O‘zbekiston va Qozog‘iston
O‘zbekistonda yana COVID-19ni yuqtirganlik bilan bog‘liq 5 ta holat aniqlandi, jami og‘riganlar soni 6 kishiga yetdi, deya xabar qildi hukumatning Telegramdagi ushbu kasallikka bag‘ishlangan kanali 16 martda.
6 kishining 4 nafari Fransiyadan qaytib kelgan bir kishining oila a’zolaridir, deyiladi hukumatning alohida bayonotida.
O‘zbekiston 15 martda tushdan oldin COVID-19 ga chalinganlik holatini tasdiqlagan edi.
Qo‘shni Qozog‘istonda favqulodda holat joriy qilindi. Hokimiyat idoralari xabariga ko‘ra, yana 3 ta holat qayd etilgan va jami virus yuqtirganlar soni 9 kishiga yetgan.
13 martda 4 kishi kasallik yuqtirgunga qadar Qozog‘iston koronavirusdan holi mamlakat bo‘lib kelayotgan edi.
Prezident farmoni bilan joriy etilgan favqulodda holatga ko‘ra, mamlakat miqyosida karantin joriy etiladi hamda diplomatlar va hukumat taklif qilgan kishilardan boshqa shaxslarning mamlakatga kirishi va chiqib ketishi cheklanadi.
Qozog‘istonda oldinroq Navro‘z bayramini nishonlash va natsistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan harbiy parad bekor qilinishi e’lon qilingan edi.
Hukumat vakillari avvalroq 1000 dan oshiq kishi karantinga solinganini, 500 chog‘li kishi esa uyda o‘zini-o‘zi karantinda saqlayotganini ma’lum qilgan edi.
O‘zbekiston ham 15 martda shunday keskin choralar joriy qilib, mamlakatga barcha chet elliklarning kirishini, vatandoshlarining esa chetga chiqishini taqiqladi.
O‘zbekiston hukumati ham maktab va universitetlarni 3 haftaga yopdi, barcha ijtimoiy tadbirlarni bekor qildi, 16 martdan boshlab, barcha xalqaro havo va avtomobil qatnovlarini to‘xtatib qo‘ydi.
Markaziy Osiyo respublikalari orasida faqat Qozog‘iston bilan O‘zbekiston global pandemiya avj olib ketgan paytda yangi koronavirusga chalinganlarni rasman qayd etgan mamlakatlar qatoridan joy oldi.
Armaniston
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan Sevan ko‘li bo‘yidagi 2 kunlik izolyatsiyadan chiqib, poytaxt Yerevanga qaytdi. Uning koronavirus yuqtirgan-yuqtirmaganini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan 2 ta tekshiruvda gumon tasdiqlanmadi.
Pashinyan Armaniston janubiga safari chog‘ida qo‘l berib ko‘rishgan kishilardan birida koronavirus aniqlangandan so‘ng ikkinchi marta o‘ta xavfli virusni aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tdi.
“Tekshiruvlarimiz natijasi yaxshi chiqdi.Ertalab Yerevanga qaytyapmiz”, deb yozdi Pashinyan 15 martda Feysbukdagi postida o‘zi bilan umr yo‘ldoshi Anna Nakobiyanning tekshiruv natijalarini nazarda tutib.
Er-xotin 13 mart kuni kechqurun Sevan ko‘li bo‘yidagi hukumat villasida o‘zlarini izolyatsiya qilishga va koronavirus bo‘yicha tekshiruvdan o‘tishga qaror qilgan edi. Bunga mahalliy axborot vositalari Nakobiyan 7 martda Braziliyaga safar chog‘ida ushbu mamlakat prezidenti Jair Bolsonaroning rafiqasi bilan ko‘rishganidan xavotir bildirgani sabab bo‘lgan edi.
Bolsonaroning yordamchisi va Braziliya hukumati boshqa bir rasmiysining koronavirus yuqtirgani ma’lum bo‘lgach, prezidentning salomatligi xususida xavotirlar yuzaga kelgan edi.
Pashinyan karantin sabab kelasi oyda konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilajak referendum oldidan siyosiy kampaniyani to‘xtatib qo‘ydi.
Unga ko‘ra, hukumat joriy haftada virus tarqayotgan paytda 5 apreldagi referendumni o‘tkazish-o‘tkazmaslik masalasini muhokama qiladi.
Referendumda saylovchilardan 2018 yil Pashinyanni hokimiyatga olib kelgan umummilliy norozilik namoyishlaridan oldin tayinlangan Konstitutsiya sudi 9 a’zosidan 7 nafarini bo‘shatish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish maqsadida ovoz berish so‘raladi.
15 mart holatiga ko‘ra, Armaniston sog‘liqni saqlash sohasi rahbarlari 28 ta virus yuqtirganlik holati tasdiqlanganini, ularning yarmidan ko‘pi bir hududda ekani xabar qilindi. Ular aytishicha, 1 martda shifoxonaga yotqizilgan bemor butunlay sog‘ayib ketgan.
Pashinyan 15 martda Armaniston hukumati Vagarshapat shahrini virus tarqalishi oldini olishi maqsadida yopganini aytdi. Echmiadzin nomi ham bor Vagarshapat shahri poytaxt Yerevandan 21 kilometr g‘arbda joylashgan.
