Koronavirus: Dehqon bozorlarida narx-navo oshdi; narxlarni nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruhlar ish boshladi (VIDEO)

Koronavirus pandemiyasi bois dunyoning aksar mamlakatlari do‘konlarida asosiy iste’mol mahsulotlari peshtaxtalardan g‘oyib bo‘lmoqda. AQShdagi magazinlardan birida 15 mart kungi ahvol.

Rasmiy Toshkent O‘zbekistonga koronavirus kirib kelganini tan olib¸ epidemiya yoyilishini to‘xtatishga qaratilgan cheklovlar joriy qilishi ortidan o‘zbekistonliklar orasida ham asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini katta miqdorda sotib olish boshlandi.

Davlat idoralarining sarosimaga o‘rin yo‘qligi¸ asosiy iste’mol tovarlari zaxirasining yetarli ekanligi va joriy vaziyatda narxlarni oshirganlar ma’muriy¸ hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi haqidagi ogohlantiruvlariga qaramay¸ Ozodlikka kelayotgan xabarlarda¸ aksar dehqon bozorlarida narx-navoning oshgani aytilmoqda.

Ozodlik gaplashgan huquq tizimi mulozimlari¸ joylarda narx-navoni nazorat qilish bo‘yicha hokimlar boshchiligida ishchi guruhlari tuzilgani¸ ammo narxlar oshishini to‘xtatish borasida ular vakolatining cheklanganini aytmoqda.

O‘zbekistondagi yirik supermarketlar tarmog‘ining Ozodlik bog‘langan ma’murlari¸ odamlar avvallari kilolab olgan ayrim mahsulotlarni keyingi ikki kun ichida qoplab olishga o‘tganidan so‘ng tovar yetkazib berishda qiyinchilik tug‘ilganini bildirdi.

“Biz xaridorlar xulqini monitoring qilyapmiz. Tendensiya shu ketishda davom etsa¸ ayrim mamlakatlardagi kabi¸ asosiy iste’mol mahsulotlarining kishi boshiga sotilishiga cheklov o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqamiz”¸ dedi Toshkentdagi supermarketlar tarmog‘i ma’muri.

Dehqon bozorlarida narx-navo oshdi; kartoshka eng xaridorgir mahsulotga aylandi

16 mart kuni Ozodlikka O‘zbekistonning aksar viloyatlaridagi dehqon bozorlaridan yuborilgan video¸ surat va xabarlardan¸ aholi o‘rtasida asosiy iste’mol mahsulotlari¸ xususan¸ un va kartoshkani katta miqdorda sotib olish boshlangani ortidan narx-navoning oshgani anglashiladi.

Farg‘ona shahar markaziy dehqon bozorida ham xalq navbat hosil qilgan¸ kartoshkaning narxi sun’iy ravishda oshirilgan. O‘rtacha narxi 3000-3300 so‘m bo‘lgan kartoshka¸ kechadan 8000 bo‘lgan. Xalq norozi¸ Davlat soliq qo‘mitasiga qo‘ng‘iroq qilsak¸ “iltimos¸ aloqada qoling”dan nariga o‘tib bo‘lmayapti”¸ deyiladi Ozodlikka 16 mart kuni kelgan xabarlardan birida.

Koronavirus vahimasidan keyin Qo‘qon va Dang‘arada odamlar oziq-ovqat do‘konlarini talashmoqda. Ommaviy un¸ yog‘¸ kartoshka va shakarni qoldirmasdan uyiga tashiyapti. Hamma dovdirab qolgan. Soliq¸ IIB xodimlarining o‘zi ham vahimada¸ hali xalq bilan ishi bo‘lgani yo‘q. Xalqqa oldindan tushuntirish berilib¸ sekin-asta tayyorlashganda¸ odamlar bu qadar vahimaga tushmagan bo‘lardi. Xalqning ahvolini ko‘rib¸ rahmingiz keladi”¸ deyiladi boshqa bir xabarda.

O‘zbekistonning qolgan viloyatlaridan Ozodlikka kelayotgan xabar va videolarda ham dehqon bozorlarida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari¸ ayniqsa¸ kartoshka uchun uzun navbat paydo bo‘lgani ko‘riladi¸ narxlarning¸ hukumat ogohlantirishiga qaramay¸ oshgani aytiladi.

"Bosh vazir va’dasiga qaramay¸ birjada un narxi oshdi¸ nonni ham oshirishga majburmiz!"

O‘zbekistonda buxanka non pishiradigan novvoylardan biri 16 mart kuni unning birjadagi bahosi bir kunda 200 so‘mga qimmatlaganini bildirdi.

Men non mahsulotlari ishlab chiqaradigan xususiy tadbirkorman. “Toshkentdonmahsulotlari¸ Ohangarondonmahsulotlari bugundan un narxini 200 so‘mga oshirdi. Juma kuni 2400 so‘m edi¸ bugundan 2600 ga sotilyapti. Bu non narxi ham oshadi¸ degani.Ertadan do‘konga berish 1500 so‘m bo‘ladi¸ do‘konlarda 2000 so‘m bo‘ladi endi. Bosh vazirning gapi qayerda qoldi?”

