Vazir o‘qituvchilarni ta’tilga chiqardi; mahalliy tizimlar ularni ishlatish yo‘llarini qidirmoqda

16 martdan O‘zbekiston maktablari koronavirus bois yopildi.

O‘zbekistonda koronavirus tarqashi oldini olish maqsadida o‘quvchi va o‘qituvchilarga kamida ikki haftalik ta’til berildi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlarga ko‘ra¸ mahalliy hokimiyat tizimlari ta’tilga chiqarilganiga qaramay¸ o‘qituvchilarni ta’lim dasturiga aloqador bo‘lmagan ishlarga majburlamoqda.

Andijonlik o‘qituvchilarga ko‘ra¸ ular Andijonda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tashabbusi bilan tashkil etilishi belgilangan maktabdan tashqari o‘quv markazlari ochishga¸ Marg‘ilonda IIB buyrug‘i bilan tungi navbatchilikka¸ Namanganning ayrim tumanlarida esa¸ uyma-uy yurib ota-onalar bilan suhbatlashishga jalb qilinmoqda.

Bunday xabarlarga munosabat bildirishni so‘rab Xalq ta’limi vazirligi mulozimlariga Telegram orqali yuborilgan so‘rovga kun davomida javob bo‘lmadi.

“Hokimlikka o‘qituvchining ta’tilda o‘tirishi yoqmayapti”

Ozodlik bilan 18 mart kuni gaplashgan andijonlik ayrim o‘qituvchilar¸ Xalq ta’limi vaziri tomonidan ta’tilga chiqarilgan o‘qituvchilarga hokimlik vakillari topshiriq berishda davom etayotganini bildirdi.

O‘qituvchiga bevosita Xalq ta’limi vazirligi tomonidan berilayotgan topshiriqlar o‘rinli va ularga e’tirozimiz yo‘q. Lekin hokimlikning bizga beradigan topshiriqlari jonga tekkan. Bular koronavirusniyam¸ karantinniyam tushunishmayapti. Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov bu yil 11 sinfni bitiradiganlar uchun kasb-hunar o‘rgatish uchun o‘quv markazlari tuzish tashabbusi bilan chiqqan edi. Boshida¸ bu majburiy deyilmagan edi. Shu haftadan o‘qish markazlari ish boshlashi kerak edi. Izboskan hokimligi Xalq ta’limi bo‘limiga bosim qilib¸ ta’tilga chiqarilgan o‘qituvchilarni ishga chiqarish va o‘quv markazlarini tayyorlashni buyurgan. Bolalar ta’tilda¸ o‘qituvchi ta’tilda¸ atrofda karantin¸ bular hokimga bajardik¸ degan hisob berish uchun 100 foiz majburiylikka o‘tishgan"¸ deydi shaxsi sir qolishini so‘ragan izboskanlik o‘qituvchi.

IIB tungi navbatchilikni koronavirus paytida ham bekor qilmadi

Ozodlikka Marg‘ilondan bog‘langan o‘qituvchilardan biri¸ tuman IIB bosimi ostida o‘qituvchilar tungi navbatchilikka majburlanayotganini xabar qildi.

Mustaqillik¸ Yangi yil va Navro‘z paytida tungi navbatchilik degan narsa Karimov davridan beri bor. Farg‘onaning boshqa tumanlaridagi hamkasblarim bilan gaplashsam¸ ular bu narsaning koronavirus uchun to‘xtatilganini bildirdi. Lekin Marg‘ilon IIB shahardagi 30 dan oshiq maktabning ta’tilga chiqarilgan o‘qituvchilariga navbatchilik qilasan¸ deyapti. Ikki haftalik grafik tuzilgan¸ o‘sha bo‘yicha davom etadi¸ deyilyapti. Maktabda na o‘quvchi¸ na o‘qituvchi bo‘lmasa¸ qorovul bo‘lsa¸ yana ta’tildagi o‘qituvchini tunda maktab qo‘riqlatishda qanday mantiq borligini bilolmayapmiz”¸ deydi marg‘ilonlik o‘qituvchi.