Armanistonda qayd etilgan 28 ta koronavirus yuqtirganlik holatining yarmidan ko‘pi 46 ming aholisi bor Vagarshapat shahrida aniqlangan. Pashinyan ushbu shaharliklar faqat tana harorati o‘lchab ko‘rilgandan so‘ng boshqa joyga chiqishi mumkinligini aytdi.
Afg‘oniston
Afg‘oniston hukumati 15 martda yana besh kishi koronavirusga chalinganini, mamlakatdagi jami qayd etilgan holatlar soni 16 taga yetganini xabar qildi.
Rasmiylar jami kasallik yuqtirgan kishilar yaqinda qo‘shni Erondan qaytib kelganini bildirdi.
Ular fikricha, har kuni Erondan 15 minggacha afg‘on migranti va qochqin qaytib keladi.
Eron
Dunyodagi eng ko‘p koronavirus tarqalgan mamlakatlardan biri - Eron hukumati vakillari agar kasallik yuqtirayotganlar soni shu tarzda ortib boradigan bo‘lsa, mamlakatning sog‘liqni saqlash muassasalari to‘lib-toshib ketishidan ogohlantirdi.
15 martga qadar Eronda 14 mingga yaqin, joriy oy boshidan beri esa 1000 ga yaqin koronavirus yuqtirganlik holati qayd etildi.
Eron Xitoy va Italiyadan so‘ng uchinchi koronavirus eng ko‘p tarqalgan mamlakatdir. Mamlakatdan ushbu virus sabab orttirilgan kasallikdan o‘lganlar soni 15 martga qadar 724 kishiga yetdi, o‘sha kuni yana 113 kishi vafot etdi.
Eron sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Kianush Jahonpur televideniye orqali namoyish etilgan matbuot konferensiyasida vatandoshlar xavfli virus tarqalishi oldini olish uchun “har qanday safarni bekor qilib, uyda o‘tirishi kerakligi”ni aytdi.
Pokiston
Pokiston prezidenti Arif Alvi xitoylik hamkasbi Si Szinpin va boshqa amaldorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun 16-17 mart kunlari Xitoyga safar qilmoqda, deyiladi uning devoni tarqatgan bayonotda.
Bayonotda aytilishicha, safarning maqsadi ikki mamlakat o‘rtasidagi “tarixiy aloqalarni yanada mustahkamlash”dir. Unda Xitoy bilan Pokiston “qalin do‘stlar va sodiq sheriklar” ekani urg‘ulanadi.
Yana bildirilishicha, Pokiston Xitoy mamlakat markazidagi Uxan shahrida ilk marta qayd etilganidan beri 157 mamlakat va hududga daxl qilgan yangi koronavirus tarqalishini “tiyib turish bo‘yicha harakatlarda” qatnashmoqda.
Bu Alvining Pokistonning strategik sherigi va iqtisodiyotiga eng yirik investori bo‘lgan Xitoyga ilk safaridir.
Pokiston hukumati 16 martda yana 41 ta koronavirusga chalinganlik holati aniqlanganini, jami kasallanganlar soni 94 kishiga yetganini xabar qildi.
Pokiston bilan Eron chegarasida karantinga solingan o‘nlab kishilar jamloqlardagi gigiyena holati yomonligidan norozilik bildirdi.
Karantinga solingan kishilar Erondan qaytib kelayotgan diniy ziyoratchilardir.
Serbiya
Serbiya koronavirus tarqalishini kamaytirish uchun maktablarni va universitetlarni yopish, kasalxonalarni qo‘riqlash uchun harbiy xizmatchilarni jalb etish bilan favqulodda holat joriy qildi.
‒ Biz o‘z hayotimizni saqlash, ota-onalarimizni asrash, keksalarimizni asrash uchun mamlakatni yopamiz, ‒ dedi prezident Aldeksandar Vuchich 15 martda televideniye orqali xalqqa qilgan murojaatida.
U ko‘rilajak tadbirlar tafsiloti 16 martda e’lon qilinishini va “barcha turdagi cheklovlar bo‘lishi”ni aytdi.
Prezident ko‘ra, harbiy xizmatchilar 16 martdan boshlab, kasalxonalarni qo‘riqlaydi, politsiya karantindagi yoki o‘zini o‘zi 14 yoki 28 kunga izolyatsiya qilgan kishilarni nazorat qilib turadi.
Karantinni buzgan kishilar uch yilgacha qamash bilan jazolanishi mumkin, deya ogohlantirdi u.
15 martda Serbiya hukumati koronavirus tarqalib ketgan mamlakatlardan kelgan muhojirlar uchun chegaralarni yopishini e’lon qilgan edi. Biroq Vuchich chegaradagi taqiq Xitoydan kelganlar uchun qo‘llanmasligini aytib, Pekinni Serbiyaga COVID-19 bo'hroni vaqtida yordam bergani uchun maqtadi.
U Yevropa Ittifoqini go‘yo tegishli yordam ko‘rsata olmagani uchun tanqid qildi.
Vuchich xalqqa murojaat qilgandan so‘ng bosh vazir Ana Brnabich davlat televideniyesiga chegaralar faqat “serbiyaliklar, chet ellik diplomatlar va istiqomat qilish ruxsatnomasi bor chet el vatandoshlari uchun” ochiq bo‘lishini aytdi.
Ushbu Bolqon yarim oroli mamlakatida shu paytgacha 48 nafar koronavirus yuqtirgan kishi qayd etilgan. Hozircha o‘lim holati aniqlangani yo‘q, ammo sog‘liqni saqlash mutasaddilari ikki kishining ahvoli og‘ir ekanini bildirdi.