OzodTa’sir: Madaniyat vazirligi qarori hokim Ortiqxo‘jayevning uy buzish haqidagi qarorini bekor qildi

Bobur ko‘chasidagi 7 uy

Toshkent shahri, Bobur ko‘chasidagi ikki qavatli bino 7 aprel kuni Madaniyat vazirligi tarafidan madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olindi. Bu haqda Ozodlikka Madaniyat vazirligi vakili bildirdi.

“Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi ilmiy metodik kengashining Bobur ko‘chasi, 7 uyni me’moriy obida sifatida saqlab qolish bo‘yicha xulosasini tasdiqladi. Bino Madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatiga kiritilgani bois, uni buzish haqidagi hokim qarori o‘z kuchiini yo‘qotdi”, deb bildirdi Ozodlik bilan suhbatda vazirlik vakili.

Ozodlik bundan bir hafta oldin tarixiy binoning “korrupsiya sxemasi asosida buzilib o‘rniga ko‘p qavatli uy qurilishi” bois yuzaga kelgan havotirlar borasida maqola e’lon qilgan edi.

Buzish qarorini Ortiqxo‘jayev imzolagan edi

Poytaxtning Yakkasaroy tuman, Bobur ko‘chasidagi qariyb 100 yillik binoni buzib, uning o‘rnini «Universal Packing Masters»ga («Murad Buildings» shirkati savdo belgisi) berish haqida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 yil oktabrida qaror chiqargan edi.

Madaniyat vazirligining bu uy tarixidan yaxshi xabardor mulozimi Ozodlikka 1550-sonli qaror chiqarilishidan oldin mazkur binoning "tushunarsiz tarz"da Madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatidan chiqarilganini bildirgan edi.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligining Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy ishlab chiqarish Bosh boshqarmasi joriy yil martida binoning tarixiy-me’moriy ahamiyatga ega ekanligi bo‘yicha o‘tgan xafta Ozodlikka o‘z fikrlarini bildirgan edi

Ushbu boshqarma taqdim qilgan ma’lumotnomada yozilishicha¸ bino 20- asrdagi ulug‘ rus-sovet arxitektori Aleksey Shchusev (1873 -1949 ) tomonidan loyihalashtirilgan.

Konstruktivizm oqimining yirik vakili bo‘lgan Shchusev Moskvadagi Lenin maqbarasi¸ Qozon vokzali va Toshkentdagi Navoiy nomidagi opera va balet teatri binosi loyihalari muallifidir.

O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Ozodlikka taqdim qilgan hujjatda “konstruktivizm usulida ortiqcha bezaklardan holi bunyod etilgan va mashhur me’morning Toshkentda loyihalashtirgan oz sonli asarlaridan biri bo‘lgan bino, noma’lum sababga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining 697-sonli qarori bilan tasdiqlangan madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatining 3-ilovasiga binoan¸ ro‘yxatdan chiqarilgani” aytilgan edi.

Ozodlik bilan shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab gaplashgan vazirlikning ayni sohaga mas’ul vakili “binoning madaniy meros ro‘yxatidan chiqarilishiga hech qanday jiddiy asos bo‘lmagan”ini aytgan edi.

- Bino ikki qavatli. Pishiq g‘ishtdan qurilgan. Shiftlari baland. Zilzilaga bardoshli¸ 1966 yilgi zilzilada shikastlanmagan. Binoning 1935 yilgi dekor va uslubi o‘zgarmagan. Bino avariya holatida ham emas. Ushbu bino sobiq Nizomiy nomli (hozir Navoiy nomli adabiyot universiteti) pedagogika instituti me’moriy ansamblining bir qismi sifatida va shahar qiyofasini belgilovchi estetik unsur sifatida ham qadrli.

Mulozimning aytishicha¸ “bino shahar hokimi va «Murad Buildings» shirkati changalidan so‘nggi minutda qutqarib qolingan”.

G‘alaba

Toshkentlik me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev binoning qutqarilishini "shahar madaniy jamoatchiligining hokim Jahongir Ortiqxo‘jayev volyuntarizmi ustidan g‘alabasi" deb atadi.

- Ortiqxo‘jayev va «Murad Buildings» tandemi olma ichidagi qurt kabi Toshkent qiyofasini belgilovchi qator binolardan bizni mosuvo qildi. Masalan¸ “Dom kino”ni buzib¸ o‘rniga dom qurib sotishdi. Sxema oddiy. Avvaliga bino madaniy meros ro‘yxatidan chiqariladi. Keyin hokim qaror chiqaradi. «Murad Buildings» kelib ko‘p qavatli bino qurib sotadi. Shu tariqa qarichma-qarich Toshkent markazidagi tarixiy binolar joylashgan yerlar shubhali developerlarga hech qanday tendersiz o‘tib ketadi.

Bunday tanqidiga dalil sifatida Turdiyev nusxasi Ozodlikka yuborilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev imzolagan 1550-sonli qarorni tilga oladi.

- Qarorda “o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra”¸ degan jumla yo‘q. Buning o‘rniga “Vazirlar Mahkamasining 01-05-121-1 sonli bayonnomasiga asosan¸ Bobur ko‘chasidagi 7-uy buzilib, o‘rni «Universal Packing Masters» shirkatiga ko‘p qavatli bino qurish uchun ajratib berilsin"¸ deyiladi. Nega aynan bu shirkat? Nega boshqasi emas¸ degan savol tug‘iladi. Toshkentni qarich-qarich bo‘lib sotish uchun bayonnomalar berayotgan Vazirlar Mahkamasidagi mulozim kim¸ degan savol ham bor. Ortiqxo‘jayev va "Murad Buildings»dan yuqorida turadigan mulozimlar ham e’tiroz nishonida bo‘lishi kerak. Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin “shahar markazini shubhali developerlarga sotish” biznesi urchidi.

Tarix kashshoflari yashagan uy

Me’mor va san’atshunos Turdiev Bobur ko‘chasidagi 7-uyda ulug‘ arxeolog Vasiliy Shishkin (1894-1966) yashab¸ ijod qilganligining o‘zigina "binoni buzmaslik uchun asos bo‘la oladi" deb hisoblaydi.

- Vasiliy Afanasyevich bois dunyo Samarqanddagi Afrosiyob freskalari borligidan voqif bo‘ldi. Bugun "mana qadim tariximiz" deb ko‘ksiga mushtlayotgan amaldorlar bu tarixni kim tuproq tagidan qazib topganini biladimi o‘zi? Vasiliy Afanasyevich qadim Varaxsha shahri qoldiqlarini topgan va Ulug‘bek rasadxonasi qazishmalarida ishtirok etgan. Qadim Buxoroning me’moriy xaritasini chizib¸ shaharni vandallardan himoya qilgan ham Vasiliy Afanasyevich Shishkin domla edi. Shu odam yashagan uyni buzib¸ o‘rniga ko‘p qavatli bino qurib boyimoqchi bo‘lgan amaldorga STOP! deyilganidan mamnunman.