Koronavirus: Qirg‘iziston chegaralarini yopmoqchi, Qozog‘istonda kasalga chalinganlar 27 kishiga yetdi

So‘nggi bir kecha-kunduzda Qozog‘iston poytaxtida yana 14 kishiga koronavirus yuqqani xabar qilindi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Qirg‘iziston xukumati chet el fuqarolarining mamlakatga kirishini vaqtincha taqiqlaydi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Altinay Omurbekova 17 mart kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Omurbekovaga ko‘ra, bu haqda xukumat farmoyishi qabul qilinadi. «Ma’lum protseduralar bor, bu haqda keyinroq TIV ma’lum qiladi. Biz bu kabi profilaktik choralarni to‘g‘ri deb hisoblaymiz», -dedi Omurbekova.

Cheklovlar bir oy muddatga joriy qilinadi. Shu bilan birga yuk tashuvlariga cheklovlar qo‘llanilmaydi.

Qirg‘izistonda epidemiologik vaziyat barqaror ekani aytilmoqda. Koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holat rasman ro‘yxatga olinmadi.

Ayni paytda Qozog‘istonda yana 14 kishiga koronavirus yuqqani to‘g‘risida bu mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Eljan Birtanov xabar qildi:

«Nur-Sulton shahrida qayd etilgan 14 nafar yangi bemor to‘g‘risida xabar qilamiz. Bu bemorlar karantinga joylashtirildi, diagnoz tasdiqlandi. Aloqada bo‘lgan barcha shaxslar aniqlandi, ularni karantinga va izolyatsiyaga olish ishlari o‘tkazilmoqda».

Vazirning chiqishi davlat telekanallarida namoyish etildi.

Seshanba kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi shu oy olmaotaga xorijiy reyslar orqali kelgan uch bemor, jumladan, bir bola haqida xabar qilgan edi.

Mazkur raqamlarni hisobga olgan holda bugungi kunda Qozog‘istonda 27 kishi koronavirusga chalingani tasdiqlandi: Olmaotada 11, Nur-Sultonda 16 kishi. Koronavirusga chalingan yana bir qozog‘istonlik Germaniyada davolanmoqda.

Qozog‘istonda 16 martdan favqulodda holat rejimi amal qilmoqda, jumladan, yirik savdo ob’ektlari faoliyati cheklandi, ommaviy tadbirlar taqiqlandi, Qozog‘iston hududiga kirish va uning hududidan chiqish cheklandi. Hukumat uchrashuvlari va matbuot anjumanlari onlayn rejimda o‘tmoqda.

Qozog‘istonda favqulodda vaziyat tartibi amalda bo‘lgan paytda Juma va boshqa namozlar masjidlarda o‘qilmaydi. Janoza namozi esa faqat yaqin qarindoshlar ishtirokida o‘qiladi. Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi 16 mart kuni ma’lumot tarqatdi.

“Mamlakatda favqulodda vaziyat e’lon qilingani munosabati bilan hamda kasallik tarqalish xavfi yuqori bo‘lgani sababli masjidlarda Juma namozi o‘qilishi vaqtincha to‘xtatiladi”, deyilgan diniy idora xabarnomasida. Juma namozi o‘rniga uyda peshin namozi o‘qish tavsiya qilingan.

Idora masjidlar yopilmasligi, ularda azon aytilishi, biroq masjid ichida namoz o‘qilmasligini bildirgan.

Qozog‘iston hukumati koronavirus tarqalishiga qarshi kurash maqsadida 16 martdan 15 aprelgacha butun mamlakat bo‘ylab favqulodda vaziyat tartibini joriy etgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda 1641 nafar odam kasalxonalarda, 981 kishi esa o‘z uylarida karantinda tutib turilibdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jahonda koronavirus tarqala boshlaganidan beri 182 mingdan ortiq kishiga virus yuqqan, vafot etganlar soni 7 ming kishidan oshib ketdi, 80 mingga yaqin kishi sog‘aydi.