Farg‘onadan kelgan xabarda esa:

Farg‘onadagi un kombinatida bir qop un uchun 75.000 so‘mdan so‘rashyapti. O‘z narxi 45.000 so‘m¸ qolgani shapkasi. Shunga non narxiyam oshmoqda¸ yoki grammi kamayib ketmoqda. Hokim G‘aniyev¸ buni bilsayam¸ o‘zini bilmaslikka solmoqda"¸ deb yozildi.

Ozodlik hozircha Farg‘ona hokimligidan bu iddaoga nisbatan rasmiy izoh olishga muvaffaq bo‘lmadi.

Soliq va bojxona odamlarni tinchlantirishga urinmoqda

16 mart kuni O‘zbekiston davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev Kun.uz nashri bilan suhbatda¸ koronavirus tarqashi oldini olishga qaratilgan hukumat chora-tadbirlari e’lon qilinishi ortidan odamlar orasida oziq-ovqat taqchilligi boshlanadi¸ degan “vahima” kuchayganini e’tirof qildi.

O‘zbekiston Respublikasi o‘z xalqini boqa olish imkoniyatiga ega”¸ degan Soliq qo‘mitasi rahbari davlat zaxirasida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari yetarli ekani va ehtiyoj tug‘ilgan taqdirda ular savdoga chiqarilishini ta’kidladi.

Koronavirus dunyo bo‘yicha ikki oydan beri yuribdi. Lekin bozorda birorta mahsulotning yetishmovchiligi bo‘ldimi? Biror bir mahsulot narxi oshdimi? Yo‘q. Bunday keyin ham shunday bo‘lib qoladi", – dedi mahalliy nashr bilan suhbatda Behzod Musayev.

Musayev shuningdek¸ mamlakatdagi ikki yirik supermarketlar tarmog‘i rahbarlari “narx-navoni oshirmaslik”ni va’da qilganini ham qo‘shimcha qildi.

Ayni shu kuni Davlat bojxona qo‘mitasi ham Toshkentdagi omborxonasidan videosyujet hozirlab¸ unda mamlakatga chetdan kirib kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlariga cheklov va taqiq yo‘qligi¸ omborxonalarda asosiy mahsulotlar zaxirasi yetarli ekanini namoyish qildi.

Dehqon bozorlarida narx oshishini kim¸ qanday nazorat qiladi?

Un¸ yog‘¸ go‘sht¸ kartoshka-piyoz kabi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini aksar o‘zbekistonlik dehqon bozorlaridan sotib oladi. 16 mart kungi xabarlarda narxlarning O‘zbekistondagi ikki yirik supermarketlar tarmog‘i do‘konlari emas¸ aynan dehqon bozorlarida oshgani aytilmoqda.

Ozodlik bu bozorlardagi narxlarni nazorat qilish bo‘yicha Soliq qo‘mitasi¸ IIV va mahalliy hokimiyatlar nima ish qilayotganini o‘rganish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

O‘zbekiston Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati rasmiysining Ozodlikka javobi


Suhbatni rus tilida davom ettirgan matbuot xizmati xodimasi¸ bu vaziyat haqida “O‘zbekistonda registratsiya qilinmagan OAV vakiliga ma’lumot berilmasligi”ni aytib¸ go‘shakni ilib qo‘ydi.

(Bir necha kundan beri turli darajadagi Toshkent mulozimlari feyk xabarlar tarqalishi va aholi orasida sarosima tug‘ilishi oldini olish uchun ommaviy axborot vositalarini hamkorlikka chaqirib kelmoqda.

"OAV vakillariga, xalqaro tashkilotlarga, jamoatchilikka murojaat qilmoqchiman – asossiz, feyk xabarlar bilan kurashishda hamkorlik qilaylik, bizga yordam bering”, degan edi 10 mart kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov jumladan - tahr.)

Toshkent shahar soliq boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan rasmiysi¸ narxlar oshishini kuzatish va nazoratga olish bo‘yicha prokuratura departamenti bilan hamkorlikda ishchi guruhi tuzilgani va u ish boshlaganini aytish bilan cheklandi.

O‘zi shunday ishchi guruh tarkibiga kiritilgan IIV zobitlaridan biri¸ bunday guruhlarning hozircha vaziyatga ta’sir qiladigan choralar qo‘llamayotganini bildirdi.

Ishchi guruhlarga mahalliy hokimlar rahbar. Ular hozircha davlatning tegilmas zaxirasiga olingan mahsulotlarni sotuvga chiqarish masalasini ko‘rayotgani yo‘q. Guruhlar nomiga¸ juda yuzaki ishlamoqda. Hozircha hokim buyrug‘i bilan fermerlarni xolodilnikda saqlayotgan narsasini majburiy olib keltirib bozorda sottirish boshlandi¸ xolos”.

