Talabalarga stipendiya berish kechikmoqda; kontrakt pulini to‘lamaganlar o‘qishdan haydalishdan qo‘rqmoqda

Hukumat qarori bilan O‘zbekiston maktab va oliygohlari 16 martdan boshlab majburiy ta’tilga chiqarildi.

Koronavirus epidemiyasi tarqashini to‘xtatish uchun ta’tilga chiqarilgan talabalarga¸ ta’lim mutasaddilari bayonotlariga qaramay¸ stipendiya berish kechikmoqda.

Bu haqda Ozodlikka xabar qilgan talabalar¸ stipendiya berilmaganidan karantin paytida qiyin ahvolda qolganini aytdi.

Boshqa guruh talabalar esa¸ avval belgilangan muhlat - 20 martga qadar kontrakt pulini to‘lay olmaganlari uchun o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolganini bildirdi.

17 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot brifingida O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiylari talabalarga stipendiya to‘lash karantin davrida o‘zgarishsiz davom etishini ta’kidlagan edi.

Vazirlik rasmiylari ayni brifingda joriy vaziyatda kontrakt pulini o‘z vaqtida to‘lay olmaganlarga sharoit yaratib berilishini ham va’da qilgan edi.

Majburiy ta’tilda pulsiz qolgan talabalar

Jizzax Politexnika institutining ismini ochiqlamaslikni so‘ragan 1-bosqich talabasi Ozodlikka har oyning 6-7 kunida berib kelingan stipendiyaning hozirga qadar (25 mart) berilmaganini bildirdi.

Karantin davrida shu 428 ming so‘mlik stipendiyaning yo‘qligi bilinib qolyapti.

- Karantin davrida shu 428 ming so‘mlik stipendiyaning yo‘qligi bilinib qolyapti. Chunki, onam uy bekasi, mening o‘zim ham ishlab¸ ham byudjetda o‘qiyotgandim. Hozir ishlab bo‘lmaydi. Birgina men emas¸ boshqa talabalar ham stipendiya olmagan. Rektoratga aytsak, "ana beramiz, mana beramiz". Biz uchun aynan karantin payti shu stipendiya hayotmamot masalasi bo‘lib turibdi.

Ozodlikka kelayotgan xabarlardan¸ majburiy ta’til paytida stipendiyasiz qolganlar faqat jizzaxlik talabalar emasligi tushuniladi.

Andijon Davlat universitetining Ozodlikka bog‘langan talabalari ham 25 mart kunga kelib ham stipendiya berilmaganini ma’lum qildi:

- O‘tgan hafta rasmiylar televizordan chiqib¸ karantin ta’tili payti ham stipendiyalar beriladi, deb aytishdi. Lekin mana shu bugungacha stipendiya olganimiz yo‘q.

Jizzax va Andijon universitetlari rektoratining Ozodlik bog‘langan xodimlari talabalarga uyda o‘tirish buyurilgan joriy vaziyatda stipendiyalar kechikayotganini e’tirof qildi:

- Hech bir student stipendiyasiz qolmaydi. Hozir to‘lov turi o‘zgaryabdi. Kimlardir yarmini naqd yarmini kartochkaga olib kelgan bo‘lsa, hozir to‘laligicha kartochkalariga tushirib beriladi. Shuning uchun ozgina kechikish bo‘lyabdi, bu muammo hal bo‘ladi, - dedi Jizzax Politexnika institutining Ozodlik gaplashgan mutasaddilaridan biri.

Karantin davrida kontrakt pulini to‘lamaganlar o‘qishdan haydaladimi?

Koronavirus yoyilishini to‘xtatish maqsadida O‘zbekiston bo‘ylab keskin cheklovlar joriy etilgan ayni kunlarda Ozodlikka bog‘langan boshqa bir guruh talabalar¸ kontrakt pulini to‘lamaganning o‘qishdan haydalish xavfi ostida qolganini aytmoqda:

Stipendiyalar kechikyapti, lekin kontrakt puliga kelganda 20 martgacha to‘lamaganlar otchisleniya bo‘ladi, deyishyapti.