Ozodlik Marg‘ilon shahar IIB bilan 18 mart kuni bog‘lana olmadi.

Koronavirusga qaramay¸ o‘qituvchilar uyma-uy yurdi

Ozodlikka Toshkent va Namangandan bog‘langan o‘qituvchilar¸ 17 mart kuni o‘zlarining uyma-uy yurib¸ o‘qituvchilar va ota-onalar bilan suhbatlashib chiqqani bildirdi.

Ta’til 18 dan boshlandi¸ 17 mart o‘qituvchilarga ish kuni edi. Shunday bo‘lsada¸ koronavirus paytida sinf rahbarlarini uyma-uy yurishga majburlash noto‘g‘ri ish bo‘ldi. Shaxsan o‘zim 12 ta xonadonga kirib chiqdim. Koronavirus paytida nima qilish¸ masofaviy ta’lim haqida ota-ona va bolalarga tushuntirish berishimiz so‘raldi. Bunaqa uyma-uy yurishda kasal tarqatish yoki yuqtirish ehtimoli balandligini mahalliy rahbarlar tushunmayapti”¸ deydi namanganlik o‘qituvchi.

Internet sust rayonlarda onlayn darsi tayyorlash so‘ralmoqda

Ozodlikka o‘qituvchilarga Namangan xalq ta’limi mulozimi tomonidan tarqatilgan Telegram videoxabarini jo‘natgan boshqa bir namanganlik o‘qituvchi¸ uni mahalliy amaldorlarning favqulodda holat paytida o‘zini ko‘rsatish uchun "qog‘ozbozlik poygasiga berilgan start"i deb baholadi.

"Onlayn dars tayyorlab, kanalga joylab, skrinshot qilib, pechat qilib olib borilmoqda. Xalq ta’limi vazirligi umumiy bitta darslik tayyorlagani erinyaptimi bilmayman. Internet zo‘r bo‘lsa onlayn dars o‘tsa bo‘ladi. Internet juda pastku! Qishloq joylarda hammadayam internet yo‘q¸ Telegram yo‘q. Videoda viloyat ta’lim mutasaddisi, shu tartibda ishlanglar deyapti tumandagi metod rahbarlariga. Qilgan ishingni to‘plam qilib chiqarib kel deydi. Yana QOG‘OZBOZLIK¸ KARANTIN PAYTIDA. Bu yerda muammo, mutaxassis bo‘lmagan odamdan video darslik tayyorlash so‘ralmoqda. Video darslik tayyorlash uchun hech bo‘lmasa ozgina ko‘nikma kerakku!” deydi Namangandan xabar yuborgan boshqa bir o‘qituvchi.

Bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekistonda “koronavirus infeksiyasining tarqalishini oldini olish va ta’lim muassasalarida sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash maqsadida” mamlakatdagi barcha umumta’lim maktab o‘quvchilari uchun 16 mart kunidan ta’til e’lon qildi.

17 mart esa, Ta’lim vaziri Sherzod Shermatov 18 martdan o‘qituvchilarning ham kamida ikki haftalik pul to‘lanadigan ta’tilga chiqishini e’lon qildi.

17 mart kungi matbuot anjumanida Shermatov¸ ta’til davomida maktablarda faqat direktorlar, ular o‘rinbosarlari, psixolog, farrosh va qorovullar ishini davom ettirishini ta’kidladi.

Vazirlik saytida e’lon qilingan rasmiy xabarda¸"istisno tariqasida, ta’lim muassasalari va tashkilotlarida navbatdan tashqari belgilanadigan ta’til kunlari har yilgi asosiy mehnat ta’tilining davomiyligini tegishli muddatga qisqartirish hisobiga qoplanishi" bildirildi.

18 mart kuni Ozodlik gaplashgan o‘qituvchilar¸ o‘zlarining hozirgi ta’til pulining 48 kunlik yozgi ta’tildan chegirib qolinishidan ogohlantirilayotganini ma’lum qildi.