Ayni paytda¸ shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan bu mulozim¸ ishchi guruhda dehqon bozorlaridagi narxni oshirganlarni jilovlashga huquqiy asos yo‘qligini bildirdi.

Dehqon bozorida narxni oshirganlarga hozircha chora ko‘rolganimiz yo‘q. Shunga narxlar har soatda oshmoqda. Jazolash uchun ilgari spekulyantlik degan jinoyat bor edi. Hozir bu yo‘q. Narxni oshirganni jazolaymiz¸ degani quruq gap. Departament yoki soliq tadbirkorni savdo qoidasini buzgani yoki litsenziyasiz faoliyat ko‘rsatganlik bo‘yicha jazolashi mumkin. Lekin oziq- ovqat sotuvchilarda bunday litsenziya yo‘q. Savdo qoidasini buzganlik uchun jazolashda¸ masalan¸ ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkor kilogrammdan urib qolsa jazolanadi. Bu holat aniqlansa¸ birinchi marta ma’muriy chora¸ lekin tadbirkor bo‘lishi shart. Bozorda esa tadbirkorlar emas, oddiy sotuvchilar sotadi. Ularga patent olish shart emas. Ular kunlik patta to‘laydi. Chunki qishloq xo‘jalik mahsulotiga patent yo‘q. Shuning uchun ishchi guruhlarida bunday savdogarlarni narxni oshirgani uchun qonuniy jazolash mexanizmi yo‘q”.

Supermarketlar ta’minot tarmog‘ida zo‘riqish bor¸ narxlarni jilovlash usullari ko‘rib chiqilmoqda

Ozodlik Davlat Soliq qo‘mitasi “narxlarni oshirmaslik uchun zaxirasida mahsuloti yetarli ekanini bildirgani”ni tilga olgan O‘zbekistondagi ikki yirik supermarketlar tarmog‘i ma’murlaridan biri bilan joriy vaziyat xususida suhbatlashdi.

Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi bois ismi ochiqlanishini istamagan bu mutaxassis¸ hozircha supermarketlarda narx-navoni oshirmaslik¸ bo‘shab qolgan peshtaxtalarni to‘ldirish urinishlari borayotganini bildirdi:

O‘tgan ikki kun ichida odamlar oldinlari kilolab olingan nasalarni qoplab olish boshlandi. Eng ko‘p dezinfeksiya mollari talash bo‘ldi. Bir kunda nari borsa 100 dona sotilgan narsaga talab bir kunda 5000 taga chiqdi. Buncha talabni ko‘taradigan g‘amlama na bizda¸ na ishlab chiqaruvchida borligidan¸ bu mahsulotlar tortilib qoldi. Uzoq saqlanadigan mahsulotlar¸ guruch¸ shakar¸ yog‘ bilan muammo hozircha yo‘q. Lekin tez buziladigan sabzavotlar bilan muammo sezilayapti. Biz ham bu mahsulotlarning bir necha kunligini bozordan olamiz. Bozor qimmatlasa¸ biz ham qimmatlatishga majbur bo‘lamiz”.

O‘zbekistonda¸ ayniqsa¸ kartoshkaning talash bo‘layotganiga izoh bergan bergan supermarketlar tarmog‘i boshqaruvchisi¸ asosiy zaxiraning importdan kelishini bildirdi.

Bilasiz¸ kambag‘al qatlamning asosiy yemishi kartoshka. Shunga qoplab olish boshlandi. Biz kartoshkani asosan Rossiya va Pokistondan olib kelamiz. Hozircha ta’minotda uzilish yo‘q¸ shunga narxni oshirmadik. Faqat¸ erta kartoshka bundan mustasno. U juda qimmat¸ kilosi hozirgi sarosimagachayam 16 ming so‘m edi. Lekin kartoshkaga nisbatan ehtiyoj hozirgi katta darajada qoladigan bo‘lsa¸ ta’minotchining buncha talabni qondirish imkoni bor-yo‘qligi aniq emas. Zotan¸ sarosima faqat O‘zbekiston emas¸ butun dunyoda bo‘lyapti. Shundan kelib chiqib¸ ayrim Yevropa supermarketlari kabi¸ asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining kishi boshiga sotilishiga vaqtincha cheklov o‘rnatish masalasini bugun muhokama qilamiz. Aholi xarid xulqini monitoring qilyapmiz. Bugun o‘tgan ikki kunga nisbatan sarosima sal pasaydi”.

Ozodlik koronavirus pandemiyasining O‘zbekistonga kirib kelishi ortidan mahalliy bozorlarda yuzaga chiqqan vaziyatni kuzatishda davom etadi. Oziq-ovqat savdosi¸ ta’minoti bilan bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor¸ xususan¸ joriy vaziyatda narxlar oshish jarayonni nazorat qilishga mas’ul ishchi guruhga aloqador bo‘lsangiz¸ vaziyatga oid fakt va ma’lumotlarni Ozodlik orqali jamoatchilik bilan o‘rtoqlashishingiz mumkin.

Buning uchun Ozodlikning Telegramdagi @ozodnews kanaliga xabar yuboring.