- Stipendiyalar kechikyapti, lekin kontrakt puliga kelganda 20 martgacha to‘lamaganlar otchisleniya bo‘ladi, deyishyapti. O‘qish 17 martdan taqa-taq to‘xtadi. Qachon boshlanishi noma’lum. Hozir karantin sabab oilaviy sharoitimiz ham og‘irlashib qoldi. Dekanimiz to‘lamaganlar haydaladi, deyapti. To‘lov muddatini uzaytirishsa yaxshi bo‘lar edi, - dedi Ozodlikka bog‘langan Urganch Davlat universitetining ismi ochiqlanmasligini istagan 1-bosqich talabasi.

Ozodlik talabaning bu iddaosi yuzasidan Urganch Davlat universiteti rahbariyatidan izoh ololmadi.

Telegramdagi "Farg‘onaliklar" guruhida 20 martgacha kontrakt pulini to‘lay olmagan ayrim talabalar to‘lov uchun yana bir muddat berilishini so‘rab chiqishgan.

2019 yil dekabriga qadar to‘lanishi lozim bo‘lgan kontrakt pulini 20 martgacha ham to‘lay olmaganlar¸ Ozodlik gaplashgan Farg‘ona Politexnika instituti 1-kurs talabasining aytishicha¸ koronavirus epidemiyasi davrida yanada og‘ir ahvolga tushgan:

- Dekabrgacha to‘lashga imkonimiz yo‘q edi. Shunga 20 martgacha muhlat berishgandi. Qarz olib to‘laymiz¸ deb turuvdik, koronavirus chiqib qolib¸ ahvolimiz battar yomonlashdi. Birgina men emas¸ boshqa kursdoshlarim ham to‘lov muddati uzaytirilishiga umidvor bo‘lib turishibdi hozir.

O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari Uzoqboy Begimqulov 17 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan brifingda "koronavirus pandemiyasi bois kontrakt to‘lovlarini to‘lashga qurbim yetmaydi"¸ degan murojaat bo‘lmaganini bildirgan edi.

"O‘zi shundoq ham bu muddat istisno tariqasida 2019 yil sentabr oyidan beri muntazam ravishda darslarga qatnab turgan, ayrim sabablarga ko‘ra kontrakt pulini 2019 yil 31 dekabrgacha to‘lay olmagan abiturientlar uchun imkoniyat sifatida berilgan edi. Hozirgacha 20 martga qadar to‘lay olmaganlik va muddatni uzaytirish haqida hech qanday murojaat kelib tushmadi. Agar 1 kurs talabalaridan shunday murojaat bo‘lgan taqdirda, ushbu masala Davlat qabul komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqiladi", - degan edi Begimqulov.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini istagan rasmiysi 25 mart kuni Ozodlik bilan suhbatda¸ joriy vaziyatda kontrakt pulini to‘lay olmaganlarga yana bir marta muhlat berilishini aytdi:

- Kontrakt pulini to‘lashga yana bir imkoniyat beriladi. Hozir hamma qiyin vaziyatda qolgan, tushunamiz. Ta’til tugaganidan so‘ng ma’lum qilamiz, - dedi vazirlik rasmiysi.

Ayni paytda ikki haftaga deb aytilgan majburiy ta’tilning qachongacha cho‘zilishi mavhumligicha qolmoqda.

- Hozir hech kim hech narsa bilmaydi. Agar karantin ta’tili cho‘ziladigan bo‘lsa o‘rni yozgi ta’til hisobidan to‘ldirilishi mumkin, - dedi O‘zbekiston Oliy va o‘rta ta’lim vazirligi rasmiysi.

O‘zbekistonda Internet tezligining pastligi¸ tuman va qishloqlarda esa¸ Internetga muntazam ulanish imkoni yo‘qligi sabab o‘rta va oliy ta’limni pandemiya davrida¸ rivojlangan davlatlardagi kabi¸ onlayn rejimiga o‘tkazish rejasi yo‘q.

Butun dunyo¸ xususan¸ O‘zbekistonda yoyilib borayotgan koronavirus pandemiyasi sizning hayotingizga qanday ta’sir qilmoqda? Bu haqdagi xabar va ma’lumotlarni¸ surat va videolarni Ozodlikning @ozodnews Telegram kanaliga yuboring.